
Millatlar Ligasi. Angliya - Belgiya: Prevyu
UEFA Millatlar Ligasi A ligasining 2-guruhida sentyabr oyida qiziqarli bellashuvlar bo‘lib o‘tdi. Dastlab, Angliya Islandiyani minimal hisobda engdi. Parallel uchrashuvda Belgiya Daniyadan 2:0 hisobida ustun keldi. Skandinaviyaliklar kelgusi turda “uch sherlar” bilan nursiz durangga imzo chekdi. Belgiyalik “qizil iblislar” Islandiya darvozasiga naqd 5 ta gol urdi, tog‘liklar esa 1 marotaba javob qaytarishga erishdi.
Guruhdagi vaziyat jihatidan Islandiyaga havas qilib bo‘lmaydi. Sentyabrdagi turnirga etakchilarsiz tashrif buyurgan jamoa o‘ta sust futbol namoyish etdi va ularni bemalol ikkala mag‘lubiyatga ham loyiq, desak bo‘ladi. Daniya esa, har ikkala o‘yinda ham guruh favoritlariga etarlicha qiyinchilik tug‘dirdi. Birinchi bahsda belgiyaliklar tezkor gol orqali hisobda oldinga chiqib oldi. Oldinga o‘tishga majbur bo‘lgan daniyaliklar o‘yin yakuni arafasida charchab qolishdi. Uyushtirilgan hujumlar samara bermagani etmagandek, ikkinchi gol ham o‘tkazib yuborildi.
Sautgeyt shogirdlari namoyish etayotgan o‘yinni ham oqlab bo‘lmaydi. Individual mahoratgina ularga Islandiya ustidan g‘alaba keltirdi. Daniyaga esa, bu “hunarlari” o‘tmadi. O‘sha paytda sodir bo‘lgan Grinvud va Foden bilan bog‘liq sharmandali voqealar jamoa ruhiyatiga ham ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin.
G‘oliblar muhokama qilinmaydi. Belgiyaning ishlari Angliyaga qarshi o‘tadigan bugungi bahsgacha o‘z o‘rnida edi. Ularning asl kuchiga mana endi baho bera olamiz.
Angliya
Inglizlar tobora kuchayib bormoqda. Haqiqatan ham, endi ularni istalgan musobaqada favorit jamoalar qatoriga qo‘shsak bo‘ladi. Misol tariqasida, Millatlar Ligasi joriy yilgi mavsumi va 2021 yil yozida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan Evropa chempionati bellashuvlarini ko‘rsatishimiz mumkin. Millatlar Ligasining final bosqichiga yo‘l olish uchun Angliyada juda yaxshi imkoniyat mavjud. Nafaqat yakuniy to‘rtlikdan joy olish, balki unda g‘olib chiqish uchun ham Sautgeyt shogirdlarida potentsial etarli. Angliya klublari evromaydonda kuchayishi terma jamoada ham aks etmoqda va hozirgi tarkibni bemalol “oltin avlod”, deb atashimiz mumkin.
Taxminiy tarkib: Pikford, Arnold, Chiluell, Maguayr, Gomez, Rays, Xenderson, Sancho, Sterling, Grilish, Keyn.
Garet Sautgeyt: “Abraxam va Sancho bugun ertalab yaxshi mashg‘ulot o‘tkazdi, demak, hamma ertangi o‘yinga tayyor - yo‘qotishlar yo‘q. Ular bir nechta mashg‘ulotlarni o‘tkazib yubordi, bu ularning hafta davomida qayta tiklanishi uchun vaqt talab qildi. Ammo futbolchilar umumiy guruh mashg‘ulotlariga qaytdi va ishlashda davom etishi mumkin. Biz Reshfordni alohida olqishlab qo‘ydik. Uning jamoadoshlari sifatida Markusda insoniy va professionalizm tomonidan o‘sishni ko‘rmoqdamiz va u atigi 22 yoshda. Uning erishgan yutuqlaridan hayratga tushmay ilojing yo‘q”.
Belgiya
Angliyaning kuchli tarkibi haqida gapirdik, ammo Belgiyada “oltin avlod” shakllangan futbolchilar asosiga qurilgan kuchli jamoaga aylanib ulgurdi. Shunchaki, bu yulduzlar epkini o‘z darajasiga va nomiga mos natijalarni qo‘lga kirita olmadi. Millatlar Ligasi va oldinda turgan "EVRO-2020"* bahslarida guruhdagi raqiblari singari ularda ham g‘alaba qozonish uchun katta imkoniyat mavjud.
“Uch sherlar”dan farqli ravishda “qizil iblislar” ochko yo‘qotmagan. Ushbu o‘yinda g‘alaba qozongan taqdirda, ular guruh g‘olibligi uchun juda katta qadam tashlagan bo‘ladi.
Taxminiy tarkib: Kurtua, Vertongen, Denayer, Alderveyreld, Kastan, Mene, Tilemans, De Bryuyne, Mertens, Azar, Lukaku.
Roberto Martines: “Bizning guruh ancha jiddiy. Daniya va Angliya guruhdan chiqish uchun juda yaxshi imkoniyatga ega. Bu guruh taqdiri noyabrda hal bo‘ladi. So‘nggi yillarda ushbu jamoalar ulkan o‘sishga erishdi. Angliya jahon chempionatidan so‘ng ancha kuchaydi. Xalqaro miqyosda uzoq muddat murabbiylik qilish ko‘p narsani anglatadi. Sautgeyt ushbu jamoani har tarafdan kuchaytirib bormoqda”.
Xulosa o‘rnida
Yuqorida aytib o‘tganimizdek, Belgiyaning g‘alabasi amalda ko‘p jihatdan Angliyaning imkoniyatlarini pasaytirib yuboradi. Biz neytral muxlislarga guruh intrigasi uchun inglizlar g‘alabasi yoxud durang foydali bo‘lardi. Ammo futbolda kuchli taraf g‘alaba qozonavergani ma’qul.
Har ikkala jamoada ham etakchilar yig‘inga jalb qilingan. Kunning markaziy bellashuvida ulardan kuchli o‘yin kutib qolamiz.
Baxtimizga, ikkala jamoa tarkibida ham jiddiy yo‘qotishlar yo‘q va bu bizga shiddatli qarama-qarshilikni va’da qilmoqda.
*Evropa chempionati 2021 yilda o‘tkazilsa ham unga berilgan EVRO-2020 nomi saqlanib qolishi belgilandi.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar