
"Metallurg"ni ham, ispancha futbolini ham unutganman" - "Qo‘qon-1912"ga qaytganidan beri gol urayotgan Shoxnazar Norbekov suhbatda yana nimalarni aytdi?
Ikkinchi davrada “Qo‘qon-1912” jamoasiga qaytgan hujumkor futbolchi Shoxnazar Norbekov ancha samarali o‘yin ko‘rsatyapti. U ketma-ket uchta o‘yinda uchta gol urishga erishdi. Birinchi davrada “Metallurg”da 8 ta uchrashuvda faqat 1 ta gol urgandi xolos. Qo‘qonga qaytib yana “jonlandi”.
- Shoxnazar, “Qo‘qon-1912”ga qaytishingiz ajoyib kechmoqda va dastlabki 3 ta o‘yinda 3 ta gol urdingiz. Ikkinchi davrani shaxsan mana shunday ko‘rsatkichlar bilan boshlashingizni kutganmidingiz?
- Nima deyishga ham hayronman. Hech qachon shunaqa bo‘ladi, deb kutmagandim. Hammasi Allohdan. Men har doim jamoam uchun harakat qilaman. Eng asosiysi, “Qo‘qon-1912”ning yutug‘i uchun kurashaman.
- Umuman aytganda, ketma-ket duranglar bilan ikkinchi davrani boshlash, bu nima bilan bog‘liq?
- Hammasi Xudodan. Lekin barcha uchrashuvda biz g‘alabaga loyiq edik. Menimcha, biroz omad etishmadi.
- Yuqoridagi o‘yinlar jamoaga qandaydir kuch bag‘ishlashi mumkinmi?
- Davron aka Fayziev shunday murabbiyki, faqat yutishni xohlaydi. Uning futboli juda yaxshi. Futbolni zo‘r tushunadi. Duranglardan boshimizni pastga tushirganimizda boshinglarni ko‘taringlar, hali g‘alabalar oldinda, deb bizga dalda berdi. Jamoada kayfiyat yaxshi. Rahbariyat ham kayfiyatni ko‘taryapti (kuladi).
- Qo‘qonga qaytishingizni qanday qabul qildingiz? Bu siz uchun yana yangi chaqiruvmi?
- Futbol jamoaviy o‘yin. Bu erdagi jamoadoshlarim bilan xuddi bir oiladek bo‘lib ketganmiz. Bilasizmi, jamoadoshlarim ko‘zlarimga qarab qaerga ochilishimni biladilar. Shunga qarab pas uzatadilar. Shu bois ham yana shu erga qaytdim. Yana qaytaraman: “Qo‘qon-1912”da ahil oila bor. “Metallurg” klubiga kelsak, bu faqat dars bo‘ldi xolos. Nafaqat futbolda, balki hayotda hamma narsani ham pul hal qilmaydi.
- “Metallurg”da barchasi siz uchun kutilganidek bo‘lmadi, biroq “Qo‘qon-1912”ga qaytiboq sermahsullikni ko‘rsatishni boshlab yubordingiz. Ikkalasi o‘rtasida katta farq bor-a?
- Hozirda jamoalar o‘rtasida farq katta emas. Lekin sharoitlar bo‘yicha boshqa jamoalarda yaxshiroq. “Qo‘qon-1912”ga kelsak, bu erda menda ko‘proq vaziyat bo‘lyapti. “Metallurg”da 8 ta o‘yinda bitta ham imkoniyat bo‘lmagandi. “Qo‘qon-1912”da 1 ta o‘yinda 8 ta vaziyat bo‘ladi. Farqi shu.
- Davron Fayziev klubga bosh murabbiy bo‘lgach, jamoada nimani o‘zgartirdi?
- Baxtiyor aka Ashurmatov bilan unchalik katta farqi yo‘q. Aynan men uchun o‘zgartirgani ko‘proq golga chanqoq bo‘lishimiz va ko‘proq zarba berishni talab qilyapti.
- Aynan Qo‘qonga qaytganingizdan keyin jamoaning hujumdagi samaradorligi ortgani haqida eshityapmiz. “Metallurg”da yarim mavsumni yo‘qotdim, deb o‘ylaysizmi?
- “Metallurg” menga dars bo‘ldi. Men “Metallurg”ni ham, ispancha futbolini ham unutganman. “Metallurg” klubida faqat do‘st orttirdim, boshqa hech narsa emas.
- “Qo‘qon-1912” vaziyatni o‘zgartirish uchun bor kuchi bilan harakat qilyapti. Jamoaning real imkoniyati qanday?
- Turnir jadvalida o‘zimizni joyimizga qaytishimiz kerak. Tarkibdagi bunday futbolchilar bilan o‘zimizga yarashmagan o‘rinda turibmiz.
- Oldinda “Qo‘qon-1912”ni O‘zbekiston Kubogida safarda “Qizilqum”ga qarshi o‘yin kutyapti. Bilamizki, qo‘qonliklar asosiy e’tiborini chempionatda mavqeini tiklashga qaratgan yoki Kubokda ham nimanidir ko‘zlayapsizlarmi?
- Kubok – statusga ko‘tarilish uchun eng qisqa yo‘l. Baxtiyor aka Ashurmatov yutqazishni juda yomon ko‘rardi. Davron aka Fayziev ham xuddi shunaqa. Bosh murabbiy jamoani g‘alaba uchun tayyorlayapti. “Qo‘qon-1912” har bir uchrashuvda faqat g‘alaba uchun o‘ynaydi. O‘tgan yili yarim finalgacha kelgandik va o‘shanda “Paxtakor”ga duch keldik. Bu safar endi finalgacha harakat qilamiz. “Qizilqum” jiddiy jamoa. Biz shunga yarasha tayyorgarlik ko‘ryapmiz.
- Chempionat oxirigacha yana nechta gol urmoqchisiz?
- Ko‘z tegmasin, qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi.
- Qo‘qonlik muxlislarga qanday gapingiz bor?
- Qo‘qonda futbolni sevishadi. Stadionda qancha muxlis ko‘p bo‘lsa, shuncha mazza qilib o‘ynaymiz. Muxlislarning qo‘llab-quvvatlayotganlari uchun rahmat. Barchasini stadionga chorlaymiz, ularni xursand qilishga harakat qilamiz.
Fikrlar