
"Men kutgan narsalarimdan ko‘prog‘ini ko‘rdim" - OFK vakili "Andijon"ning OChLga tayyorgarligi haqida
“Andijon” klubining 2025 yilda OChL 2 da ishtirok etishi munosabati bilan OFK rasmiysi qatarlik mutaxassis Rashid Al Dossarining Andijonga tashrifi hamda stadionni ko‘zdan kechirgani haqida ma’lumot berib o‘tdik. Tashrifning yakunida “Andijon” matbuot xizmati Rashid Al Dossaridan intervyu oldi.
- Janob Al Dossari, siz ilk bor Andijonga tashrif buyurdingiz. Bu erda o‘zingiz istagan barchasini ko‘zdan kechirdingiz. Ayting-chi, tashrifdan avval qanday fikrda edingiz va endi taassurotlar qanday?
- Ishoning, men birinchi marta Andijonga kelyapman va bu erda ko‘rganlarimdan hayratdaman. Shahar ham, stadion ham menga yoqdi. Chunki men kutgan narsalarimdan ko‘prog‘ini ko‘rdim. Eng muhimi, mavjud kamchiliklarni vaqtida bartaraf etilsa, klub rahbariyati menga bergan va’dalarini bajarishsa, jamoa va stadion Osiyo Chempionlar ligasiga tayyor bo‘ladi. Rosti, stadionni hozirgi holati ham yaxshi darajada. Albatta, xalqaro darajaga olib chiqish uchun biroz qilinishi kerak bo‘lgan ishlar mavjud. Bu borada rahbariyatni aniq rejasi bor. Bu to‘liq bajarilsa ishonchim komilki, bemalol OChL o‘yinlarini o‘tkazadi.
- “Andijon” O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritish orqali OChLga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi va unda debyut mavsumini o‘tkazadi. Bunday nufuzli musobaqada ishlarni har tomonlama to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish uchun mutaxassis sifatida qanday maslahat bera olasiz?
- O‘ylashimcha, o‘zgarishlar maydonda ham, maydondan tashqarida ham bo‘lishi kerak. Xalqaro tajribaga ega bo‘lgan o‘zbek va xorijlik futbolchilarni jalb qilish lozim. Agar “Andijon” klubi Osiyo Chempionlar ligasida har yili qatnashmoqchi va o‘sishga erishmoqchi bo‘lsa, boya aytganimdek, maydonda ham, maydon tashqarisida ham tajribali mutaxassislar bo‘lishi kerak. Yaxshi o‘yinchilarni o‘ynatish uchun yaxshi murabbiylar kerak va o‘ylashimcha, bu sizlarda bor.
- “Andijon” fan-klubi O‘zbekistonda birinchi raqamli. Ishonamizki, jamoaning OChLdagi har bir ishtiroki fantastik muhitda o‘tadi. O‘z navbatida bu OFKning o‘zi uchun ham juda yoqimli kechadi va OChL musobaqasini bezab beradi. Bungacha klub va muxlislarimiz haqida nimalarni bilardingiz?
- To‘g‘risini aytsam, ko‘p ma’lumotim bo‘lmagan. Lekin men “Andijon”ning muxlislari haqida eshitganman. Ularning juda mashhurligidan xabardorman. Bilishimcha, ular o‘yinlarni maksimal darajada o‘zida qabul qilib, mana shunday muhitni his qilishlari uchun ham rahbariyat shunga yarasha harakat qilyapti. Ammo ba’zida shunday bo‘ladiki, ishqibozlar o‘z klubini xaddan ortiq yaxshi ko‘rganidan qizishib ketadilar va kerak bo‘lmagan ishlarga qo‘l urishlari mumkin. Oldin muxlislar tomonidan ayrim kamchiliklar bo‘lgan. Shularni o‘rganib chiqib, xulosa qilishlari lozim. Yana shuni bilamanki, har bir jamoa muxlislarining etakchisi bo‘ladi. U esa tartib-intizomni yaxshi o‘zlashtirib, qolganlarga ham tushuntirish ishlarini olib borib, klubga zarar etkazmagan holda qo‘llab-quvvatlash darkor.
- Bu borada hammasi ko‘ngildagidek. Fan-klub etakchisi va muxlislar hamma vaqt tartib-intizomga amal qiladilar. Bizning ishqibozlar nihoyatda madaniyatli va faol.
- Bu juda yaxshi. Meni maslahatim bir yillik OChL bilan qoniqmanglar. Yanada ishlab, shu darajani ushlab, har yili Osiyo maydonlarida ishtirok etishinglarga tilakdoshman. Iloji bo‘lsa, “Andijon” jamoasining OChLdagi birinchi uy uchrashuviga o‘zim komissar bo‘lib kelishga harakat qilaman.
Fikrlar