Madridni ko‘zlayotgan Toshev O‘zbekiston bilan o‘yinni bir yildan beri kutyaptimi?

  • 10 iyun, 2020, 21:52
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

So‘nggi yillarda Tojikiston futboli sezilarli darajada o‘sib borayotgani tez-tez tilga olinmoqda. Bunga esa bir qancha misollarni keltirish mumkin. Biz uchun e’tiborlisi shundaki, mamlakat milliy terma jamoasini hamyurtimiz Usmon Toshev boshqarib kelmoqda.

Tecno

Muxlislarimiz esa uni juda yaxshi bilishadi. Qolaversa, uning qo‘shni yurtda olib borayotgan faoliyati yuzasidan saytimiz orqali ham bir necha bor xabarlar va maqolalar berdik. Chunki bunga doim qandaydir sabablar paydo bo‘laveradi.

Xabaringiz bo‘lsa, oxirgi kunlarda Tojikiston bilan O‘zbekiston terma jamoalari o‘rtasida o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazish borasida xabarlar keng tarqaldi.

Usmon Toshev esa bizning bu boradagi murojaatimizga ham e’tibor qaratdi va vaziyatga oydinlik kiritdi. 

-  Tojikistonda ham milliy chempionat o‘yinlari yana boshlanayotganligi munosabati bilan ishimiz juda ko‘p. Federatsiyadagi ayrim bo‘limlarga yordam beryapman. Shuning uchun vaqtim tig‘iz bo‘lib qoldi. Aksiga olib, siz bilan muloqotga kirishganimda vaqtim bemalol bo‘lishi lozim.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bilan o‘rtoqlik  uchrashuviga kelsak, haqiqatan ham Vadim Abramov bilan yaqin do‘stmiz. Futboldan tashqarida ham u bilan munosabatlarimiz juda iliq. Albatta, O‘zbekiston hamda Tojikiston terma jamoalari ishtirokida o‘rtoqlik o‘yinini tashkil etish bo‘yicha gaplashyapmiz. Hozircha, bellashuvning muddatini hal qilib olishga harakat qilyapmiz. Faqat sentyabr oyida FIFA kunlari bor. Ana shunda barcha o‘yinchilarimizni, legionerlarimizni ham yig‘ishga haqqimiz bor. Boshqa payt esa xorijdagi futbolchilarni klublari qo‘yib yubormasligi mumkin. Lekin biz iyul yoki avgustda ham uchrashuvni o‘tkazish yo‘llarini ko‘rib chiqyapmiz.

Mana, O‘zbekiston va Tojikiston chempionatlarining taqvimlari ham tasdiqlandi. Agar biz ushbu oyda to‘planadigan bo‘lsak, O‘zbekistonning bu oyda yig‘in o‘tkazish rejasi yo‘q. Demak, bu oyda o‘z-o‘zidan o‘rtoqlik o‘yini bo‘lmaydi. Iyulda O‘zbekiston to‘planmoqchi bo‘lsa, bizda yig‘in o‘tkazish rejasi yo‘q. Hozirda mana shunday masalalar bor va ularni ko‘rib chiqyapmiz. Albatta, agar O‘zbekiston bilan o‘ynay olsak, bu juda yaxshi bo‘lardi. Bundan muxlislarimiz ham xursand bo‘lishardi.

O‘zbekiston bilan Tojikiston bir-biriga do‘st, nafaqat futbolda, balki boshqa sohalarda ham o‘zaro hamkorliklar kuchayib boryapti. Urf-odatlarimiz ham bir. Shuningdek, ushbu o‘yinning biz uchun yana bir foydali tomoni shundaki, O‘zbekiston kuchli raqib. Qolaversa, ikkala mamlakat bir-biriga qo‘shni bo‘lgani sababli uchib borish ham yaqin. Shunday ekan, O‘zbekiston terma jamoasi bilan o‘ynasak har tomonlama yaxshi bo‘lardi.

Bundan tashqari, Qozog‘iston bilan ham o‘yin o‘tkamoqchimiz. Qirg‘iziston bilan esa o‘ynay olmaymiz. Negaki, ular bilan jahon chempionati saralash doirasida bir guruhdamiz. Lekin, men umid qilamanki, O‘zbekiston bilan uchrashuvni tashkil qila olamiz. Axir biz bu o‘yinni uyushtirish uchun bir yildan beri harakat qilib kelyapmiz. Shunchaki, bellashuv muddati rejalarimizga to‘g‘ri kelmay qolyapti.

toshev2_2

Toshev bilan bog‘liq yana bir e’tiborli jihat shunda bo‘lib turibdiki, bunga O‘zbekiston terma jamoasida ishlashi mumkinligi haqidagi xabarlar sababdir. Ammo hamyurtimiz buni tasdiqlagani yo‘q. Umuman aytganda, unga boshqa joylardan ham takliflar ko‘pligi haqida eshitib turibmiz. Shuning uchun murabbiy bizni qiziqtirgan masalaga ham javob qaytardi.

-  Ishlashni xohlaydigan murabbiyga doim taklif bo‘ladi. Bu kattami yo kichikmi, muhimi terma jamoa va klublar miqyosida chaqiruvlar bor. Agar sizning xizmatingizga boshqalar tomonidan qiziqishlar bo‘lyaptimi, u holda ishingizga befarq emaslar. Ammo meni Tojikiston futbol federatsiyasi bilan amaldagi shartnomam bor. Bu erdagi vaziyat, hurmat, e’tibor hamma-hammasi meni qoniqtiradi. Shunday ekan, mening barcha fikru-hayolim Tojikiston terma jamoasiga qaratilgan. Mana, beshinchi oydirki, uyimga ham bormasdan shu erda ishim bilan band bo‘lib yuribman. Men boshqa narsalarga chalg‘imasdan 100 foiz kuchimni berib, Tojikiston terma jamoasida ishlayapman. O‘zbekiston terma jamoasida ishlashim haqidagi xabarlarga kelsak, kuni kecha Vadim Abramovning bu borada aytgan gaplariga men ham qo‘shilaman.

Toshev garchi katta tajribaga ega bo‘lsa-da, u doimo o‘qib izlanishdan va malaka oshirishdan qochmaydi. Yaqinda esa hamyurtimizning Madridga borib, “Atletiko” klubida malakasini oshirishi kutilgandi. O‘z navbatida o‘zbekistonlik mutaxassis ushbu masalaga ham oydinlik kiritdi.

-  Albatta, nasib bo‘lsa Ispaniya klubiga boraman. Faqat pandemiya tufayli bu safarim qolib ketdi. Aslida esa may oyida bormoqchi edim. Bu borada ular bilan hammasini gaplashib, hal qilib qo‘ygandik. Lekin hali u erga borishga vaqtim bo‘ladi. Vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarib, xalqaro aviareyslar yana ochilgach, safarimni amalga oshiraman.

Siz meni bilasiz, doim o‘rganishni xohlayman. Kim nima deyishi bilan mening ishim yo‘q. Muhimi, xotirjam ravishda o‘z ishim va o‘z yo‘lim bilan yuribman.

toshev3_2

Qiziq, Usmon Toshevning “Atletiko”ga safari qanday va qay tariqa amalga osharkin? Bu borada unga kimlar yordam beryapti? Har xolda bunday katta klublarda amaliyot o‘tashning o‘zi bo‘ladimi?

-  O‘zimning aloqam bor. Istalgan mamlakatga borib, ishim yuzasidan o‘rganib kelsam bo‘ladi, - deya gapini davom ettirdi Toshev. - Hamma joyda do‘stlarimiz bor. Boz ustiga 2009 yildan beri FIFAda ishlayapman. Shuningdek, OFKdagi faoliyatim ham davom etyapti. Demak, tanishlarim ko‘p. Asosiysi, insonning o‘zida ishtiyoq kuchli bo‘lishi kerak. Men borganga yarasha shunchaki dam olish uchun emas, balki o‘z ustimda ishlab, murabbiylik sohasi bo‘yicha bilimlarimni yanada oshirmoqchiman. Kerakli savollarimga javoblar topmoqchiman. Hozirgi zamonda qaergadir borib o‘rganish borasida qiyinchilik yo‘q. Agar istagingiz bo‘lmasa, yaqin viloyatga ham bora olmaysiz.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!