
Luis Enrike finaldan keyingi mojaroni izohladi
Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati finalida "Chelsi" — PSJ (3:0) o‘yinidan so‘ng maydonda qizg‘in mojaro yuz berdi. Uchrashuv yakunida parijliklar bosh murabbiyi Luis Enrike va "Chelsi" hujumchisi Joao Pedro o‘rtasida tortishuv kelib chiqdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Enrike o‘yinda uchinchi golni urgan Pedroni to‘sib qolgan va uning tomoniga qo‘lini uzatgan. Bu harakat jarayonida murabbiy dastlab Pedroning bo‘yniga, so‘ngra yuziga urib yuborgan. Hujumchi esa erga yiqilgan.
Voqea yuzasidan fikr bildirgan Enrike shunday dedi:
"Avval u meni itardi, keyin men unga tegdim, u esa yiqildi.
O‘yindan so‘ng oldini olish mumkin bo‘lgan vaziyat yuzaga keldi. Bunday hollarda doimo bo‘lganidek, muammoni yanada chuqurlashtirib yubormaslik uchun o‘yinchilarni ajratishga harakat qildim. Vaziyatning keskinlashib ketmasligi uchun barchamiz buning oldini olishimiz kerak edi.
O‘yin juda keskin kechdi, hamma katta bosim ostida edi. Men Mareskaning o‘yinchilarni turtayotganini, boshqalarning esa uni itarayotganini ko‘rdim. Barchamiz bunday holatlardan qochishimiz lozim, shuning uchun ham men o‘yinchilarni ajratib qo‘ydim" - deya qisqa javob berdi ispaniyalik mutaxassis.
Finaldan so‘nggi ushbu voqea ijtimoiy tarmoqlarda katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Tashkilotchilar tomonidan rasmiy bayonot va ehtimoliy jazo choralari hozircha e’lon qilinmagan.
Fikrlar