
"Liverpul" "Real"ga o‘tmoqchi bo‘lgan yulduziga shartnoma taklif qildi
"Liverpul" jamoa markaziy himoyachisi Ibrohim Konatening yangi shartnomasini taqdim etdi. Mersisaydliklar frantsiyalik futbolchi shartnoma bo‘yicha joriy transfer oynasi yopilgunga qadar (1 sentyabr) bir qarorga kelishini istamoqda. Futbolchining klub bilan amaldagi kelishuvi 2026 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan. Bu haqda DaveOCKOP ijtimoiy tarmog‘idagi X sahifasida ma’lum qildi.
Manbaga ko‘ra, "qizillar" o‘tgan mavsumning katta qismida uzaytirilishi muhokama qilingan hujumchi Muhammad Saloh shartnomasi bilan bog‘liq vaziyat takrorlanishiga yo‘l qo‘ymoqchi emas.
Agar Konate transfer oynasi tugashidan oldin yangi mehnat shartnomasini imzolashga rozi bo‘lmasa, "Liverpul" kelasi yili futbolchisini tekinga yo‘qotmaslik uchun uni 35 million funt sterlingdan (40,6 million evro) ko‘proqqa sotishi mumkin.
Konate "qizillar" safida 2021 yilning yozidan buyon to‘p surib kelmoqda. Bu vaqt ichida himoyachi barcha turnirlarda 134 ta o‘yinda maydonga tushib, beshta gol va to‘rtta golli uzatmani amalga oshirdi. Transfermarkt portalida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, futbolchining bozor narxi 60 mln evroni tashkil etadi.
Fikrlar