
Legionerimiz klubi ustidan FIFAga arz qildi va shartnomani buzdi. Endi Superligaga qaytmoqchi!
33 yoshni qarshilagan Artyom Filiposyan Tailand birinchi divizionida “Muangkan Yunayted” jamoasi sharafini himoya qildi.
Kuni kecha legionerimiz yurtimizga qaytib keldi. Tajribali futbolchi bilan u erdagi faoliyati qanday kechgani, chempionatimiz darajasi, terma jamoamizning holati, keyingi faoliyatini qaerda davom ettirishi va yana boshqa muhim masalar yuzasidan muloqot qildik.
Tailanddagi faoliyati qanday kechdi?
- Boshida Tailand birinchi divizionidan menga yaxshi taklif kelib tushgandi. Avvaliga hammasi yaxshi kechdi. Oylik maoshlar vaqtida berildi, ish professional darajada yo‘lga qo‘yilgandi. Lekin chempionat davomida bizda mablag‘ masalasida muammolar bo‘ldi. Homiylar pul berishmadi, klub qiynalib qoldi. Biz 18 ta jamoa ichida 9-o‘rinda tugatdik. To‘rt oy maosh olmadik. U erdagi taassurotlar yaxshi, faqat moliyaviy tomondan muammolar yuz bergach, qaytib kelishimga to‘g‘ri keldi.
Pullarni qanday undirmoqchi?
- Endi biz FIFAga yozdik. Ushbu tashkilot orqali pullarimizni olishga harakat qilamiz. Albatta, vaziyat qanday tus olishini Xudo biladi. Biroq Tailandga borganimga nolimayman. Har doim futbolchi uchun bir tekisda bo‘lavermaydi. Men ham ko‘p yo‘lni bosib o‘tdim. Ishonamizki, FIFA biz tomonda bo‘ladi va ish haqlarimizni undirib beradi. Klub bilan tuzilgan shartnomam kelasi yilning may oyigacha edi. Ammo qarzdorlik tufayli o‘rtadagi bitimni buzishimga to‘g‘ri keldi.
Endi Tailandga qaytmaydimi?
- Albatta, yana legioner sifatida to‘p surishni xohlagan bo‘lardim. Ayniqsa, menga Tailand chempionati juda yoqdi. Har bir jamoada yaxshi saviyadagi o‘yinchilar yig‘ilgan. Ayniqsa, braziliyalik legionerlar ko‘p. Ularga qarshi to‘p surish menga yoqadi. Negaki, doim kuchli futbolchilar va klublarga qarshi o‘ynasangiz bu sizga motivatsiya beradi. Menga Tailand Superligasidan taklif bor, olti oyga shartnoma taklif qilyapti. Ammo meni buncha qisqa muddatga borib o‘ynash niyatim yo‘q. Ulardan ko‘proq muddatga mo‘ljallangan shartnoma so‘rayapman. Agar bu masala hal bo‘lmasa, keyingi yilni o‘zimizni Superligamizda boshlayman.
Bilasizmi, Tailandda o‘yinchilar uchun hamma sharoit bor. Men u erda uch yil davomida faqat futbol haqida o‘yladim xolos. Shunchaki, bu yil birinchi divizionida mablag‘ bilan bog‘liq muammoga tushib qoldik. Umumiy olib qaraganda, pul va tashkiliy tomonlama muammolar yo‘q. Shunday jamoalar bo‘ldiki, 7-8 talab o‘yinlarda yutqazgan paytlarda ham o‘yinchilarga maoshlar vaqtida berildi. Sizni u erda asosan futbol o‘ylashga vaqtingiz bo‘ladi xolos. Boshqa narsa sizni ortiqcha tashvishga solmaydi. Chunki tashkiliy ishlar juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Tailand chempionati oson, u erda to‘p surish engil deyishadi. Kim shunday o‘ylasa adashibdi.
Keyingi rejasi
- Uch yil chetda to‘p surdim. Kuni kecha O‘zbekistonga qaytib keldim, endi yangi yilgacha oilam davrasida dam olmoqchiman. Takliflar bo‘lsa, albatta ko‘rib chiqaman. Hozircha bitta jamoadan og‘zaki taklif bor. Biroq hali bu klubni murabbiylari bilan ko‘rishganim yo‘q. Shu paytgacha omadim kelgan, qolaversa, barchasiga mehnatim bilan erishib kelganman. Menga medallar uchun kurashadigan jamoalardan taklif tushsa, buni albatta ko‘rib chiqaman. Har doim klubim bilan nimadir yutishni xohlayman.
Superligamiz darajasi qanday?
- Uch yil davomida Tailanddan turib O‘zbekiston chempionatining o‘yinlarini kuzatishga harakat qildim. Qoniqarli tarafi shundaki, barcha jamoalarning maydonlari yaxshi holatda bo‘ldi. Birinchi navbatda klublarning maydonlari sifatli bo‘lishi muhim. Chetdan kelayotgan murabbiylar maydonlar yomon deb gapirishyapti. Ammo oldingi yillarga nisbatan bu borada ishlar ancha yaxshilangan. Stadionlar ham o‘zgardi, bir-biridan chiroyli va ko‘rkam.
Chempionatda “Paxtakor”ga hech kim qarshilik ko‘rsata olmadi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlar uchun esa kurash zo‘r kechdi. Yana bir jihatga ham to‘xtalmoqchiman, ilgari har bir jamoaning etakchilari bo‘lardi. Shuning uchun klublarda yaxshi saviyadagi futbolchilar ko‘proq bo‘lishini hamda raqobatbardosh klublarni ko‘payishini xohlardim. To‘g‘ri, ko‘p narsa pulga borib taqaladi. Lekin o‘ylashimcha, aksariyat futbolchilarga motivatsiya etishmayapti.
Milliy terma jamoamiz haqida
- Oldingi terma jamoamiz kuchli bo‘lgan va har bir pozitsiyada raqobat ham shunga yarasha edi. Futbolchilarning terma jamoaga chaqiruv olishlari qiyin bo‘lardi. Chunki raqobat kuchli edi. Hozirgi paytda o‘yinchilar terma jamoada o‘ynashga loyiqligini ko‘rsatishga harakat qilishyapti, faqat ular uchun oldingiga nisbatan termada to‘p surishlari osonroq. Ilgari har bir pozitsiyaning etakchilari ko‘p bo‘lardi. To‘g‘ri, o‘yinchilarimiz chetda o‘ynashyapti, ammo hammasi ham Evropada emas. Aksariyati Osiyodagi milliy chempionatlarda to‘p surishyapti. Ko‘pincha yoshlarga tayanilmoqda. Terma jamoamizning ikkita o‘yinini ko‘rdim. Srechko Katanetsga hozir baho bera olmayman, hali erta. Unga vaqt kerak. Ammo qaysi murabbiy kelishidan qat’iy nazar Iordaniya va shunga o‘xshash terma jamoalarni yutishimiz shart. Lekin biz Iordaniyaga uchta to‘p farqi bilan yutqazyapmiz. Bu terma jamoamiz va futbolchilarimiz uchun to‘g‘ri kelmaydi.
Filiposyan yana necha yil futbol o‘ynamoqchi?
- Hammasi Allohdan. Mehnat qilishdan qochmayman. Yana 5-6 yil maydonda to‘p surishga qurbim etadi. Tajribangiz oshib borgani sari futbolga qarashingiz professional darajada bo‘laveradi. Hammasi o‘zimga bog‘liq. Barchasini o‘z vaqtida bajarsam, bir necha yil o‘ynay olaman. Asosan jarohatlar pand bermasa bo‘lgani.
Bilasizmi, meni xayolim faqat futbolchilik faoliyatimga qaratilgan. Butsalarimni mixga ilganimdan keyin boshqa rejalarni o‘ylab ko‘raman. Hozir o‘yinchisiz, ammo ertaga murabbiy yoki biznesmen bo‘laman deb o‘ylab yursangiz unda futbol shu zahoti sizdan yuz o‘giradi. Bundan keyin ham qaerda o‘ynashimdan qat’iy nazar sovrinlarga erishmoqchiman.
Mavsum yakunlari bo‘yicha eng yaxshilar kimlar?
- “Nasaf” ajoyib mavsumni o‘tkazdi. O‘zbekiston Kubogini bejizga yutmadi. OFK Kubogi finaligacha bordi. Agar chempionatning oxirgi turida “Lokomotiv”ga o‘z uyida yutqazmasdan g‘alaba qozonganida 2-o‘rinni olgan bo‘lardi. Bu yilgi mavsumda eng yaxshi futbolchi so‘zsiz Dragan Cheran. Uch yildan beri to‘purar bo‘lyapti. Ikkinchi o‘ringa Norchaevni qo‘ygan bo‘lardim. “Nasaf”da to‘purarligini ko‘rsatdi. Shuningdek, “Bunyodkor”dagi Farruh Ikromovni ham aytmoqchiman. Uni “Bunyodkor”da o‘ynab yurgan paytimdan bilardim. Tezligi yaxshi, iqtidori katta. Tezroq jarohatidan qutulishini istayman. Ikromovni kelajagi porloq. Murabbiylarga kelsak, men uchun Ro‘ziqul Berdiev birinchi raqamli. “Nasaf”ni etakchilar tark etgan taqdirda ham u yosh o‘yinchilar bilan natija ko‘rsatyapti. Ikkinchi o‘rinda Ulug‘bek Baqoev. U “So‘g‘diyona” bilan tarixga kirdi. Murabbiy sifatida ham kumush medal uning birinchi sovrini. Uchinchi o‘ringa AGMK bosh murabbiyi Mirjalol Qosimovni aytgan bo‘lardim.
Fikrlar