
Legionerimiz: "Klub tomonidan menga yangi shartnoma berishmoqchi"
Indoneziyaning birinchi divizion vakili – “Pesekat” safida hamyurtimiz Mirkomil Lokaev to‘p surib kelmoqda. U erda futbolchimiz o‘zini yaxshi tomonlama ko‘rsatib kelyapti. Mavsum esa deyarli tugab qoldi. Kuni kecha legionerimiz Sports.uz uchun intervyu berdi.
- Indoneziyadagi faoliyatingizdan qanchalik qoniqyapsiz?
- Men Indoneziya futboliga juda tez moslashib ketdim. Men uchun mavsum yaxshi o‘tdi. Lekin klub oldiga qo‘yilgan maqsadga erisha olmadik.
- Bu maqsad yuqori ligaga chiqishmidi? Bunga nima sabab bo‘ldi?
- Ha, maqsadimiz yuqori ligaga chiqish edi. Bunga erisha olmaganimizga sabab balki boshqa shahardagi stadionda o‘ynaganimiz ham ta’sir qildi, deb o‘ylayman. Chunki u erdagi stadion chimi yaxshi emasdi. Jamoamiz stadioni hozir ta’mirlanyapti. Chimini almashtirishdi. Muxlislar ham futbolda katta ahamiyatga ega.
- Mirkomil, jamoa bilan tuzgan shartnomangiz tugayapti, shundaymi? Klubda qolasizmi yoki ketmoqchimisiz?
- Ha, meni klub bilan shartnomam fevral oyida tugaydi. Hozir bizda 1 tur qoldi. Klub tomonidan menga yangi shartnoma berishmoqchi. Mavsum tugaganidan so‘ng oilam bilan maslahatlashaman.
- Sir bo‘lmasa, oldingizda aniq takliflar bormi?
- Hozir asosiy e’tiborni mavsumni yaxshi tugatib olishga qaratganman. Hozircha menda aniq taklif yo‘q. Taklif bo‘lsa, menga agentim xabar qiladi.
- Indoneziyada qolish haqida o‘ylayapsizmi yoki muhitni o‘zgartirish niyatingiz bormi?
- Menga qolsa, yana Indoneziyada qolaman. Biroq oilam bilan maslahatlashaman, keyin bir qarorga kelaman. Chunki Indoneziyada sharoitlar juda yaxshi. Mamlakatda futbolni yaxshi ko‘rishadi.
- Bu erda siz ko‘nika olmayotan jihatlari ham bormi?
- Bu erning ovqatlariga ko‘nikishga qiynalyapman. Baribir o‘zbek taomlariga etadigani yo‘q.
- Siz o‘ynayotgan chempionatni pro ligamiz bilan taqqoslaganda qanday ustunlik yo kamchiliklari bor?
- Indoneziyada asosan jismoniy jihatlarga qaratiladi. Ammo bu erda ochiq futbol o‘ynashadi. Ustunligiga kelsak, sharoitlar tomonlama ustun.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar