Legionerimiz fanatlar e’tiroziga yana javob berdi

  • 23 mart, 15:05
  • Ali Ahmadxo’jayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Qozog‘iston Premer-ligasi ishtirokchisi “Turon” safida yangi mavsumda to‘rt nafar o‘zbekistonlik charm to‘p ustasi o‘ynayapti.

Turkistonliklar mavsum oldidan himoyachilar – Xurshid Muxtorov, Odiljon Abdumajidov hamda hujumkor futbolchilar – Shahboz Umarov va Behruz Asqarovni o‘z safiga qo‘shib oldi. Legionerlarimizning bari asosiy tarkib o‘yinchilari hisoblanadi.

Chempionatning dastlabki uchrashuvida “Turon” o‘z maydonida “Okjetpes”ni 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan edi. Bellashuvda hisobni ochib, ikkinchi golga assistentlik qilgan Shahboz Umarov o‘yin qahramoni bo‘ldi.

Bundan tashqari, Shahboz Umarov Qozog‘iston Premer-ligasida birinchi turning eng yaxshi futbolchisi sifatida ham e’tirof etildi.

Ikkinchi turda turkistonliklar “Aktobe” mehmoni bo‘lib, uchrashuvda 1:2 hisobida engildi. Bu bellashuv boshlanishiga bir necha soat qolganida “Turon” klubi Abilayxon Jumabek va Shahboz Umarov jarohat tufayli o‘yinda ishtirok etmasligini ma’lum qildi.

Mag‘lubiyatdan keyin “Turon” muxlislari  jamoa etakchisi hisoblangan Shahboz Umarovni jarohatni bahona qilib, muhim uchrashuvda atayin qatnashmaganlikda aybladi. Bu voqeadan keyin o‘zbek futbolchisi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida MRT tekshiruv xulosasini namoyish qilib, jarohat olgani uchrashuvdan bir necha kun avval aniqlanganini ta’kidladi.

Biroq Shahboz Umarov bu masalaga yana e’tibor qaratishiga to‘g‘ri keldi.   

- Jarohat olganingda ayrim odamlar buni bahona sifatida qabul qilib, vijdonsizlarcha har xil gap-so‘z qilishi men uchun umuman yoqimsiz holat.

Lekin ularni ayblay olmayman, chunki bunaqa narsalar meni yanada kuchliroq qiladi. Yaratgandan ularga salomatlik tilayman.

Faoliyatimda hali bunday holatlar bo‘lmagan edi. Yana takrorlanmaydi, deb umid qilaman. Bunaqa narsalar haqida boshqotirishga xohishim ham yo‘q, - dedi Shahboz Umarov.

Yangi mavsumdan endi “Turon” jamoasi sharafini himoya qilayotgan Shahboz Umarov bir necha yildan beri qo‘shni mamlakat chempionatida o‘ynab kelmoqda.

26 yoshli futbolchimiz avval “Ordabasi”da to‘p to‘pgan. Legionerimiz 2023 yil “Ordabasi”ning tarixda ilk bor mamlakat chempionligini qo‘lga kiritishiga katta hissa qo‘shgan.

“Paxtakor” tarbiyalanuvchisining professional faoliyati juda qiziq kechmoqda. “Sherlar”ning asosiy tarkibiga kira olmagan Umarov 2018 yili “OTMK” jamoasidan qo‘nim topdi va o‘sha yili olmaliqliklar o‘z tarixida ilk bor O‘zbekiston kubogiga sazovor bo‘ldi. Bu Shahbozning katta futboldagi ilk sovrini bo‘ldi.

Keyinchalik hujumkor futbolchimiz legionerlik maqomini olib, Belarus chempionatiga yo‘l oldi. Avval “Energetik-BGU”da mahorat ko‘rsatib, bir mavsumdan keyin BATEga ko‘chib o‘tdi. Aynan borisovliklar safida Shahboz Belarus kubogini qo‘lga kiritdi.

Taqdir taqozosi bilan 2022 yili “Ordabasi”ga kelgan Umarov shu yilning o‘zida Qozog‘iston kubogida zafar quchdi. Oradan bir yil o‘tib, yuqorida aytilganidek, chimkentliklar bilan chempionlikni nishonladi.

Endi legionerimiz “Turon”ning yuqori maqsadlarini amalga oshirishda jamoaga yordam berishi talab etiladi. Turkistonliklar Premer-ligadagi navbatdagi uchrashuvini 29 mart kuni amaldagi chempion “Qayrat”ga qarshi o‘tkazadi.

Husanovni 16 yoshida kim tanirdi, biz 16 yoshli futbolchini “Chelsi”ga transfer qildik!

Jahon chempionati: O‘zbeklar hammani hayratga soladi!

Shomurodovni nimalar kutyapti? Rimda Eldorning kelajagini hal qilishyapti!

Legionerimiz – “Real”ga gol urib ham ishsiz qolish mumkin...

Husanovga yaxshi yangiliklar...

Shomurodov Raneridan muhim xabar kutyapti!

Shomurodov aybini yuvishga tayyor!

Gvardiola Husanovdan nimalar kutyapti?

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!