
Kubok uchun kurashni guruh bosqichidayoq qizdirayotgan jamoalar yoxud 2-turda yana katta o‘yinlar
Bugundan O‘zbekiston Kubogining 2-tur uchrashuvlariga start beriladi. Aprel oyida aynan Kubokning guruh bahslari tugatib olinadi. Shuning uchun hozirda Superliga, pro liga va birinchi liga klublari asosiy e’tiborlarini aynan ushbu musobaqaga qaratishgan.
Ta’kidlash kerakki, 1-turdan keyin bir qator jamoalar uchun 2-tur hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lib qoldi. Chunki g‘alaba qozongan va mag‘lubiyatga uchraganlar ushbu turda yana shunday natijalarni takrorlasa kimdir muddatidan oldin keyingi bosqichga chiqadi, yana kimdir guruhda qolib ketishi aniq bo‘lib qoladi.
2-turda hammasi bo‘lib 16 ta bellashuv o‘tkaziladi. Uchrashuvlar 19-26 aprel kunlari mobaynida bo‘lib o‘tadi. Tabiiyki, bu safar ham markaziy o‘yinlar “N” guruhi jamoalari ishtirokida bo‘ladi. Namanganda vodiy derbisi doirasida “Navbahor” “Andijon”ni qabul qilsa, Jizzaxda “Dinamo” “Nasaf” bilan kuch sinashadi. Aynan ushbu klublar 1-turda ham o‘z o‘yinlari bilan barchaning e’tiborini o‘zlariga qarata oldilar va uchrashuvlar ham shunga yarasha juda qiziqarli va shiddatli tarzda kechdi. Lekin aynan markaziy o‘yinlarda hakamlarning xatolarga yo‘l qo‘yganligi O‘zbekiston futbol hakamlari markazi tomonidan faktlari bilan asoslanib aytildi.
Ya’ni, 1-turdagi 4 ta uchrashuvda hakamlarning kamchiliklari aniqlandi. Ularning ikkitasi aynan “N” guruhi jamoalari ishtirokidagi bahslar edi. Shundan kelib chiqib, 2-turning 3 ta o‘yinida VAR tizimidan foydalaniladigan bo‘ldi. “N” guruhidagi har bir bahs markaziy maqomida va asosiy e’tibor ham shu erga qaratilgan. Natijada “Navbahor” – “Andijon” hamda “Dinamo” – “Nasaf” uchrashuvlarida VAR ishlaydigan bo‘ldi. Bundan tashqari, “I” guruhidan o‘rin olgan “Paxtakor” va “Qo‘qon-1912” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvda ham VARdan foydalanish rejalashtirilgan.
Rosti, qolgan o‘yinlarga qiziqish unchalik yuqori bo‘lmadi. Ko‘ramiz, 2-turdagi juftliklar qanchalik e’tiborni o‘zlariga qarata olisharkin? Balki Superliga klublari joy olgan “N” guruhi fonida boshqa uchrashuvlar unchalik ko‘zga tashlanmayotgandir. Shunday guruhlar borki, ularda pro liga va birinchi liga klublari joylashib qolishgan. Baribir asosiy jamoalar ishtirokidagi bahslar ancha keskin va markaziy maqomdagi nomni to‘la-to‘kis oqlamoqda. Bu safar ham shunday bo‘lishi aniq.
21 aprel kungi uchrashuvlarga e’tibor yuqori. Aynan “N” guruhi jamoalari Superliga darajasidan qolishmaydigan o‘yinlarni taqdim etishayotgani quvonarli. Babayan jamoasi Qarshida yutib keldi, agar bu turda yana g‘alabaga erishsa keyingi bosqich masalasini hal qilgan bo‘ladi. Ammo buning uchun Superliga karvonboshisi bo‘lib turgan “Andijon”ni engishi shart. O‘z navbatida “Burgutlar”ning ham maqsadi keyingi bosqichga chiqish va bunga yarasha ularni ham g‘alabadan boshqasi qoniqtirmaydi. “Dinamo” esa Andijondagi o‘yini bilan salohiyati yuqoriligini ko‘rsatib qo‘ydi. “Nasaf” o‘z maydonidagi mag‘lubiyatdan keyin 2-turda albatta uch ochkoni qo‘lga kiritish uchun kurashadi. Demak, bu erda ham o‘yinning harorati baland bo‘ladi. Oldinda turgan katta o‘yinlarga qiziqish chindan ham katta.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar