Klopp o‘rniga Jerrard?!

  • 21 mart, 2021, 19:00
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

SPORTS.uz Angliya futbol afsonasining murabbiylik sohasida erishgan yutuqlari haqida fikr yuritadi.

Tecno

Yangi davr

fafa2

Jerrard deganda barchaning hayoliga “Liverpul” afsonasi kelishi aniq, ammo vaqt oqar suvdek o‘tmoqda. Stiven allaqachon kuchli mutaxassis bo‘lib etishgan. Mana 4 yildirki, u murabbiylik sohasida faoliyat olib bormoqda. Qahramonimiz faoliyatini “Liverpul”ning yoshlar jamoasida boshlagan bo‘lsa-da, keyinroq Shotlandiyaga ko‘chib ketishga qaror qildi.

2018 yilda Glazgoning “Reynjers” jamoasiga bosh murabbiyi etib tayinlandi. Ko‘plab muxlislar uning imkoniyatlariga past baho bergani rost.

O‘zining yangi ish joyida Jerrard tezda barchaning e’tiborini qozondi. U kelgach, “Reyjers” 6 yil deganda ilk bor “Seltik” bilan derbida g‘alaba qozondi. Qisqa fursat ichida Stiven o‘z jamoasining Shotlandiyadagi ikkinchi jamoaga aylantirdi. 2010 yildan beri ilk bor Evropa Ligasining guruh bahslarida ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.

Eng muhimi shundaki, Jerrard Shotlandiya chempionatiga intrigani qaytarib berdi. Ushbu statistik ma’lumotlarga e’tibor qarating:

• Hozirda Glazgo jamoasi “Seltik”dan 20 ochkoga ilgarilab ketgan. Bunaqasi so‘nggi ikki yil ichida aynan “Seltik” tomonidan namoyish etilgan edi.

• “Reynjers” bu mavsum chempionatda mag‘lubiyatsiz seriyani namoyish etmoqda. 32 o‘yinda atigi 4 bor klub murosa ko‘chasini tanlagan. O‘z uyidagi barcha o‘yinlarda 3 ochko qo‘lga kiritilgan.

• Hozirda, chempionatdagi eng ko‘p golni aynan Jerrard shogirdlari kiritgan. 77 aniq zarba bergani etmagandek, “Reyjers” gol o‘tkazib yubormaslik bobida ham maqtana oladi. Butun mavsum davomida atigi 9 bor klub darvozasi ishg‘ol qilingan.

• “Reynjers” klubi so‘nggi 10 yil ichida ilk bor chempionlikni qo‘lga kiritdi. Bundan bir necha yil avval klub bankrot, deb e’lon qilingan edi.

• Bu “Reynjers” uchun yubiley 55-chempionlik sanaladi. Shu kunga qadar birorta klub o‘z chempionatida bu qadar ko‘p g‘olib chiqmagan.

• Bu Stivenning murabbiylik faoliyatidagi ilk sovrin sanaladi.

“Reyjers” fanatlari qanchalar istamasin, pandemiya sababli chempionlikni nishonlashning imkoni bo‘lmadi. Shunday bo‘lsada, Jerrard muxlislar bilan bir necha soniyaga bo‘lsada, xursandchiligini baham ko‘rdi. Ertasi kuni Stiven klub rasmiy sayti orqali barchadan uyida chempionlikni nishonlashini iltimos qildi. Albatta, hech kim uning so‘zlariga quloq solmadi.

“Liverpul”da uni ko‘rmaymiz?!

fafa12

Murabbiylik faoliyatini yorqin g‘alaba bilan boshlagach, ko‘plab mersisaydliklar Jerrardni ortga qaytarish haqida fikr bildirishni boshladi. Bu shovqinga “Enfild” afsonasi – Jeymi Karrager ham qo‘shildi. Futbolchi sobiq jamoadoshini yana “Liverpul”da ko‘rmoqchi ekanligini aytdi. Ko‘p o‘tmay “Liverpul” rasman Yurgen Kloppni ishdan olmasligini e’lon qildi. Klub nemis mutaxassisiga har qanday holatda ham ishlash uchun to‘liq imkoniyat yaratib bermoqchi.

Yaqindagina Yoaxim Lyovning Germaniya postini topshirishi haqidagi ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Ushbu xabar omma yuzini ko‘rgach, barcha Yurgen Kloppning "Bundestim" tepasiga kelishi haqida fikr bildira boshladi. Murabbiy esa, o‘z vaqtda bu mish-mishlarga nuqta qo‘ydi.

“Men yozda yoki kuzda ham terma jamoa boshqaruvini qo‘limga olmayman. Hozirda “Liverpul” bilan 3 yillik shartnomaga egaman. Shunday ekan, bor e’tiborimni klub ishlariga qaratmoqchiman”.

Stiven Jerrardning o‘zi ham kelajak rejalari haqida fikr bildirdi. Murabbiy Yurgen Kloppning o‘rnini egallamoqchi emasligini ochiqchasiga tan oldi.

“Jamoa muxlislarining aksariyati meni bosh murabbiy sifatida jamoaga kelishimni istamaydi. Ular Yurgen Kloppga oxirigacha imkoniyat berish tarafdori. Men ham ularning qarorini qo‘llab-quvvatlayman. Hozirda, “Liverpul”ni sayyoramizning eng kuchli murabbiyi boshqarmoqda. Men uning uzoq yillar davomida jamoamizni boshqarishiga tilakdoshman. Hozirda “Reyjers” safida o‘zimni baxtli his etyapman. To‘g‘ri, “Liverpul” murabbiyi bo‘lish mening orzuyim, biroq hozir emas. Boz ustiga, bu ish uchun loyiq ekanligimni bilmayman. Men birinchi navbatda Yurgenni oldinda ulkan g‘alabalar kutib turganiga ishonaman. Shunday ekan, hammamiz o‘z ishimizni qilganimiz yaxshi”.

Avval boshida Jerrard bilan 4 yillik shartnoma tuzilgan edi. Bir yarim yildan so‘ng, uni 2024 yilga qadar uzaytirdi. Qahramonimiz o‘zini Glazgoda juda yaxshi his etmoqda. U bilan zamondosh bo‘lgan Frenk Lemparddan farqli o‘laroq, Jerrard sevimli jamoasiga murabbiy sifatida qaytishga shoshilmayapti.

Statistika ham Jerrard tomonida emas?!

afaf

“Enfild” egalari uchun o‘z futbolchilarini murabbiy sifatida klubga jalb etish odatiy xolat. Bill Shenkli boshlab bergan an’anadan so‘ng, jamoa postida ishlaganlarning yarmi sobiq “Liverpul” a’zolari sanaladi. Ular orasidagi eng omadli tayinlov sifatida Bob Peyslini ko‘rsatish mumkin. Bob klub bilan 9 yil ichida 20 ta sovrinni yutgan. Undan keyin Kenni Dalglish omadli ravishda faoliyat olib bordi. Murabbiy qo‘l ostida jamoa 3 bor Angliya chempioni unvoniga ega chiqdi.

90 yillarda jamoa o‘z tarbiyalanuvchilariga suyangan bo‘lsa-da, bu omad olib kelmadi. Grem Sunnes va Roy Evens davrida klub sovrinlarsiz qolib ketdi. Bundan to‘g‘ri xulosa chiqargan rahbariyat Jerar Ulee va Rafa Benitesni klubga taklif qildi. Ushbu mutaxassislar davrida jamoa xalqaro va ichki musobaqada ancha o‘zini tiklab oldi, Evropa Chempionlar ligasida zafar quchdi.

Bundan ko‘rinib turibdiki, zamonaviy futbolda jamoa afsonasi bo‘lishning o‘zi murabbiylar uchun kamlik qiladi. Boz ustiga, Yurgen Klopp boshqarib borayotgan jamoani qabul qilib olish uchun kattagina sabab bo‘lishi kerak. Hozircha, Shotlandiya chempionligi buning uchun kamlik qiladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!