
"Kimdir Kubokni yutasan desa ishonmasdim, bu fantastika". Oleg Zoteevni 4 ta klub o‘z safida ko‘rmoqchi
Janubiy Koreyadan kelgan xushxabar barchamizni xursand qildi. K2 ligada “Chonnam Dragons” sharafini himoya qilayotgan o‘zbekistonlik Oleg Zoteev bugun Koreya Kubogi finalining javob bahsida “Tegu” ustidan muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi. Legionerimiz esa o‘yinda chiroyli goli bilan jamoasining g‘alabasiga katta hissa qo‘shdi.
32 yoshdan o‘tib 33 ga qadam bosayotgan Zoteev uchun bu legioner sifatida qiyin chempionatda sovrindor bo‘lishi katta gap. Uchrashuv tugaganidan keyin biz darhol Oleg bilan bog‘landik.
U jamoasi bilan avtobusda uyga qaytayotganiga qaramasdan Sports.uz uchun vaqt ajratib, finaldagi g‘alaba haqida eksklyuziv tarzda suhbatlashishga rozi bo‘ldi.
- Oleg, sizni va jamoangizni ajoyib g‘alaba bilan tabriklaymiz. Legioner sifatida birinchi sovringa ega chiqdingiz. Final haqida qanday taassurotlar qoldi?
- Assalomu alaykum. Tabrigingiz uchun rahmat. Bugun muhim o‘yinni yutib Koreya Kubogini qo‘lga kiritdik. O‘yinga kelsak, birinchi uchrashuvda o‘z maydonimizda 0:1 hisobida yutqazib qo‘ygandik. O‘shanda o‘yin bo‘yicha yutqazmagandik. Faqat natija o‘xshamagandi. Durang bo‘lishi kerak edi. Penaltidan gol o‘tkazib yuborgandik. Ikki haftadan keyin, mana bugun ikkinchi o‘yin bo‘ldi. Uchrashuvga jiddiy tayyorgarlik ko‘rgandik. Yaxshi xayol va kayfiyat bilan maydonga tushdik va kamida ikkita gol urishimizga ishongandik. Xudoga shukr, uchta gol o‘tkazgan bo‘lsak-da, to‘rtta gol urishga muvaffaq bo‘ldik. Hozirgi hissiyotlarimiz umuman boshqacha. Koreyada ikkinchi yil o‘ynadim va Kubokni yutdim. Buni fantastika desa bo‘ladi. O‘zimga ham kimdir bir yil oldin yoki shu yili Kubok yutasan desa ishonmasdim. Biz K2 ligasida o‘ynasak ham Kubok yo‘lida K1 ligasining to‘rtta klubini mag‘lub etdik.
To‘g‘ri aytdingiz, legioner sifatida birinchi marta chetda o‘ynadim va Kubokka erishdik. Juda xursand bo‘ldim. Xudoga shukr keltirishim kerak. Qiyin mavsumni o‘tkazdim. Jarohat oldim. Safga qaytganimdan so‘ng, asta-sekin formamni tiklab bordim. Bugungi o‘yin nihoyatda qiziqarli o‘tdi. Stadion muxlislar bilan to‘ldi. Maydon sifati ham a’lo darajada bo‘ldi. Bugungi raqibimiz Osiyo Chempionlar ligasida o‘ynaydi, o‘yinchilarining sifati ham yuqori darajada edi. Mana, hozir uchrashuvdan keyin eshitib turibmanki, o‘yin hammaga yoqdi. Muxlislarda yaxshi taassurot qoldiribdi. Ochiq futbol bo‘ldi. Jamoalar ketma-ket hujumlar uyushtirdi. Bunday o‘yin hammaga yoqadi.
- Golingizni ham ko‘rdik, o‘yinni bezagiga aylandi, shekilli. Bu faoliyatingizdagi eng muhim golmi? Umuman, bugun finalda urgan golingizni qanday ta’riflaysiz?
- Adashmasam, 2012 yilda olimpiya terma jamoamiz tarkibida Avstraliya darvozasiga gol urgandim. Afsuski, Olimpiadaga chiqa olmagandik. Ammo o‘sha golim doim xayolimda edi. Endi bo‘lsa, Avstraliyaga urgan golim ikkinchi o‘ringa tushdi. Birinchi o‘ringa bugungi finalda kiritgan golimni ayta olaman. Buni hech qachon unutmayman. Chunki bugun urgan golim jamoamga Kubokni keltirishda yordam berdi. Shuning uchun bu golim hayotimdagi eng muhimi deb o‘ylayman. Shu intervyudan foydalanib, oila-a’zolarimga katta rahmatimni aytmoqchiman. Jarohat olgan chog‘imda ular yonimda turib, meni ruhiy tarafdan qo‘llab-quvvatladilar.
- “Chonnam Dragons” K2 ligada ishtirok etdi va Kubokni yutdi. Ayting-chi, aslida jamoangizning Kubokni yutish niyati bormidi yoki barchasi kutilmaganda yuz berdimi?
- Ha, biz K2 ligasida 4-o‘rinni oldik. Pley-off bahsigacha etib bordik. Maqsadimiz ham shu edi. Ammo Kubokni yutish vazifamiz bo‘lmagan. Lekin shunaqa bo‘lib qoldiki, Kubokni ham yutishga erishdik. Rosti, setkamiz juda qiyin edi. K1 ning to‘rtta eng kuchli jamoalari – “Suvon”, “Poxan Stilers”, “Ulsan Xyunday” va “Tegu”ga qarshi o‘ynadik. Omadimiz keldi. Yana takrorlayman: Kubokni yutish maqsadimiz yo‘q edi.
- Bunday ajoyib g‘alabadan so‘ng mavsumdan to‘la qoniqish hosil qildingizmi?
- Albatta. Bundan boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas. Nihoyatda xursandman, qoniqmay bo‘ladimi? Bu yoshimda legioner bo‘lib o‘ynash va Kubokni yutish – bu shunchaki fantastika! Hozir men uchun juda ajoyib vaqt. O‘zbekiston Kubogini yutganman, endi menda Koreya Kubogi ham bor. Xudoga shukr. Endi tarixga kirdik.
- Jamoangiz bilan 2022 yilgi Osiyo Chempionlar ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdinglar. Bu katta gap! Endi “Chonnam Dragons”da qolasizmi? Qanaqa rejalaringiz bor?
- Klubim meni qolishimni 100 foiz xohlayapti va tayyor shartnomani ham berdi. Lekin hozircha “Chonnam Dragons” bilan yangi shartnomaga qo‘l qo‘ymadim. Sizga ikki oy oldin aytgandim, chempionat tugaganidan keyin uyga boraman va oilamda biroz muammo bor. Shuni hal qilib olganimdan so‘ng Koreyada qolishim yoki qolmasligimni muhokama qilaman.
- Tushunarli, ammo jamoangiz sizga to‘liq ishonyapti va o‘zingiz aytganingizdek, 100 foizli shartnoma ham tutqazibdi. Osiyo Chempionlar ligasida o‘ynash uchun bu sizga yaxshi imkoniyat. Balki buni qo‘ldan chiqarib yubormasligingiz kerakdir?! Yoki oldingizda sizni yana o‘ylantirib qo‘ygan yangi takliflar ham bormi?
- To‘g‘risini aytsam, shu yoshimda Osiyo Chempionlar ligasiga yo‘l olganimiz va yaxshi shartnoma berishayotgani ajoyib. OChLda har doim ham o‘ynash nasib qilavermaydi. Hamma klub ham u erda o‘ynay olmaydi, juda qiyin. Lekin yashirmayman, bu yil juda charchadim. Ikki hafta dam olishim kerak. Keyin toza xayol bilan o‘ylab bir qarorga kelaman. Hozir menga to‘rtta klubdan jiddiy qiziqishlar bor.
- Ushbu qiziqishlar Koreyadanmi yoki boshqa mamlakatlardanmi?
- Siz birinchi bilasiz. Faqat hozir bu sir bo‘lib tursin. Ikki haftadan keyin telefon qilib anig‘ini aytaman.
- Kelishdik. Hozir avtobusda uyga qaytyapsizlar, shekilli-a?
- Ha, avtobusdamiz. Yana 40 daqiqacha vaqt qoldi. Hozir bazaga ketyapmiz, u erda “banket” bo‘ladi.
- Suhbat uchun rahmat...
- Sizga ham rahmat. Yil davomida men bilan bog‘lanib, hol-ahvol so‘rab turganingiz uchun tashakkur.
Fikrlar