
Kichik Ro‘ziboevning navbatdagi jang sanasi ma’lum bo‘ldi
Yurtimiz MMA olamida Ro‘ziboevlar familiyasini juda ko‘p uchratamiz. Sababi, Nursulton Ro‘ziboev eng ko‘zga ko‘ringan MMA jangchilarimizdan biri hisoblanadi. Shuningdek, uning ukasi Mashrabjon Ro‘ziboev ham o‘z faoliyatini MMAda olib boradi va hozirga kelib, 10 ta g‘alaba, uch mag‘lubiyat va bitta durang qayd etgan.
Ma’lumki, Mashrabjon ham akasi kabi Bahraynning "Brave CF" promousheni bilan shartnoma imzolagan va u birinchi jangida ushbu promoushen chempioni Amin Ayub bilan jang qildi. Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, yurtdoshimiz bir hafta qolganda Ayubning raqibi jangdan bosh tortganligi sababli, mazkur chaqiriqni qabul qilgandi.
Shunday bo‘lsa-da, hamyurtimiz chempionga qarshi ajoyib jang olib bordi. Garchi, ochkolar hisobida mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa ham promoushen mutasaddilari, o‘sha erdagi muxlislarning mehrini qozona oldi va aynan chiroyli debyut ortidan mazkur promoushen bilan yana bir nechta jangga shartnoma tuzdi.
Hamyurtimiz mazkur janglaridan birini 25 avgust kuni Qozog‘istonda o‘tkazadi. Ya’ni, ushbu sanada "Brave CF" promousheni o‘zining navbatdagi turnirini Almati shahrida o‘tkazadi. Hozircha raqib ma’lum emas, tez orada bunga ham oydinlik kiritiladi.
Voqealar rivojini bizda kuzatib boring!
Fikrlar