
Kechinovdan Cherangacha! Yoxud chempionatimiz tarixidan joy olgan futbolchilar
Futbolning jozibasi nimada, bilasizmi? Tasavvur qiling, agar futbolda gollar bo‘lmasa nima bo‘ladi? Tabiiyki, gollar bo‘lmasa futbolning ham zavqi qolmaydi. Natijada uning jozibasi ham yo‘qoladi. Shunday ekan, futbol gollari bilan ham yanada go‘zallashadi. Qolaversa, g‘alaba qozonish uchun ham o‘sha gol kerak. Golni kim uradi? Albatta, maydondagi futbolchilardir. Yanada aniqroq aytsak, bu ish asosan hujumchilarning gardanidagi vazifa hisoblanadi.
Bilasiz, futbolda taktik uslublar juda ustivor vazifaga aylangan. Shuning uchun maydondagi 11 nafar o‘yinchining har biriga alohida vazifa yuklatilgan. Hujumchilarning ishi esa gol urishdir. Lekin bugungi kunga kelib ko‘pincha natija asosiy o‘ringa chiqqan bir paytda shunday holatga ham duch kelamizki, g‘alaba qozonish uchun golni kim urishining farqi bo‘lmay ham qolyapti. Lekin hujumchi o‘z nomi bilan hujumchi ekan, jamoadoshlari, muxlislar undan avvalo golni kutishadi. Qolaversa, hujumchilarni tanitadigani ham bu uning gollaridir. Agar to‘purar bo‘lsa bormi, u eng yaxshi hujumchiga aylanadi-qoladi. Ushbu maqolamizni esa mavzuga doir ravishda aynan to‘purar futbolchilarga bag‘ishlaymiz.
O‘zimizning chempionatda ham muxlislar olqishiga sazovor bo‘lgan, gollari bilan ishonchni qozongan hujumchilarimiz bo‘lgan. 1992 yildan beri o‘tkazib kelinayotgan milliy birinchiligimizda hammasi bo‘lib 33 marta to‘purar nomi aniqlangan. Barchaning yodida bo‘lsa kerak, O‘zbekiston chempionatining ilk to‘purari “Paxtakor”da to‘p surgan hujumchi Valeriy Kechinov bo‘lgandi. 1992 yilgi mavsumda u 24 ta gol urgandi. Shundan buyon ko‘plab hujumchilarimizning qahramonliklarini kuzatib kelmoqdamiz. 1996, 1998, 1999, 2003 hamda 2010 yilgi mavsumlarda esa qo‘shto‘purarlarga ham guvoh bo‘lganmiz. Shuningdek, 2000 yili sobiq “Do‘stlik” sharafini himoya qilgan Ja’far Irismetov oliy ligada 45 ta gol urib to‘purar bo‘lgan va haligacha uning ushbu ko‘rsatgichini hech bir hujumchi takrorlay olgani yo‘q, hali beri hech kim bu ishni uddalay olmasa ham ajablanmaymiz. Bundan tashqari, to‘purarlar orasida eng kam gol mualliflari 2010 yilgi mavsumga to‘g‘ri keladi. O‘shanda Alisher Holiqov bilan Nosir Otaqo‘zievning to‘purar bo‘lishi uchun atiga 13 ta gol etarli bo‘lgan xolos. Hozirgi paytda esa ularning aksariyati o‘zini murabbiylik sohasida sinab ko‘rmoqdalar.
To‘purarlar orasida xorijlik o‘yinchilar ham borligini yaxshi bilsangiz kerak. Sobiq jahon yulduzi, oltin to‘p sohibi hamda jahon chempioni bo‘lgan braziliyalik Rivaldo ham o‘z nomini O‘zbekiston futboli tarixiga yozdirib ketgan. U 2009 yili “Bunyodkor” safida 20 ta gol bilan ilk xorijlik to‘purar nomiga ham erishgandi. Oradan ikki yil o‘tganidan keyin yana “Bunyodkor” futbolchisi, bu safar Milosh Trifunovich endi 17 gol bilan to‘purarlikka erishgandi. Buni qarangki, oradan yana ikki yil o‘tgach, navbatdagi xorijlik uchinchi to‘purar ham “Bunyodkor”dan chiqdi. Bu safar ukrainalik Oleksandr Pishur raqiblar darvozasiga 19 ta gol urgan holda eng yaxshi hujumchiga aylandi. 2014 yilda esa “Nasaf” tarkibida porlagan turkmanistonlik Artur Gevorkyan 18 ta goli bilan eng yaxshi to‘purar nomiga erishdi. Buni qarangki, oxirgi ikki yildan beri chempionatimiz to‘purarligi yana xorijlik futbolchilarga nasib qilmoqda. Avvaliga “Paxtakor”ning braziliyalik sobiq hujumchisi Tiagu Bezerra 17 gol urgan bo‘lsa, o‘tgan yili serbiyalik Dragan Cheran 23 marotaba Superliga klublari darvozalarini ishg‘ol qildi va unga hech bir hujumchi eta olmadi.
Shu kungacha to‘purar bo‘lgan hamma futbolchini ham sof hujumchi deb ayta olmaymiz. Masalan, 1998 yili Mirjalol Qosimov “Paxtakor” safida 22 ta gol urgan va jamoadoshi Igor Shkvirin bilan qo‘shto‘purarlikka erishgan. 2008 yilda esa yana bir yarim himoyachi Server Jeparov “Bunyodkor”da o‘ynagan holda 19 ta gol urib hujumchilarni ortda qoldirgandi. 2014 yili to‘purar bo‘lgan Gevorkyan ham sof hujumchi hisoblanmaydi. O‘shanda u asosan o‘yinni tashkillashtiradigan, erkin ijodkor, pleymeyker sifatida gavdalangandi. Umid qilamizki, chempionatimizda bundan keyin ham kashfiyot sifatida yangi to‘purar hujumchilarimiz etishib chiqadi.
O‘zbekiston chempionatining barcha to‘purarlari
1992 yil Valeriy Kechinov “Paxtakor” 24 ta gol
1993 yil Rustam Do‘rmonov “Neftchi” 24
1994 yil Ravshan Bozorov “Neftchi” 26
1995 yil Oleg Shatskix “Navbahor” 26
1996 yil Ja’far Irismetov “Do‘stlik” 23
Oleg Shatskix “Navbahor” 23
1997 yil Ja’far Irismetov “Do‘stlik” 34
1998 yil Igor Shkvirin “Paxtakor” 22
Mirjalol Qosimov “Paxtakor” 22
1999 yil Umid Isoqov “Neftchi” 24
Bahtiyor Hamidullaev “Andijon” 24
2000 yil Ja’far Irismetov “Do‘stlik” 45
2001 yil Umid Isoqov “Neftchi” 28
2002 yil Baxtiyor Hamidullaev “Andijon” 22
2003 yil Marsel Idiatulin “Qizilqum” 26
Shuhrat Mirxoldirshaev “Navbahor” 26
2004 yil Shuhrat Mirxoldirshaev “Navbahor” 31
2005 yil Anvar Soliev “Paxtakor” 29
2006 yil Pavel Solomin “Traktor” 21
2007 yil Ilhom Mo‘minjonov “Quruvchi” 21
2008 yil Server Jeparov “Bunyodkor” 19
2009 yil Rivaldo “Bunyodkor” 20
2010 yil Alisher Holiqov “Neftchi” 13
Nosir Otaqo‘ziev “Olmaliq” 13
2011 yil Milosh Trifunovich “Bunyodkor” 17
2012 yil Anvar Berdiev “Neftchi” 19
2013 yil Oleksandr Pishur “Bunyodkor” 19
2014 yil Artur Gevorkyan “Nasaf” 18
2015 yil Igor Sergeev “Paxtakor” 24
2016 yil Temurxo‘ja Abduholiqov “Lokomotiv” 22
2017 yil Marat Bikmaev “Lokomotiv” 27
2018 yil Tiagu Bezerra “Paxtakor” 17
2019 yil Dragan Cheran “Paxtakor” 23
Fikrlar