Kanchelskis Andijonda yoxud "Hokim Kubogi" haqida

  • 15 fevral, 2024, 21:55
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Ha, o‘sha siz yaxshi bilgan va tanigan taniqli Andrey Kanchelskis ayni damda Andijonda bo‘lib turibdi. Xabaringiz bo‘lsa kerak, yaqinda rossiyalik mutaxassis Qirg‘izistonda ish boshladi. Aniqrog‘i, “Muras Yunayted” jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlandi. Aynan uning boshchiligidagi klub esa Andijonda boshlangan “Hokim Kubogi” musobaqasida ishtirok etayotganini ta’kidlash darkor. Muxislarga yaxshi tanish bo‘lgan futbolchi Ivan Solovyov ham "Muras Yunayetd" bilan birga musobaqada qatnashyapti. Bungacha Kanchelskis va Solovyov "Navbahor"da ham birga ishlashgani yodingizda bo‘lsa kerak.

Tecno

Shu o‘rinda ikki og‘iz “Hokim Kubogi” haqida. Har yili qishda bunday turnirlar tashkil etilishi odat tusiga aylangani shubhasiz. Ayniqsa, Farg‘onada “Hokim Kubogi” an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinardi. Biroq bu yil ushbu musobaqa o‘tkazilmadi. Bizdagi ma’lumotlarga qaraganda, ishtirokchi klublar etarli bo‘lmagan. Bu yoqda esa Andijonda “Hokim Kubogi” musobaqasi muvaffaqiyatli tarzda amalga oshirilayotgani e’tiborga molik. Boz ustiga unga qo‘shni Qirg‘izistondan, ayniqsa, Kanchelskis va uning jamoasining ishtirok etayotgani musobaqaga bo‘lgan qiziqish hamda e’tiborni sezilarli darajada oshirdi. Aslida har yili Andijonda "Hokim Kubogi" an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinadi. Bu safargisi esa ancha boshqacha o‘tmoqda.

kanchelskis1

Turnirda jami 11 ta jamoa ishtirok etyapti. Shundan uchtasi Qirg‘izistondan. Bular – chempionat ishtirokchilari - “Muras Yunayted” hamda “Talant”, shuningdek, “Barsa akademiya” jamoalaridir. O‘zimizdan esa “Andijon” U-21, “Navbahor” U-21, “Neftchi” U-21, Andijon futbol akademiyasi (ikkita tarkib bilan), Andijon viloyat bolalar va o‘smirlar futbol maktabi, Farg‘ona futbol akademiyasi hamda “Uz Tong Xong Ko” jamoalari qatnashmoqda.  

Turnir 13 fevralda boshlandi va 20 fevralgacha davom etadi. Hal qiluvchi final o‘yini esa “Bobur Arena”da o‘tkaziladi. Guruh bellashuvlari futbol akademiyasi hamda BO‘FM maydonlarida bo‘lib o‘tmoqda. Jamoalar “A” va “V” guruhlariga ajratilgan. “Uz Tong Xong Ko”, “Andijon” U-21, “Muras Yunayted”, “Andijon FA-1” va “Farg‘ona FA” jamoalari “A” gurihidan joy olishgan. “Neftchi” U-21, “Andijon FA-2”, “Talant”, “Navbahor” U-21, “Andijon VBO‘FM” hamda “Barsa akademiyasi” jamoalari esa “V” guruhidan o‘rin olishdi.  

tong xong

Bugun musobaqaning 3-tur o‘yinlari yakuniga etdi. Hozircha  o‘z guruhlarida “Uz Tong Xong Ko” hamda “Neftchi” U-21 peshqadam bo‘lib turishibdi. Kanchelskis jamoasi esa hozircha ikkita o‘yinda maydonga tushib, bir g‘alaba va bir durang qayd etdi.

Andijondagi “Hokim Kubogi” musobaqasi yuqori darajada tashkillashtirilayotgani ham e’tiborga molik. Har bir uchrashuvlar esa jonli tarzda Yutub tarmog‘i orqali efirga uzatilyapti. Qizg‘in davom etayotgan turnirning yakuni ham shunga yarasha o‘tishi shubhasiz.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!