
“Jenoa” muxlislari Shomurodovning ketib qolishidan xavotirda!
Evropaning barcha milliy chempionatlari yakunlandi. Rossiyalik mutaxassislar kuchli beshlik chempionatlarida o‘ynayotgan rus futboliga aloqador futbolchilarning mavsumni qanday o‘tkazganini tahlil qilish barobarida, jamoalar muxlislarining o‘sha legionerga munosabatini ham o‘rganib chiqdi.
Qizig‘i, rossiyalik mutaxassislar O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodovni Rossiya futboliga begona sanagani yo‘q va tahlilga hamyurtimizni ham kiritdi. Eng e’tiborli tomoni esa, Eldorning ko‘rsatkichlari va imkoniyati rossiyalik hamkasblarinikidan yuqori baholanmoqda.
Denis Cherishev (“Valensiya”)
Denis Cherishev butun faoliyatini Ispaniyada o‘tkazayotgan va bu mamlakat futboliga moslashib ketganiga qaramay, eng yomon mavsumini o‘tkazdi. Tajribali futbolchi 22 ta o‘yin o‘tkazib, atigi uchta golli pas oshirdi. Bu hujumkor yarim himoyachi uchun juda past ko‘rsatkich.
Shu bois, “Valensiya” muxlislari Cherishevni eng yomon o‘yinchilar qatoriga qo‘shib, uni keskin tanqid qilmoqda va jamoani tark etishini kutmoqda. “Valensiya” tarafdorlarining fikricha, 30 yoshli o‘yinchining saviyasi klubga mos emas.
Aleksandr Golovin (“Monako”)
Aleksandr Golovin Frantsiyadagi eng yaxshi mavsumini o‘tkazdi. 24 yoshli yarim himoyachi samaradorlik bo‘yicha o‘z rekordini yangiladi. U barcha turnirlarda 26 ta uchrashuvda qatnashib, oltita gol urdi va to‘qqizta assistni amalga oshirdi.
Shunga qaramay, “Monako” muxlislarining Golovinga munosabati ikki xil bo‘lmoqda. Ulardan bir guruhi yarim himoyachining texnikasi va golli pas oshirish qobiliyatini maqtayapti. Boshqalarga esa, futbolchi barqaror o‘yin namoyish eta olmasligi yoqmayapti. Shuningdek, 30 million evroga xarid qilingan Golovin ko‘pincha maydonda “yo‘qolib” qolishi, jamoani o‘z ortidan ergashtira olmasligi, jarohatlarga moyilligi ham ko‘pchilikning noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Bundan tashqari, rossiyalik futbolchi gol+pas tizimidagi ballarini “Nim” singari zaif jamoalarga qarshi o‘yinlarda jamg‘argan.
“Monako” yozda uni boshqa klubga sotib yuborishni mo‘ljallamoqda.
Aleksandr Kokorin (“Fiorentina”)
Aleksandr Kokorin “Spartak”da kutilgan o‘yinni namoyish eta olmayotgan bir paytda boshiga baxt qushi qo‘ndi va “Fiorentina” varianti paydo bo‘ldi. Ko‘pchilik 30 yoshli hujumchi Evropaga yo‘l olishi uning faoliyatiga ijobiy ta’sir qilishini kutgandi.
Florentsiyalik muxlislarning fikricha, bu o‘ta omadsiz transfer bo‘ldi. Maqtalgan hujumchi yarim mavsum davomida to‘rtta uchrashuv o‘tkazdi va o‘yinga qo‘shila olmadi. Jamoadoshlari ham unga e’tibor qaratgani yo‘q. Kokorin yangi jamoasi safida raqib darvozasi tomon birorta zarba bera olmadi. Hamma 5 million evrolik transferni klub tarixida eng yomoni, deb baholamoqda.
“Fiorentina” rahbarlari ham bu transferdan xursand bo‘lgani yo‘q va Kokorinni zaifroq jamoaga ijaraga jo‘natish bo‘yicha ish olib bormoqda. Hozircha, rus hujumchisiga xaridor chiqmayapti.
Aleksey Miranchuk (“Atalanta”)
Aleksey Miranchuk Italiyadagi debyut mavsumida qisman o‘zini ko‘rsata oldi. “Atalanta” bosh murabbiyi Gasperini Miranchukka kam vaqt beryapti. Shunga qaramay, 25 yoshli yarim himoyachi 31 ta uchrashuvda qatnashdi. Maydonda jami 817 daqiqa o‘ynagan Miranchuk barcha turnirlarda ettita gol urib, bir juft golli pas muallifi bo‘ldi.
Mutaxassislarning fikricha, Miranchuk ko‘proq o‘ynaganda samaradorlik statistikasi pasayib ketardi. Chunki, bu yarim himoyachi “Lokomotiv”da ham, Rossiya terma jamoasida ham barqaror o‘yin ko‘rsata olmagan. Muxlislarga esa, Miranchukning chap oyoqda yaxshi o‘ynashi ma’qul kelmoqda va ular kelasi mavsum bu o‘yinchi “Atalanta”ning o‘yin uslubiga moslashib, ko‘proq foyda keltirishiga umid qilmoqda.
Eldor Shomurodov (“Jenoa”)
“Jenoa” muxlislarining Eldor Shomurodovga munosabati mavsum davomida bir necha marta o‘zgardi. O‘zbek hujumchisi Genuyaga ko‘chib o‘tganidan keyin anchagacha o‘zini ko‘rsata olmadi va genuyalik ishqibozlar undan noroziligini yashirmadi. Keyinchalik Eldor chiroyli gollarni ura boshladi va shunga yarasha muxlislarning qarashi ham yaxshi tomonga o‘zgarib bordi.
Vaqt o‘tishi bilan Shomurodov muxlislarning sevimli futbolchisiga aylandi va mutaxassislar uning salohiyati yuqori ekanini ta’kidlashga tushdi.
25 yoshli hujumchi barcha turnirlarda 32 ta uchrashuvda maydonga tushib, jami 1757 daqiqa o‘ynadi. Sakkizta gol va ikkita golli pas muallifi bo‘ldi. Ayniqsa, oxirgi oltita uchrashuvda beshta gol urib, A Seriyaning barcha zo‘r hujumchilarini ortda qoldirgani Eldorning faoliyatida jiddiy o‘zgarishlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Genuyalik muxlislar keyingi mavsumda Eldordan yanada ko‘p gol kutishayotganiga qaramay, qudratliroq klublar uni olib ketib qolishidan xavotirga tushmoqda.
Fikrlar