
"Jamoani almashtirish kerak, deb o‘ylab turibman" - legionerimizga kimlar xaridor bo‘lyapti?
2020 yilning fevral oyida Tailandning “Muangtong Yunayted” jamoasi bilan shartnoma imzolagan hamyurtimiz Sardor Mirzaev o‘tgan vaqt mobaynida ushbu klub sharafini munosib himoya qilib keldi.
Lekin aftidan, legionerimizning u erdagi faoliyati oxirlab borayotganga o‘xshaydi. Chunki Sardor haqida gap-so‘zlar yo‘q emas. Futbolchi Sports.uzga quyilagilarni aytdi:
Mirzaev Superligaga qaytyaptimi?
- Hali O‘zbekiston chempionatida to‘p surishim aniq emas. Chunki “Muangtong” bilan bir yarim oylik shartnomam bor. Ular qaytishimni kutishyapti. Hozircha bir qarorga kelganim yo‘q, uyda damdaman.
Futbolchining oldida qanday takliflar bor?
- O‘zbekistondan 3-4 ta jamoalardan taklif bo‘lib turibdi. Ammo bir to‘xtamga kelmaganligim sababli hech biri bilan gaplashib, bir to‘xtamga kelganim yo‘q. Iloji boricha ko‘proq oilam bilan dam olib turibman. Xudo xohlasa, faoliyatimni qaerda davom ettirishim shu oyning oxirlariga aniq bo‘lib qoladi.
Tailanddagi faoliyatini tugatyaptimi?
- To‘g‘ri, Tailand klubidagi faoliyatim oxirgi paytlarda ko‘ngildagidek bo‘lmadiyu, ammo umumiy ma’noda olib qaralganda yomon emas. Asosiysi, jarohatlarsiz yaxshi o‘tkazib oldik. O‘zimni fikrim shunaqa: jamoani almashtirish kerak, deb o‘ylab turibman. Lekin qaerda, nima bo‘lishini bilmayman. Nasib qilgani bo‘ladi. Balki O‘zbekistonga qaytarman, balki Tailandda qolarman yoki boshqa mamlakatga ketarman, ko‘ramiz.
Yana chetga ketishi mumkinmi?
- 32 yoshdaman, hali kuch-quvvatimiz bor. Birinchi o‘rinda chetga ketish harakatini qilamiz. Kuchimiz etganicha qaerda bo‘lsak, o‘sha erda o‘ynab tugatamiz. Baribir hozircha chetda biz o‘ylagandek bo‘lmadi. Balki biz o‘ylagan narsalar oldindadir. Boshqa xorij klubiga ketib qolarmiz, vaqt ko‘rsatadi. Yoshimiz ham o‘tib boryapti, buni ham hisobi bo‘ladi.
“Navbahor”dan taklif bo‘lgani rostmi?
- “Navbahor” masalasiga kelsak, men ham birinchi marta internet orqali o‘qidim. Samvel Babayan bilan gaplashganim yo‘q. To‘g‘risi, bu jamoa to‘g‘risida fikr bildira olmayman. Natijalarini kuzatib boryapman. Rosti, O‘zbekiston klublari xususida o‘ylamadim. Yuqorida aytganimdek, oyning oxirlariga hal bo‘lib qolsa kerak. O‘zbekiston chempionatida bir-ikkita uchrashuvlarni ko‘rdim.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar