
"Jahon chempionatida shunchaki ishtirok etmaymiz", - terma jamoamiz yuragi Rustam Umarov guruhdan chiqishimizga shubha qilmayapti
Xabaringiz bor, kecha futzal bo‘yicha Litvada o‘tkaziladigan jahon chempionati uchun guruh bahslariga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi “V” guruhida Gvatemala, Rossiya hamda Misr bilan bahs olib boradi.
Aslida o‘tgan yili futzal bo‘yicha Osiyo chempionati Turkmanistonda o‘tkazilishi lozim edi va bu orqali mundial yo‘llanmalari ham o‘z egalarini topishi kerak edi. Lekin pandemiya sababli musobaqa qoldirildi. Orada Osiyo chempionatiga Quvayt mezbonlik qilishi ham kutilgandi, baribir koronavirus bilan bog‘liq muammo tufayli o‘tkazilmay qoldi.
Keyinchalik OFK Osiyo chempionatini o‘tkazmasdan terma jamoalarni reyting asosida jahon chempionatiga yo‘llanma olishini belgiladi. Bu borada FIFA OFKga beshta o‘rin ajratgan. O‘zbekiston Eron hamda Yaponiya bilan birga reytingning yuqori o‘rinlarida bo‘lgani bois mundial ishtirokchisiga aylandi. Shu tariqa, vakillarimiz tarixda ikkinchi bor mundialda qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
O‘zbekiston terma jamoasining chinakam etakchisi va sardori Rustam Umarovni barchamiz yaxshi bilamiz. Futzalga futbol orqali kirib kelgan tajribali darvozabonga ko‘p narsa bog‘liq. U sports.uzga qur’a, JChdagi vazifa va yana boshqa masalalar bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.
- Biz ham qur’ani katta qiziqish bilan kutdik, - deya gap boshladi darvozabon. - Yutub tarmog‘i orqali qur’a tashlash marosimini to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatib bordim. Hatto, uni esdalik uchun o‘zimga yozdirib qo‘ydim. O‘zingiz bilasiz, jahon chempionati – bu o‘ta jiddiy musobaqa. Shunday ekan, uning qur’a marosimi ham shunga yarasha. U erga oddiy, kuchsiz jamoalar chiqmaydi. Demak, biz uchun qaysi raqib tushishining farqi yo‘q. Jahon chempionatida barcha jamoalar kuchli. Ha, guruhlarda baribir o‘ziga yarasha yanada jiddiy raqiblar ham bo‘ladi. Guruhimizga to‘xtalsam, biz hali Gvatemala, Misr singari raqiblar bilan o‘ynamaganmiz. Lekin ularni o‘yinlarini yutub orqali ko‘rdik, tahlil qildik. Shuni aytishim mumkin, Gvatemala va Misr bilan bemalol o‘ynasa bo‘ladi, hatto Rossiya bilan ham.
Barchasi o‘zimizga bog‘liq. Qanday ruhlanishimiz va tayyorlanishimizga borib taqaladi. Bizda uch oy vaqtimiz bor. 14 iyundan mashg‘ulotlarga jiddiy kirishamiz. To jahon chempionati boshlanguniga qadar tayyorgarlik ko‘ramiz. Shu vaqt davomida guruhdagi raqiblarimizni yanada yaxshiroq o‘rganamiz. Birinchi vazifamiz albatta guruhdan chiqish. U yog‘i keyin vaziyatga qarab. Terma jamoamiz bosh murabbiyi Bahodir Ahmedov mundialga shunchaki bormasligimizni uqtiryapti, men ham shu fikrdaman.
O‘zbekiston jahon chempionatiga shunchaki kelmaganini isbotlaydi. Tarkibimiz chakki emas. To‘g‘ri, ko‘pchiligi yosh, ammo futzalchilarimizni tajribasi bor. Asosiysi, taktik tomondan juda yaxshi tayyorlana olamiz. Safimizda ikki-uchta yoshi katta faxriylarimiz bor. Nima demoqchiman? Albatta, ular 100 ga kirgan faxriylar emas. Masalan, bittasi men, keyin Rahmatov, Anorovni aytishim mumkin. Tarkibimiz kurashuvchan va kuchga to‘la. Tayyorgarlik davomida bir qancha o‘rtoqlik uchrashuvlari bo‘ladi. Yaqinda Toshkentda Venesuela bilan o‘ynaymiz. Iyulda Tailandga boramiz. U erda mini jahon chempionati bo‘ladi. 10 yoki 14 jamoa qatnashadi. Mana shunday xalqaro o‘yinlar orqali puxta tayyorgarlik ko‘rib boramiz.
Terma jamoamiz 1996 yildan beri Osiyo chempionatida qatnashyapti. Shundan beri xalqaro musobaqalar orqali ochkolarimizni ko‘paytirib boryapmiz. Bilasiz, har galgi Osiyo chempionatida kumush yoki bronza medallarini qo‘lga kiritdik. Terma jamoamiz reytingi ham ko‘tarildi. Bunda terma jamoamizda to‘p surgan barcha avlod vakillarining katta hissasi bor. Shuningdek, o‘sha paytdan beri kim rahbarlik qilgan bo‘lsa, barchalariga minnatdorchilik bildiraman. Bu borada rahbarlarning ham xizmati juda katta. Men 2002 yildan beri terma jamoadaman. Hozirgi futzalchilarimiz ham nimalarga qodirligini isbotlashlari kerak. Shuningdek, terma jamoamizda ishlagan barcha murabbiylarga ham rahmat. Bizni ilk bor jahon chempionatiga olib chiqqan Mendezga ham minnatdorchilik bildirmoqchiman.
Jahon chempionatiga ilk bor chiqqanimizda asosiysi ishtirok etish edi. Lekin bu safargisi shaxsan men uchun yanada jiddiy ahamiyatga ega. Ushbu jahon chempionatida endi shunchaki ishtirok etmaymiz. Biz nimalarga qodirligimizni ko‘rsatamiz. Xudo xohlasa, guruhdan chiqamiz. Undan keyin ham muvaffaqiyatli qatnashishimizga ishonyapman.
Bu men uchun oxirgisi? Bilmadim. Xudo biladi. Agar organizm chidasa davom ettiraveraman. Meni hali yana o‘ynagim bor, qolganini vaqt ko‘rsatadi.
Bilasizmi, Rossiya terma jamoasi bilan o‘ynashga juda katta xohishim bor edi. Mana, ushbu orzuim amalga oshyapti. Rossiya chempionatida faoliyat olib borganim uchun u erda do‘stlarim bor. Rossiya terma jamoasi bosh murabbiyi Sergey Leonidovich Skorovich bilan juda yaxshi munosabatdaman. Chunki u Farg‘onada tug‘ilgan. Ushbu murabbiy bilan yozishib, ayrim masalalarda maslahatlashib ham turamiz. Ilgari Rossiya yoshlar termasiga qarshi o‘ynaganmiz. Lekin hali milliy termasi bilan kuch sinashmagandik. Ispaniya, Braziliya, Argentina kabi kuchli raqiblar bilan o‘ynaganmiz. Rossiya bilan esa ilk bor, - deb so‘zini yakunladi Rustam Umarov.
Fikrlar