"Istiqlol" bosh murabbiyi sports.uz muxbiriga va’da berdi: "Agar jamoam guruhdan chiqsa, sizga..."

  • 25 aprel, 2021, 12:15
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

Tojikistonning “Istiqlol” klubi Osiyo sahnasida nimalar qilmoqda? Bugun tunda bo‘lib o‘tgan “Al-Hilol”ga qarshi uchrashuvda qayd etilgan 4:1 hisobini hech kim kutmagandi. O‘yinni ko‘ra olmaganlar saharda uyg‘onib, natijani bilishganida ko‘zlariga ishonmadilar! “Istiqlol” debyutant, “Al-Hilol” esa Osiyo grandi, musobaqaning mezboni hamda favoritlaridan biri.

Tecno

Tan olaylik, tojik klubidan bunday yurishni hech kim kutmagandi. Uchinchi turda bu jamoalarning ilk to‘qnashuvida saudiyaliklar 3:1 hisobida ustun kelgandi. To‘rtinchi turdagi to‘qnashuvda ham avvaliga hammasi “Al-Hilol”ning rejasi asosida boshlandi, ular uchrashuvda birinchi bo‘lib hisobni ochdi. Hammasi shundan keyin boshlandi. “Istiqlol” ketma-ket to‘rtta gol urdi, yakuniy natija esa shunchaki dahshat edi. “Al-Hilol”dek raqibga qarshi yana qaysi klub bunday natijani ko‘rsata oladi? Balki mezbonlar raqibni mensimagandir. Yodingizda bo‘lsa, AGMK ham “Istiqlol”ga yutqazgach, Mirjalol Qosimov balki futbolchilar raqibni mensimagandir, deb aytib o‘tgandi.

Xullas, “Al-Hilol”ning yirik hisobdagi mag‘lubiyati Osiyoda o‘ziga yarasha reaktsiya keltirib chiqarmoqda. Buni hamma baralla sensatsiya sifatida qabul qilmoqda. Yaqinda saytimiz orqali Tojikiston milliy terma jamoasi ustozi Usmon Toshevning ushbu o‘yin haqidagi munosabatini havola etgandik va u bu natijani sensatsiya sifatida qabul qilmadi. Xo‘sh, “Istiqlol” bosh murabbiyi Vitaliy Levchenko qanday fikr bildirdi:

levchenko3_1

- Yo‘q, bu sensatsiya emas, bu normal holat. Biz dastlabki uchrashuvni ipidan-ignasigacha obdon o‘rgangandik. O‘sha uchrashuvda biz raqibga 1:3 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ygandik. Raqibning o‘yinini sinchiklab kuzatish evaziga qanday jihatlar tufayli muvaffaqiyat qozonganini o‘rgandik, o‘z navbatida, o‘yinimizdagi kamchiliklarni bartaraf etishga harakat qildik. Bugun ular Gomesning bir golidan so‘ng, darvozamiz oldida boshqa hech qanday xavfli vaziyatlarni yuzaga keltira olmadilar. Biz esa, raqibning himoyada yo‘l qo‘ygan xatolaridan samarali foydalanishga muvaffaq bo‘ldik.

Agar yodingizda bo‘lsa, Osiyo Chempionlar ligasining guruh bahslari boshlanishi oldidan sports.uz saytida Levchenko bilan suhbatni chop etgandik. O‘shanda u jamoasining syurpriz ko‘rsatishga tayyorlanayotgani haqida aytgandi. Yirik hisobdagi g‘alabadan keyin Vitaliy Grigorevichdan o‘sha syurpriz “Al-Hilol” bilan o‘yindagi natijamidi, deb so‘rasam, uning javobi shunday bo‘ldi:

levchenko2_2

- Syurpriz hali oldinda. Chunki qarshimizda yana ikkita muhim bellashuv bor. Biz o‘sha uchrashuvlarni xuddi bugungisi kabi yuqori saviyada o‘tkazishimiz kerak. Bo‘shashishga haqqimiz yo‘q, yana katta ishtiyoq bilan tayyorgarlikni davom ettiramiz.

Ha, ko‘rinishidan “Istiqlol”ning maqsadi jiddiyga o‘xshayapti. Muhimi, ayni paytda bu klub faoliyatida yangi sahifa ochyapti. OChLda esa Levchenko boshchiligida yoqimli parvozni amalga oshiryapti. Yana bunday onlar qachon yuz beradi, buni Xudo biladi. “Istiqlol” qiyin guruhda 4-turdan keyin peshqadamga aylanib oldi. Klub endi favoritlar qatorida...

- Hozir men favoritlar falon-falon jamoalar, deb ko‘rsata olmayman. Biz endi keyingi o‘yinga e’tibor qaratamiz. Musobaqa jadvali o‘tkazilgan har bir turdan so‘ng, o‘zgarib ketishi mumkin, - deya bu borada qisqacha izoh berdi bosh murabbiy.

levchenko4_1

“Al-Hilol”dek raqibning tor-mor keltirilishi Tojikistonda ham katta bayram sifatida qabul qilinyapti. Tabiiyki, hamma xursand. Qiziq, “Istiqlol”ning mazkur tarixiy g‘alabasi uchun qanday bonus va’da qilingan ekan-a? Levchenko shunday dedi:

- Bu tijoriy sir. Ammo erishilgan g‘alaba uchun ajratiladigan bonus miqdori anchagina salmoqli.

Endi “Istiqlol”da keyingi bosqichga chiqish uchun imkoniyat ortdi. Afsuski, AGMK yutqazgach, guruhda oxirgi o‘rinda. Agar “Istiqlol” guruhdan chiqadigan bo‘lsa, nima bo‘lishini tasavvur qilyapsizmi? Amalga oshmaydigan ishning o‘zi yo‘q. Tojikistonliklar esa buni maydonda isbotlashga tushdilar. “Istiqlol” bosh murabbiyiga qiziq savol bilan murojaat qildik: agar jamoangiz keyingi bosqichga chiqsa, nimani va’da berasiz? Javobini eshiting:

- Uchrashganimizda restoranda siz uchun juda hashamdor dasturxon solishga va’da beraman.

Oldinda yana ikkita o‘yin qoldi. Levchenkoning bunday va’dasi uchun rahmat. Ammo men uchun bundan ham ko‘ra, AGMKning guruhda qolishi emas, keyingi bosqichga chiqishi muhim. Bu borada Qosimov jamoasiga omad tilaymiz. Ammo tan olaylik, endi tojik futboli oldingidek emas. Ularda tezlik bilan rivojlanayotganini “Istiqlol” misolida ko‘rib turibmiz. Bizning klublar “Al-Hilol”ni yirik hisobda tor-mor keltirganini eslay olasizmi? Ilk turda AGMK bu raqib bilan 2:2 hisobida durang qayd etdi. Biroq to‘rtinchi turga kelib musobaqa jadvalini Markaziy Osiyo jamoasi boshqarmoqda va Markaziy Osiyo jamoasi yakunlab turibdi. Endi qolgan ikkita tur olmaliqliklar uchun hayot-mamot kabi o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi. “Istiqlol” esa murabbiyi aytganidek, hali syurprizlari oldinda, shekilli.   

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Турсун Ғани
26/04/2021 00:29
АГМК-Истиқлол бу галги натижа қандай бўлар экан. АлҲилолни 4:1 га ютиб Истиқлол ҳазиллашмайотганини бутун осиёга кўрсатиб берди, бу иш осон эмас, қўшнилар ғалабасидан ҳурсанд бўлдик, лекин биз учун энг муҳими АГМК ни ғалабалари, Қосимов шогрдларига ОМАД киенги баҳсларда.
Tolibov Oʻktam
25/04/2021 14:05
Shu Levchenko oʻtgan asrning 90-yillari oxirida Bekobodning Metallurg jamoasida toʻp surgan, emasmi?Buxoroning Sitora jamoasiga hol ham urgan edi.Birinchi ligada