
Isroil Madrimov mag‘lubiyatsiz odimlayotgan nokautchiga qarshi jang qiladi
Xabaringiz bor, 3 aprel kuni Toshkentda super boks kechasi tashkil qilinadi. Markaziy jang va anderkardda kimlar ringga ko‘tarilishi barchaga ma’lum bo‘lib ulgurgan. Shuning uchun bu haqida to‘xtalib o‘tishni lozim topmadik.
Muxlislarni qiziqtirayotgan eng asosiy voqeylik o‘zbekistonlik bokschilarning raqiblari kimlar bo‘lishidir. Bu borada Murodjon Ahmadaliev, Shahram G‘iyosov, Hasanboy Do‘smatov va Iqboljon Xoldorovning kimga qarshi jang qilishlari ma’lum bo‘lib ulgurgan.
Bugun, Isroil Madrimovning raqibi ham ma’lum bo‘ldi. Bu haqida olympicboxing.uz sayti ma’lum qildi. Madrimov Toshkentda o‘zi kabi mag‘lubiyatsiz odimlayotgan Kongo Demokratik Respublikasi vakili, WBO reytingida 12-o‘rinda qayd etilgan Emmani Kolomboga qarshi ringga ko‘tariladi.
Kolombo faoliyati mobaynida 14 ta jang o‘tkazgan va barchasida raqiblarini muddatidan avval taslim etgan. Isroil Madrimov esa, 6 ta jang va barchasida g‘alaba, 5 marotaba nokaut bilan zafar quchgan. Xullas, ajoyib jang bo‘lishiga shubha yo‘q. Yurtdoshimizga ushbu jangda omad tilab qolamiz!
Fikrlar