
"Iloji yo‘q narsani o‘zi yo‘q" yoxud Pro liga to‘purari Superligada ham to‘purarlikni ko‘zlayaptimi?
“Dinamo” klubi yangi mavsum uchun tarkibiga bir qator yangi o‘yinchilarni qo‘shib olayotganidan xabaringiz bo‘lsa kerak. Ulardan biri “Qo‘qon-1912” tarkibida to‘p surgan Anvar Hojimirzaev.
Bu futbolchi o‘tgan mavsumda Pro liga to‘purariga aylangan hujumchiga qiziqishlar bisyor edi. Yakunda esa futbolchi “Dinamo” klubini tanladi.
- Anvarjon «Dinamo»ni tanlashingiz nima bilan bog‘liq? Bilishimcha, sizda yana boshqa variantlar ham bor edi.
- Jamoa bosh murabbiyi Vadim Karlenovichni menga bo‘lgan ishonchi va Superligada o‘ynash ishtiyoqi, deb aytgan bo‘lardim.
- Vadim Abramov bilan suhbat qanday o‘tdi va sizga nimalar dedi?
- Qisqachasini aytadigan bo‘lsak, harakat qil, mehnat qil va o‘yna dedi. Men bor kuchimni ishga solaman.
- O‘tgan yili pro ligada to‘purar bo‘ldingiz. “Dinamo”da qanday maqsad qo‘ydingiz? Superliga ancha qiyinroq, u erda ham to‘purarlikni ko‘rsata olishingizga ishonchingiz komilmi?
- Qiyin bo‘lishi aniq, lekin iloji yo‘q narsani o‘zi yo‘q. Albatta, ishonaman. Mening maqsadim o‘zgarmaydi.
- Qo‘qondan ketishingizni sababi yana pro ligada qolib ketgani bilan bog‘liqmi?
- Bilasizmi, o‘zimni boshqa klubda sinab ko‘rmoqchiman. Qo‘qon klubi rahbariyati, murabbiylar shtabiga meni to‘g‘ri tushunishgani uchun rahmat aytaman va ularga omad tilayman.
- Yangi klubingizda do‘stlaringiz bormi? Sizni qanday qabul qilishdi?
- Albatta, bu erda hammasi aka-ukalarim. Jamoadagi barcha meni iliq kutib olishdi. Xudoga shukr, yangi klubimda hammasi yaxshi.
- Anchadan beri pro ligada edingiz. Endi Superligada o‘z so‘zingizni aytish vaqti keldimi?
- “Qo‘qon-1912” jamoasida 2 yil Super ligada va oxirgi yili pro ligada o‘ynadim. Endi esa Superligada oldimga qo‘ygan maqsadlarim sari kurashaman.
- Yangi klubda qaysi raqamni tanladingiz va nima uchun?
- Hali raqam tanlaganim yo‘q. Menga raqamni farqi yo‘q. Muhimi, muxlislarimizni xursand qilsak bo‘lgani.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar