
Ikki nafar kurashchimiz Zagrebda oltin medal uchun kurashadi
Reglamentga ko‘ra, ushbu kun dasturida saralash bahslari bo‘lib o‘tdi. Quvonarlisi, bugungi final bellashuvlarida ikki nafar hamyurtimiz oltin medal uchun gilamga chiqishadi.
-55 kg vazn toifasida sportchilar soni kam bo‘lgani uchun bellashuvlar aylana tizimida o‘tdi. Hozirgacha barcha raqiblarini mag‘lub etib kelayotgan Jasurbek Ortiqboev bugun germaniyalik Fabian Shmitni ham enga olsa, musobaqa g‘olibiga aylanadi. Ilhomjon Bahromov esa kumush medal uchun italiyalik Jiovanni Freni bilan hisob-kitob qiladi. Ilhom Bahromov kumush medal olishi uchun o‘zi italiyalik raqibini, narigi bellashuvda esa Ortiqboev Fabian Shmitni mag‘lub etishi kerak.
-60 kg vazn toifasida Islomjon Bahromovni turkiyalik Ahmet Uyarga qarshi final bahsi kutib turibdi. Bahromovga yarim final bahsida imkoniyatni boy bergan Firuz To‘xtaev esa bronza medali uchun kurashadi.
-67 kg vazn toifasida Mirzobek Rahmatov bronza medali uchun o‘tish bosqichida kurashsa, jahon chempionati finalchisi Aram Vardanyan (-72 kg) uchinchi o‘rin uchun finlyandiyalik Mikko Peltokangsni mag‘lub etishi talab etiladi.
Afsuski, musobaqada ishtirok etgan boshqa kurashchilarimiz medallar uchun kurashni erta tark etishdi. Eslatib o‘tamiz, bu kurashchilarimiz uchun uzoq muddatli tanaffusdan keyingi ilk start bo‘ldi. Musobaqadan ko‘zlangan maqsad esa sportchilarning yirik musobaqalar havosiga moslashib olishlarini ta’minlashdir.
Fikrlar