
Husanovni nega ikki baravar ko‘p pul berib bo‘lsa ham olib kelmading!
Abduqodir Husanov umumiy 50 million evro evaziga “Lans”dan “Manchester Siti”ga o‘tganidan keyin bu transfer ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Xususan, Rossiya futboli ekspertlari mamlakatdagi klublar sport direktorlari, selektsionerlari, mutaxassislarini o‘zbek futbolchisining iqtidorini o‘z vaqtida payqay olmagani uchun malomat qilyapti.
Misol tariqasida, Rossiya futbol uyushmasi faxriy prezidenti Vyacheslav Koloskovning fikrini keltirish mumkin.
- TsSKA skautlari iste’dod bobida Abduqodir Husanovdan kam bo‘lmagan Abbosbek Fayzullaevning salohiyatini ko‘ra oldi-ku. Balki Fayzullaev Husanovga nisbatan o‘zini yorqinroq ko‘rsata olgandir.
Rossiya klublari selektsionerlari nega Husanovni payqay olmadi? Buni men muhokama qila olmayman.
Men uning transferi haqida o‘qiganimda darrov: “Bizning selektsionerlar qaerda edi?”, degan savol tug‘ildi. Abduqodir O‘zbekiston va Belarusda o‘ynagan, demak ko‘z o‘ngimizda edi. Mudrab qolganmiz. Bu bizning sport menejerlarimiz obro‘sini oshirmaydi, - dedi Vyacheslav Koloskov.
TsSKAning sobiq futbolchisi Andrey Movsesyan “armiyachilar” klubida 12 yil davomida transferlarga mas’ul bo‘lgan. Bu mutaxassis Abduqodir Husanov Belarus chempionatida “Energetik-BGU”da o‘ynab yurganida unga e’tibor qaratganini, lekin Minsk shahri klubiga murojaat qilganida, “Lans” rahbariyati transfer bilan shug‘ullanayotgani haqida aytishganini ma’lum qildi.
Taniqli futbol agenti Dmitriy Selyuk Andrey Movsesyanni bu fikrlari uchun keskin tanqid qildi va noto‘g‘ri yo‘l tutganlikda aybladi.
- Yaqinda TsSKA sobiq sport direktori Andrey Movsesyanning intervyusiga ko‘zim tushdi. U TsSKA Abduqodir Husanovga qiziqish bildirganini, biroq “Lans” ulardan avval “Energetik-BGU” bilan muzokara boshlaganini aytgan.
Darrov savol beraman: “Andryusha, bu gaplarni nega endi aytyapsan? Bu bilan zo‘r markaziy himoyachini ko‘zdan qochirmaganingni isbotlamoqchimisan?
“Lans” Husanov uchun 100 ming evro to‘lagan. Nega TsSKA bu o‘yinchini 200 ming evro to‘lab olib kelmadi? Mana aynan shu omil bizdagi sport menejerlarining darajasini ko‘rsatadi, - dedi Dmitriy Selyuk.
Qizig‘i shundaki, Dmitriy Selyukning o‘zi ham Abduqodir Husanovning transferi amalga oshishidan avval o‘zbek futbolchisini “Manchester Siti” tikayotgan 50 million evroga arzimasligini bong urgan edi.
- Men Abduqodir Husanovni anchadan beri bilaman. U Belarus chempionatida “Energetik-BGU”da o‘ynagan davrda mening futbolchim bilan bir xonadonda yashagan. O‘zini ko‘rsata oldi va “Lans”ni qiziqtirib qo‘ydi.
Moslashuv davridan keyin bu jamoada iqtidorini namoyish qildi va yozishlaricha, uni so‘rab “Manchester Siti” kelibdi.
Meni ommaviy axborot vositalari keltirayotgan summa hayron qoldirdi. 50 million evro emish? Nimalar deyapsizlar? Men bunga ishonmayman! Bu qanaqadir o‘yin. Agar 15 million deganlaringda ishonsam bo‘lardi. Maksimum 20 million evro bo‘lishi mumkin. 40 million va qandaydir bonuslar haqida yozishyapti. Bunaqa raqamlar bilan faqat xalqni qo‘rqitasizlar.
To‘g‘ri, “Manchester Siti”da pul ko‘p. Balki bunaqa xarajat qila olar. Bilmadim. Lekin 50 million evro haqida gapirish ortiqcha. Endi sizlar markaziy himoyachi uchun bunaqa katta pul beradigan ko‘plar klublarni bilarsizlar, lekin men bunga ishonmayman.
Hoy, bir e’tibor qilinglar, “Roma” yozda Artyom Dovbikni “Jirona”dan 30 million evroga oldi. Sizlar 50 million evro haqida gapiryapsizlar axir, - deb gapirgandi.
Amalda esa, Angliyaning amaldagi chempioni “Manchester Siti” 20 yoshli o‘zbekistonlik markaziy yarim himoyachi uchun jami 50 million evro sarfladi. Shuni aytishsa kerak, “zar qadrini zargar biladi”, deb!
Gvardiola Husanov qachon debyut qilishini aytdi!
Shomurodov jamoasida oxirgi imkon qoldi!
Husanovning Gvardiolani hayratga solgan uchta sifati aytildi!
Husanovning transferi o‘zbek futbolchilari uchun Evropaga yo‘l ochadimi?
Fikrlar