
Husanov tufayli tojik futbolchisi boshqa chempionatni tanladi
Tojikistonlik futbolchi Alisher Rahimov taniqli insayder Ivan Karpga bergan intervyusida o‘ziga Qozog‘istondan taklif bo‘lgani, biroq Abduqodir Husanov tajribasidan kelib chiqib, Belarus oliy ligasiga yo‘l olganini ma’lum qildi.
- Qaror qabul qilish uchun vaqtim juda kam edi. Belarus va Qozog‘istondan variantlarni taklif qilishdi. “Smorgon” klubini tanladim.
Abduqodir Husanovning tajribasi shuni ko‘rsatyaptiki, har qanday futbolchi yaxshi klublarda o‘ynab ketishga qodir. Mening maqsadim ham u kabi Evropaning top-ligalarida to‘p tepish.
Men endi Medialiga haqida bosh qotirayotganim yo‘q. U erga qaytmoqchi emasman. Bor e’tiborimni professional futbolga va mashg‘ulotlar jarayoniga qarataman. Shu bois, Medialiga jamoalariga ko‘p bor rad javobini berdim, - dedi Alisher Rahimov.
22 yoshli Alisher markaziy hujumchi hisoblanadi. Shuningdek, har ikki qanotda hujumkor futbolchi vazifasini bajarishi mumkin. U futbol sir-asrorlarini Tojikistonning “Barkchi” klubida boshlagan. Keyinchalik Medialigada Rossiyaning “Amkal” va “Broke Boys” jamoalari sharafini himoya qilib, jami 49 ta uchrashuvda 14 ta gol va 11 ta assist muallifi bo‘ldi.
Joriy yil boshida Tojikiston oliy ligasida ishtirok etayotgan “Ravshan” klubiga qo‘shilgan edi. Biroq birorta uchrashuvda ishtirok etmay, Belarus chempionatiga yo‘l oldi.
Eslatib o‘tamiz, bugun jahon futbolida o‘chmas iz qoldirayotgan Abduqodir Husanov ham professional futbolchilik faoliyatini Belarus chempionatida boshlagan. Dastlab, “Bunyodkor” akademiyasida tahsil olgan Husanov Belarusga borib, “Energetik-BGU” mashg‘ulotlarida qatnashdi. Keyin shu klub bilan birinchi rasmiy shartnomasini imzoladi.
Belarus oliy ligasida bir yil o‘ynaganidan keyin 2023 yilning yozida “Lans”ga yo‘l oldi. Markaziy himoyachimizning O‘zbekiston U-20 terma jamoasi safida Argentinada o‘tkazilgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatidagi o‘yinlari Evropaning qator klublari skautlarining e’tiborini tortdi.
Frantsiya chempionatida bir yarim mavsum o‘ynagan legionerimiz o‘z salohiyatini namoyish eta oldi va joriy mavsum unga Evropaning yigirmaga yaqin klubi og‘iz soldi. Qishki transferlar davrida “Manchester Siti” rahbariyati o‘zbek futbolchisi uchun jami 50 million evro (40 million evro badal puli + 10 million evro bonus) tikib, Abduqodirni o‘z safiga qo‘shib oldi.
Husanov Angliya chempionatidagi birinchi o‘zbek futbolchisi sifatida“Manchester Siti” safida Premer-liga, mamlakat kubogi va Evropa Chempionlar ligasida debyutlarini nishonlab bo‘ldi, yangi jamoasida gollari hisobini ham ochdi.
Angliyada maydonlarida o‘zini ko‘rsatayotgan 21 yoshli legionerimizning transfer summasi bugungi kunda 35 million evroni tashkil qilmoqda. Husanov Osiyo futbolining eng qimmatbaho himoyachilaridan biri hisoblanadi.
Eng muhimi, o‘zbek futbolchisi jahon futbolining eng katta klublarida nufuzli ligalarni zabt etayotgani mintaqamizning ko‘plab yosh o‘yinchilariga kuchli motivatsiya bo‘lmoqda.
Fikrlar