
Husanov bilan do‘stlashgan “Real” yulduziga uchta grand klub xaridor! (foto)
Turkiya futbolining eng iste’dodli tarbiyalanuvchilaridan Arda Gyuler “Real”ga katta umidlar bilan kelgan edi.
“Fenerbahche” tarbiyalanuvchisi bo‘lgan bu futbolchini madridliklar 2023 yilning yozida 20 million evro evaziga transfer qilgan.
Gyuler iste’dodini har qancha namoyish qilmasin “Qirollik klubi”da asosiy tarkibdan muntazam joy ola bilmadi. Italiyalik bosh murabbiy Karlo Anchelotti tajribali o‘yinchilarga suyanishni ma’qul ko‘rmoqda. Shu bois, nafaqat Arda Gyuler, balki Braziliyadan olib kelingan Endrik ham etarli o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmayapti.
65 yoshli bosh murabbiy Karlo Anchelotti yoshlarga ham imkon berish haqida klub iltimoslarini e’tiborsz qoldirdi.
Kuni kecha Evropa Chempionlar ligasi doirasida Madridda bo‘lib o‘tgan uchrashuv doirasida Arda Gyuler o‘zbek futbolchisi Abduqodir Husanov bilan quchoqlashib ko‘rishgani do‘stona munosabat sifatida ko‘plab o‘zbekistonlik muxlislarning e’tiborini qozondi.
“Santyago Bernabeu”dagi bahsda legionerimiz to‘liq o‘ynagan bo‘lsa, turk yigiti maydonga tushmadi.
Endi bir necha manbalarning ta’kidlashicha, Arda Gyuler faoliyatida jiddiy o‘zgarish bo‘lishi mumkin. Jahon futbolida yuqori mavqega ega uch klub 19 yoshli futbolchini o‘z safiga qo‘shib olishga tayyorligini bildirdi.
“Liverpul”:
Joriy mavsum Angliya Premer-ligasi g‘olibligiga asosiy da’vogar bo‘lgan liverpulliklar tarkibni kuchaytirishni maqsad qilgan. Aslida “Liverpul” Arda Gyulerni u “Fenerbahche”da o‘ynab yurgan kezlari qo‘lga kiritishga urinib ko‘rgandi. Biroq bu borada “Real” ustalik qilib, iste’dodli futbolchini ilib ketdi.
Arne Slot ham turk futbolchisi yordamida maydon markazini mustahkamlash g‘oyasini qo‘llab-quvvatlamoqda. Qolaversa, yoyozda bu jamoada ham jiddiy o‘zgarishlar bo‘ladi va tarkibni yoshartirish ishlari amalga oshiriladi. Bu borada Arda Gyuler eng munosib nomzod.
“Bavariya”:
“Bavariya” Gyuler atrofidagi vaziyatni sinchkovlik bilan kuzatib boryapti. Myunxenlik mzljallayotgan variant “Qirollik klubi”ga ko‘proq ma’qul kelsa kerak. “Bavariya” turkiyalik yulduzli ijaraga olib o‘ynatmoqchi.
Bu klub tajribasida kuzatilgan variant. Ilgari ular madridliklardan mashhur hujumchi Xames Rodriges va himoyachi Alvaro Odriosolani ijaraga olib o‘ynatgan edi. Bu usul “Real”ga iste’dodli o‘yinchini klub ixtiyorida ushlab turish imkonini berishi bilan ahamiyatli.
“Manchester Yunayted”:
“Manchester Yunayted” bosh murabbiyi Ruben Amorim jamoani qayta shakllantirmoqda. Bu jarayonda Arda Gyuler singari ko‘p qirrali o‘yinchilarga doim ish topiladi. Manchesterliklar futbolchini olish uchun katta xarajatga tayyor.
Biroq bu transferni amalga oshirish oson bo‘lmaydi. Chunki manchesterliklar kelasi mavsum Evropa Chempionlar ligasida o‘ynamasa, Gyuler uning taklifini katta ehtimol bilan rad etishi aytilmoqda.
Transferlar bo‘yicha mutaxassislarning ta’kidlashicha, “Real” Arda Gyuler bo‘yicha rejasini qayta ko‘rib chiqishi kerak. O‘yinchining salohiyati va mahoratiga hech qanday shubha yo‘q. Biroq o‘sish ostonasida turgan futbolchiga etarli darajada o‘yin amaliyoti berilmasligi uni boshqa klubga o‘tish istagini tobora kuchaytirib boradi. Demak, kelasi yoz Arda Gyuler uchun muhim ahamiyat kasb etadigan ko‘rinadi.
Fikrlar