
"Humo" hokkey klubi qaytmoqda! "Qanotlilar" Qozog‘iston chempionatida ishtirok etadi
Koronavirus pandemiyasi tufayli ikki yil musobaqalarda ishtirok etmagan "Humo" hokkey klubi qaytmoqda.
"Qanotlilar" Qozog‘istonning "Pro Ligasy" turnirida kurash olib boradi. Ikki mamlakat hokkey federatsiyalari o‘zaro kelishuvga erishgan. Jamoa avval ham Qozog‘iston chempionatida ishtirok etgan. 2019-2020 yilgi debyut mavsumida "Humo" o‘ninchi o‘rinni egallagandi.
QHL boshqaruv direktori Andrey Sachuk bu haqda o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi: "Humo"ning qaytishi chempionatimizga ijobiy ta’sir qildi. Sog‘lom raqobat hech kimga zarar qilmaydi. Toshkent klubi o‘zining birinchi mavsumidan keyin ham safimizda qolishni istadi, ammo "Covid" cheklovlari bunga halal bergandi. Umid qilamizki, endi hammasi yaxshi bo‘ladi va ularning qaytishi barchamizga foyda keltiradi.
Balki bu holat Qozog‘iston chempionatiga kirishi mumkin bo‘lgan boshqa xorij klublari uchun ham o‘rnak bo‘lar. Qayd etish lozim, "qanotlilar" avgust oyining ikkinchi yarmiga belgilangan Qozog‘iston Kubogida qatnashishi rejalashtirilgan".
Bahodir G‘ofurov, O‘zbekiston hokkey federatsiyasi birinchi vitse-prezidenti:
“Humo” yana o‘yinga qaytdi. Klub koronavirus pandemiyasi sababli ikki yillik tanaffusdan so‘ng keyingi mavsumda Qozog‘iston "Pro Ligasy"dagi ishtirokini tiklaydi. Umid qilamizki, bu yangilik O‘zbekiston va Qozog‘iston hokkey muxlislarini xursand qiladi. Qozog‘iston chempionatida mahoratli jamoalar yig‘ilgan va umuman chempionat saviyasi ancha yuqori. “Humo” turniridagi ishtirok yurtimizda hokkeyni yanada ommalashtirish va rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonaman".
Fikrlar