"Hokim Kubogi" g‘olibi aniqlandi. Bu Kanchelskis jamoasi emas...

  • 20 fevral, 2024, 23:46
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Avval xabar berib o‘tganimizdek, Andijonda viloyat hokimi Kubogi musobaqasi tashkil etilgandi va kuni kecha mazkur turnir yakuniga etdi.

Tecno

“Hokim Kubogi”da “Andijon”, “Navbahor” va “Neftchi”ning U21 jamoalari, Andijondagi futbol akademiyasi, bolalar va o‘smirlar futbol maktabi jamoasi, shuningdek, Qirg‘izistondan “Muras Yunayted”, “Talant” singari klublar ham ishtirok etishdi.

Ayniqsa, taniqli mutaxassis Andrey Kanchelskis boshchiligidagi “Muras Yunayted”ning musobaqada qatnashishi unga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirgani rost. Shu bilan birga aynan “Muras Yunayted” “Hokim Kubogi” musobaqasining asosiy favoritlaridan biri sifatida ko‘rilayotgandi. Lekin Kanchelskis jamoasi yarim finalda “Neftchi” U21 jamoasiga 1:0 hisobida yutqazib qo‘ydi. Yarim finalning yana bir juftligida esa “Uz Tong Xong Ko” Qirg‘izistonning boshqa bir klubi – “Talant” bilan bellashdi va gollarga boy o‘tgan uchrashuvda qo‘shni yurt jamoasi 3:2 hisobida g‘alaba qozondi. Shu tariqa, finalda “Neftchi” U21 bilan “Talant” bellashadigan bo‘ldi.

muras1

Uchinchi o‘rin uchun “Muras Yunayted” bilan “Uz Tong Xong Ko” jamoalari bellashishlari lozim edi. Biroq qor yog‘ib noqulay ob-havo sharoiti yuzaga kelgani sababli maydonda futbol o‘ynashning imkoniyati yo‘qoldi. Natijada tashkilotchilar va  ikkala klub vakillari o‘rtasida o‘zaro kelishuv amalga oshirilgan holda “Uz Tong Xong Ko” ham, “Muras Yunayted” ham 3-o‘ringa loyiq ko‘rildilar.

Musobaqaning hal qiluvchi final bellashuvi Andijon futbol akademiyasining sun’iy qoplamali maydonida bo‘lib o‘tdi. O‘yinda ustunlikka erishgan Qirg‘izistonning “Talant” klubi “Neftchi” yoshlari ustidan 5:0 hisobida ustunlikka erishdi. Gollarga Nursulton To‘ktonaliev (3 ta), Mirlan Xudoyberdiev hamda Timur Amirov mualliflik qildilar.

talant

Shunday qilib, Andijonda o‘tkazilgan bu yilgi “Hokim Kubogi”da Qirg‘izistonning “Talant” jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Tabiiyki, o‘yindan keyin musobaqaning g‘olib va sovrindorlariga tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari ham topshirildi.

"O‘zbekistonda vaqtim zoe ketmaganligiga amin bo‘ldim" - Kanchelskis Qirg‘izistonning "MYu"siga qanday borib qolgani, "Navbahor"dagi do‘stlari va terma jamoamiz haqida

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!