
Hakim Fuzaylovni qanday muammolar qiynamoqda?
Pro ligadagi kurash qizg‘in tus olyapti. Har bir klub g‘alaba uchun borini beryapti. Pro ligada raqobat ko‘rsatayotgan “Xorazm” klubi bu mavsumni hozircha o‘zi istagan darajada o‘tkaza olmayapti. Shu bois yaqinda u erda bosh murabbiy ham o‘zgargan.
Hakim Fuzaylov “Xorazm” bosh murabbiyi sifatida ish olib boryapti. Chempionatning 11-turida “Xorazm” o‘z maydonida “Qo‘qon-1912”ni qabul qildi va unda 0:0 hisobi qayd etildi. Hakim Fuzaylov o‘z fikrlarini quyidagicha bildirdi:
“O‘yin haqida nima deyishim mumkin? Qiyinchiliklar bor, lekin uchrashuv taxminan teng kurashlar ostida o‘tdi, deb ayta olaman, - deya gap boshladi, Hakim Qayumovich. - O‘zimizning jamoamizga kelsak, oxirgi paytlarda safimizda jarohatlanganlar ko‘p. Qo‘shimchasiga o‘tgan turda jamoamiz sardorining maydondan chetlatilgani ham bu safar o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Umuman oladigan bo‘lsak, yigitlarga rahmat aytmoqchiman. Ular yomon o‘yin ko‘rsatishmadi. Albatta, ishlayotganimizning foydasi ko‘rinmoqda. Ozgina o‘yinchilar etishmasligi bor gap. Afsuski, birinchi davrani ushbu tarkib bilan yakunlashga majburmiz. Lekin har bir uchrashuvda oxirigacha harakat qilsak, ochkolar va g‘alabalar keladi. Biz to‘g‘ri yo‘ldamiz, yaxshi ish olib boryapmiz, deb o‘ylayman.
Jamoamizda toza hujumchi qolmadi. Timur Ismoilov hujumda to‘p surishi mumkin, oldin ham o‘ynagan. Oxirgi paytlarda qanotlarda harakat qilgan. Shu bois hujumda muammo bor. Oldingi chiziqni kuchaytirishimiz, hujumchi topishimiz darkor. Hozircha bor o‘yinchilar bilan harakat qilamiz. Meliev ham jarohatlangan. Yosh Komilovni tajribasi etmayapti. Jismoniy holati yanada yaxshi bo‘lishini xohlardik. Diamutenega kelsak, uning funktsional ko‘rinishi yaxshi. Ammo professional futbolda biroz tajriba etmayapti. Na o‘zbek, na rus tilini yaxshi bilmasligi unga qiyinchilik tug‘diryapti.
Bobur Qosimov haqida hozircha hech nima deya olmayman. Ammo undan jarohati haqida so‘radim. Ko‘rikdan so‘ng hammasi aniq bo‘ladi. Poyi cho‘zilganmi yoki poyi uzilganmi, aniq bilib olamiz. Futbolchilar etishmasligi sababli va u 60-70 foizga tayyorman degani sababli maydonga tushirdik”, - dedi Fuzaylov.
Fikrlar