Gvardiola Husanovning “Real” va “Liverpul”ga qarshi o‘yini haqida nimalar dedi?

  • 24 fevral, 08:50
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Angliya Premer-ligasi 26-turining eng tomoshabop o‘yinlaridan biri amaldagi chempion “Manchester Siti” va joriy mavsum peshqadami “Liverpul” o‘rtasida bo‘ldi.

Uchrashuvda Arne Slot shogirdlari 2:0 hisobida zafar quchdi. Xosep Gvardiola jamoasi to‘p nazorat qilishda ustunlik qilgan bo‘lsa-da, raqib darvozasini ishg‘ol qiladigan o‘yinchi topilmadi.

Mezbonlardan jamoaga yanvarda kelgan Abduqodir Husanov va Niko Gonsales qolganlarga nisbatan ancha yaxshi o‘ynadi. “Eskilar”dan Savinoning harakatlarini alohida ta’kidlash lozim.

Abduqodir Husanov ikki bor Muhammad Saloh, bir martadan Luis Dias va Dominik Soboslaining gol urishiga yo‘l qo‘ymadi. Aynan o‘zbek legionerining himoyadagi o‘yini hisobning yiriklashib ketishiga to‘sqinlik qildi.

Uchrashuv haqida fikr bildirgan Xosep Gvardiola “Liverpul”ning ustunligi, jamoasidagi muammolar va   Abduqodir Husanovning kuchli raqiblarga qarshi ishonchli o‘yini haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi.

- Biz “Liverpul”ga qarshi juda yaxshi o‘ynadik. Yakuniy zarbalarni berishda samaraliroq harakat qilishimiz kerak edi, biroq fantastik jamoaga qarshi o‘ynaganimizni ham inobatga olish kerak. G‘alaba qozonish uchun vaziyat ellikka ellik bo‘ldi, ammo imkoniyatlardan etarli foydalana olmadik.

Ikkinchi bo‘limda raqib chuqur himoyalandi. Biz ko‘p o‘yinlarda uddalay olmayotgan amaliyotni epladik. Ya’ni,  maqsadimiz raqibni o‘z jarima maydonchasiga qamab, ularni o‘sha erda mag‘lub etishga harakat qilish edi. Shunday bo‘ldi, faqat gol ura olmadik xolos.

Agar yutqazadigan bo‘lsak, bugungidek o‘ynab yutqazgan ma’qul. Men bugungi o‘yinchilar bilan klubning kelajagi porloq ekaniga amin bo‘ldim. Albatta, bunda Kevin de Bryuyne va Natan Akeni hisobga olmagan holatda, qolgan barcha futbolchilarimiz hali navqiron yoshda.

 Bu bahsda qatnasha olmagan Erling Xoland qachon safga qaytishi bilmayman. Lekin men norvegiyalik to‘purarimiz yo‘qligi uchun natijaga erisha olmadik, demayman. Chunki bu boshqa o‘yinchilarga nisbatan adolatsizlik bo‘ladi.

Abduqodir Husanov Madridda juda zo‘r o‘ynadi. O‘ng qanot himoyachisi pozitsiyada harakat qilib, Vinisius Juniorni to‘liq nazorat ostida ushlay oldi. “Liverpul”ga qarshi bellashuvda ham Abduqodir tezkor va tartibli o‘yin namoyish qildi.

Albatta, Husanov hali rivojlanishi va yanada o‘sishi talab etiladi, uning g‘ayritabiiy qobiliyatlari bor.

Yangi o‘yinchilardan Niko Gonsales va Umar Marmush haqida ham fikrlarim shunaqa. Ularning jismonan kuchli raqibga qarshi o‘yini oson kechayotgani yo‘q, - dedi Xosep Gvardiola.

Ta’kidlash joizki, “Manchester Siti” yanvar oyida yangi ijrochilar transferi uchun 200 million evrodan ortiq xarajat qilib to‘rt o‘yinchini qo‘lga kiritgan edi. Qishki transferlar oynasi davrida jamoaga qo‘shilgan himoyachi Abduqodir Husanov, yarim himoyachisi Niko Gonsales va hujumchi Umar Marmush muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmoqda.

Braziliyaning “Palmeyras” klubidan taklif etilgan 18 yoshli markaziy himoyachi Vitor Reys esa, Evropa futboliga moslashish va tajriba oshirish amaliyotini boshdan o‘tkazyapti.

“Manchester Siti” rahbariyati tarkibni yangilash va kuchaytirish ishlarini yozgi transferlar oynasi davrida ham davom ettirishni rejalashtirib qo‘ygan.

Husanovning Muhammad Saloh bilan “tanishib” olgan o‘yini qanday baholandi?

Gvardiola ketsa, Husanovga kim ustozlik qiladi?

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!