
Gol Husanov kelajagiga qanday ta’sir qilishini aytishdi!
Angliya kubogining 1/16 finalida “Manchester Siti”ning “Leyton Orient” jamoasiga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvi Abduqodir Husanovning xotirasida bir umrga saqlanadigan bo‘ldi.
Jamoasi yutqazayotgan pallada o‘yinga qo‘shilgan 20 yoshli legionerimiz himoyani mustahkamlash barobarida hisobni tenglashtirishdi ham. Aynan Husanovning goli o‘yinning burilish nuqtasi bo‘lib xizmat qildi. Keyinchalik Kevin de Bryuyne to‘p kiritib, “shaharliklar”ni keyingi bosqichga olib chiqdi.
Muhimi, Abduqodir Husanov Angliya maydonlarida professional darajada gol urgan birinchi o‘zbek futbolchisi sifatida nomini tarixga yozdirib qo‘ydi.
Hamyurtimizning birinchi professional jamoasi – “Energetik-BGU”da unga bosh murabbiylik qilgan Aleksey Merkulov shogirdining goliga munosabat bildirdi.
- Futbolda omad ham kerak degan fikrni hali hech kim rad etgani yo‘q. “Manchester Siti”ning birinchi goli urilgan vaziyatda Husanovning rolini unutmaslik, shuningdek, uni oshirib yubormaslik ham kerak.
Shuni aytishim kerakki, to‘p yo‘lida Abduqodir paydo bo‘lmaganida uni darvozabon qaytarib yuborgan bo‘lardi. Rikoshet tufayli gol bo‘ldi.
Eng muhimi, bu gol Husanovning asosiy tarkibga muntazam jalb qilinishida uning imkoniyatlari oshishiga xizmat qilsin, - dedi Aleksey Merkulov.
Ta’kidlash joizki, “Leyton Orient” darvozasiga birinchi gol kiritilgan vaziyatda “Manchester Siti” himoyachisi Riko Lyuis uzoq masofadan zarba yo‘lladi. To‘p markaziy hujumchi o‘rnida paydo bo‘lgan Husanovga tegib, darvoza to‘ridan joy oldi.
Legionerimiz faoliyatida xuddi shunga o‘xshash vaziyat bo‘lgan edi. “Lans”ning Frantsiya kubogi doirasida PSJga qarshi o‘tkazgan uchrashuvida Abduqodir Husanovning zarbasi jamoadoshi Mbala Nzolaga tegib, Matvey Safonov darvozasidan joy olgandi. O‘shanda gol Nzola hisobiga yozilgan. Bu gal teskarisi bo‘ldi.
Uchrashuvdan keyin Riko Lyuis gol muallifi Husanov ekanini e’tirof etdi.
- Gol Abduqodir Husanov nomiga yozilganidan xursandman. U jamoadagi ilk uchrashuvda yo‘l qo‘ygan xatosidan keyin yana o‘z darajasiga ko‘tarilib oldi. Bu gal Husanov haqiqatan zo‘r o‘ynadi. U o‘yinni to‘liq nazorat qildi, uzoq masofadan yo‘llanga zarbalarga o‘z vaqti reaktsiya bildirdi.
Men unga golli pas uzatdim, deb hisoblayman. Men shunchaki, jamoadoshim muvaffaqiyati uchun xursandman, - dedi Riko Lyuis.
Abduqodir Husanov qisqa fursat ichida “Manchester Siti” o‘yinchisi sifatida ikkita musobaqa – Premer-liga va Angliya kubogida debyutini nishonladi. Endi legionerimizning personal muxlislari uning Evropa Chempionlar ligasida “Real”ga qarshi 11 va 19 fevral kunlari bo‘ladigan ikki uchrashuvda maydonga tushishini kutmoqda...
Fikrlar