
Germaniya terma jamoasini tark etayotgan afsona haqida siz bilmagan 13 fakt!
SPORTS.uz Germaniya terma jamoasini uzoq yillardan beri boshqarib kelayotgan Yoaxim Lyov haqida siz bilmagan qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etadi.
Yaqindagina Yoaxim Lyov terma jamoa postini topshirishi aniq bo‘lgani haqida ma’lumotlar e’lon qilindi. Shu bois, taniqli mutaxassisning faoliyatiga nazar tashlashga qaror qildik. Lyov tarixiy shaxs sifatida Germaniya futbol muxlislari xotirasida abadiy qolishi aniq.
- Lyov "bundesmanshaft" tepasiga 2006 yilning 12 iyul sanasida kelgan. Vaholanki, u terma jamoalar markazi bilan 2004 yilda shartnoma imzolagan edi. 2006 yilda bo‘lib o‘tgan mundialda Yurgen Klinsmanga yordamchi bo‘lgan mutaxassis uning iste’fosidan keyin bosh murabbiyga aylandi. Germaniyalik futbol muxlislari Lyovning tayinlanganini eshitgach, e’tiroz bildirgan edi. Keyinroq, aynan u XXI asrdagi "bundestim"ning eng kuchli murabbiyi bo‘lishi hech kimning xayoliga kelmagan.
- Bugungi kunga kelib, mutaxassis terma jamoani qabul qilib olganiga 14 yilu 240 kundan oshdi. Evropa terma jamoalari postida hech qaysi murabbiy bunday uzoq muddat o‘z o‘rnini saqlab qolmagan. Undan keyingi o‘rinda Andorra terma jamoasini 11 yildan beri boshqarib kelayotgan Koldo Alvares bormoqda.
- Lyov Germaniya terma jamoasida ishlagan eng kamtarin murabbiy. U termaga qadar birorta katta klubni boshqarmagan. “Shtutgart”, “Karlsrue", “Fenerbaxche”, “Adanasport”, “Tirol” singari jamoalarda faoliyat olib borgan bo‘lsa-da, birorta sovringa ega chiqmagan.
- "Yogi" professional futbolchi bo‘lgani ko‘pchilikka noma’lum bo‘lishi mumkin. Mutaxassis yoshlik chog‘larida asosan Bundesliga ikkinchi divizionida faoliyat olib borgan. Asosan, “Frayburg”da yaxshi taassurot qoldirgan bo‘lib, Germaniya oliy divizionida 52 o‘yinda ishtirok etgan. “Shtutgart” klubi libosida qahramonimiz 7 gol kiritishga ham muvaffaq bo‘lgan.
- Quyi ligalarda uning ishlari yaxshi yurishgani rost. Hujumkor yarim himoyachi bo‘lgani uchun uning hisobida 81 gol mavjud. 252 o‘yin uchun chakki natija emas. O‘z vaqtida, unga Germaniya yoshlar jamoasidan taklif kelib tushgan. Lyov 4 o‘yinda ishtirok etganiga qaramay, birorta gol kirita olmagan.
- Murabbiylik faoliyatini 1994 yilda boshlagan. Shveytsariyaning “Vnturere” klubi safida butsalarini mixga ilgach, o‘sha yildayoq murabbiylikka qo‘l urgan. Oradan ko‘p o‘tmay, u vataniga qaytib keladi va “Shtutgart” murabbiylar shtabida o‘rin egallaydi. Bir yildan so‘ng, qahramonimizni rasman bosh murabbiy etib tayinlashadi. O‘zining murabbiylikdagi ilk yillaridayoq Germaniya kubogini qo‘lga kiritgan “Yogi” UEFA kubogi finalini “Chelsi”ga boy beradi.
- Lyov Germaniya terma jamoasida to‘p surmay, uni boshqargan 3-murabbiy sanaladi. Unga qadar bunday ishni Otto Ners (1926-36) va Erik Ribbek (1998-2000) amalga oshirgan, xolos.
- Uning boshqaruvida nemis futbolining bugungi yulduzlari debyut qilishga muvaffaq bo‘lgan. Tomas Myuller, Manuel Noyer shular jumlasidan. E’tiborlisi shundaki, Yoaxim terma jamoa eshiklarini barchaga ochib qo‘yishni xush ko‘radi. Uning qo‘l ostida shu kunga qadar 100 dan ortiq nemis futbolchisi terma jamoa libosida maydonga tushgan.
- Uning boshqaruvida "bundestim" barcha katta musobaqalarda ishtirok etgan. Konfederatsiyalar kubogini qo‘shib hisoblasak, ikki bor chempionlik, uch bor final va 6 bor yarim final. 14 yillik faoliyat uchun shunchaki ajoyib ko‘rsatkich!
- Lyov bu borada sayyoramizdagi mutlaq etakchi mutaxassis sanaladi. Evropa va jahon chempionatlarida u 34 o‘yinda shogirdlarini maydonga olib tushgan va 23 g‘alabaga erishgan. Musobaqaning final bosqichida hech kim u singari ko‘p o‘yin o‘tkazmagan. Bu borada ham Yoaximga teng keladigani yo‘q.
- "1:7" – Braziliyada chuqur ruhiy yoki jismoniy tushkunlikni bildiradi. Hozir ham bu atama trendda! "JCh-2014" "bundestim" aynan Lyov qo‘l ostida maydon egalarini er tishlatgan edi.
- Uning JCh finalining 88-daqiqasida Mario Gyottseni maydonga tushiradi. Unga murabbiy aytgan so‘nggi so‘zlarga e’tibor bering:
“Maydon chiq va Messidan kuchliroq ekanligingni isbotla!”
Darhaqiqat, 113-daqiqada Andre Shyurrle tomonidan uzatib berilgan to‘pni Mario raqib darvozasiga joylab qo‘yadi. Bunga qadar jahon chempionati tarixida final o‘yinida zaxiradan maydonga tushgan futbolchi hal qiluvchi golni kiritmagan edi. Bundan tashqari, Mario hali-hamon JCh finalida gol kiritgan eng yosh futbolchi (22) maqomini hech kimga bermay kelmoqda.
- Qahramonimiz bir necha yillardan beri sochlari sababli turli hazillar qurboni bo‘lib kelmoqda.Ko‘plab jurnalistlar undan parikdan foydalanishi haqida savollar bergan. Avvaliga, mutaxassis bu savollardan g‘azablanar edi. Keyin ko‘nikib qoldi. Uning bu mavzuda bergan eng so‘nggi intervyusiga e’tibor bering:
“Menga mish-mishlar etib keladi. Hammani shu narsa qiziqtirgani g‘alati. Bo‘lmagan gap! Men pariklardan foydalanmayman. Shunchaki, sochlarim sog‘lom va ular istagan tomoniga qarab o‘sadi. Esimni taniganimdan beri shunday uslubda soch o‘stiraman. O‘ylashimcha, boshimni yaxshilab ushlab ko‘rmoqchi bo‘lganlar qolmadi!”
Fikrlar