
Gennadiy Golovkin hamda Ryota Murata jangida kim g‘alaba qozonadi? O‘zbek boks olami vakillari javob berdi
9 aprel kuni Yaponiyaning Saytama shahrida professional boks kechasi tashkil etiladi. Mazkur oqshomning markaziy jangida Qozog‘iston vakili Gennadiy Golovkin mezbon bokschisi Ryota Murataga qarshi ringga ko‘tariladi. Ushbu jang o‘rta vazn (72.6 kg) toifasida IBF hamda WBA Super chempionlik kamari uchun o‘tkaziladi. Ya’ni, kamarlarni birlashtiruvchi jang bo‘ladi. Golovkin amaldagi IBF chempioni bo‘lsa, Murata WBA Super chempionlik kamari egasi sanaladi.
Mazkur jang barchada katta qiziqish uyg‘otgan va turli xil fikrlar va taxminlar ilgari surilmoqda. Biz ham ushbu qarama-qarshilik borasida o‘zbek boks olami vakillarining fikrlari bilan qiziqdik.
Sardor Rahimov -sharhlovchi
- Bu jang haqida so‘z yuritadigan bo‘lsak, har ikkisini havaskor boksda tajribasi bor. Biroq, Murata professional boksda hali Gennadiy Golovkin kabi raqibga duch kelgani yo‘q. Lekin tangani ikkinchi tarafi ham borki, Golovkin 39 yoshda, o‘rta vazn! Agar, bu yoshda ham o‘z darajasini ko‘rsata olsa, kamarlarni birlashtira oladi. Murata chempionlik jangida ham u qadar kuchli va jiddiy raqibga duch kelgan, deya ayta olmayman. Shaxsan men uchun bokschi sifatida Golovkin kuchliroq va u taktik jihatdan ham ustun. To‘g‘ri yosh haqida gapirdik, Murata ham u qadar yosh emas, 30 dan oshgan. Ochig‘i, uning janglarini ko‘rganimga ancha bo‘ldi va hozirda Golovkinni qanday jismoniy holatga egaligi ham mavhum. Ammo, yakuniy so‘z sifatida baribir Golovkinda imkoniyat yuqori, deb o‘ylayman.
To‘lqin Qilichev -murabbiy
- Bu jang borasida to‘xtaladigan bo‘lsak, tajriba, texnik va taktik jihatdan Golovkin ustunroq. Bu bilan Murataning texnikasi yaxshi emas, demoqchimasman. Murata ham Olimpiada chempioni hisoblanadi. Biroq, baribir Golovkin boks olamida katta nom va unda klass yuqori. Qolaversa, boks maktabi ham yaxshi va chiroyli yo‘lga qo‘yilgan. Ammo yosh borasida ham tafovut mavjud. Yaponiyalik bokschi Golovkinga nisbatan yosh va jang o‘z yurtida bo‘lmoqda. Shu ham qisman Murataning ustunlik jihati deb aytishim mumkin. Agar, Murata dastlabki raundlardan kuchli bosim, pressing bilan ishlasa, unda g‘alabaga imkoniyat bo‘lishi mumkin. Golovkin ham o‘sha bosimga dosh berib, jangni nazorat qila olsa, bahsni o‘z foydasiga hal qiladi, degan fikrdaman. Qisqa qilib aytganda, jang to‘liq davom etadi va ochkolar hisobida Golovkin g‘alaba qozonadi, deb o‘ylayman.
Elshod Rasulov - murabbiy
- Bu jangda favorit Gennadiy Golovkin hisoblanadi. Bilamizki, Golovkin sovrindor bokschi sanaladi. Shunday bo‘lsa-da imkoniyatlarni teng baholagan bo‘lardim. Garchi, Golovkin professional boks olamimda o‘z nomiga ega bo‘lgan, tajribali bo‘lsa-da, yoshi anchagina katta, Murata esa unga nisbatan yosh va g‘alabaga chanqoq deb ayta olaman. Bu jangda tajriba va ishtiyoq to‘qnashuvi bo‘ladi, desam yanglishmagan bo‘laman. Murata jiddiy qarshilik ko‘rsata oladi. Umumiy olib qaraganda har ikkisida ham g‘alaba qozonish imkoniyati mavjud.
Abduvohid Jalolov - murabbiy
- Golovkin yutsa kerak deb uylayman. Chunki bu bokschida yukori texnik mahorat bor. Havaskor ringda xam o‘z obro‘siga ega bo‘lgan. Raqibi Murata xam olimpiya chempioni hisoblanadi. Lekin prof ringa Golovkindan ancha keyin kelgan. Professional ringda tajriba Golovkinda ko‘proq, deb uylayman. Albatta, boksda xamma masalani ring hal qiladi. Kuchlilar yutaversin. Biz halol boks tarafdorimiz.
Alisher To‘ychiev -murabbiy
- To‘g‘risi, Gennadiy Golovkinni muxlisiman. Uning janglari juda chiroyli va haqiqiy boks namoyish etadi. Tajriba borasida ham Golovkin ustunroq. Nazarimda ushbu jangda qozog‘istonlik bokschi g‘alaba qozonadi, degan fikrdaman.
Hasanboy Do‘smatov -bokschi
- Bu jangda Riyota Murataning imkoniyatini yuqori baholagan bo‘lardim. To‘g‘ri, Golovkin ajoyib bokschi va yuqori tajribaga ega. Biroq, u hozir yuqori darajadagi jismoniy holatga ega deb ayta olmayman. Chunki yoshi ham anchaga borib qoldi. Murata esa unga nisbatan yosh va kuchga to‘lgan vaqti, qolaversa, jang Yaponiyada bo‘ladi. Mezbonlik faktori ham Murataning imkoniyatini oshirishi mumkin.
Azizbek Abdug‘ofurov -bokschi
- Bu jangda shubhasiz Gennadiy Golovkinni imkoniyati yuqori va u ushbu jangda g‘alaba qozonadi, degan fikrdaman. Murataga hurmatni saqlagan holda aytishim mukinki, Golovkin klass borasida undan anchagina ustun.
Feruzbek Yuldashev - murabbiy
- Bu jang juda qiziqarli o‘tishi aniq. Chunki, Gennadiy Golovkin qanday darajadagi bokschi ekanligini barcha yaxshi biladi. Murata ham bekorga chempion emas. U havaskor boksda ham Olimpiada chempioni bo‘lgan. Shuningdek, jang o‘zini yurtida, o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida bo‘lib o‘tadi. Lekin baribir Golovkinni darajasi yuqori va u ushbu jangda g‘alaba qozonsa kerak.
Fikrlar