"Gaplarim mubolag‘ali tuyular, ammo orzu qilsangiz kutilmaganda ro‘yobga chiqishi mumkin" - Xomyakov "Mash’al"ni 1-o‘ringa da’vogarligini isbotlamoqchimi?

  • 23 mart, 2021, 19:57
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Gazchilar” nomi bilan ham tanilgan “Mash’al” jamoasi ortda qolgan uchta turda ikkita mag‘lubiyat va bitta g‘alaba qayd etdi.

Tecno

Xabaringiz bor, chempionat boshlanishiga yaqin bosh murabbiy sifatida Aleksandr Xomyakov klubda ish boshladi. “Mash’al” bilan Xomyakov bir-biri uchun juda qadrdon. Bunga qadar rossiyalik mutaxassisning 10 yil davomida Muborak klubini boshqarganini hamma yaxshi biladi.

Orada “Mash’al”dan ketib o‘z omadini boshqa jamoalarda izlab ko‘rishga harakat qildi. Lekin Aleksandr Andreevich “Mash’al”dan keyin biror-bir klubda unchalik uzoq ishlamadi. Bu o‘sha jamoalarda rahbarlarning undan darhol natija talab qilgani bilan bog‘liqmi? Bu savolga Xomyakov atroflicha javob qaytardi.

- Murabbiy uchun klub rahbarlarining qo‘llab-quvvatlashidan muhimroq narsa yo‘q, - deya gap boshladi, Xomyakov. - Bu endi murabbiylik ishiga kirishgan va tajribali hisoblanadigan murabbiylar uchun birdek taalluqli. Sizning rahbaringiz faoliyatingizni yo‘lga qo‘yishda yordam berishi mumkin, shuningdek, uni buzib yuborishi ham ehtimoldan holi emas. Murabbiyda juda katta mas’uliyat bor. Buni ortida qo‘llab-quvvatlab turuvchi kishilar bo‘lishini istaydi. Agar kuchli klub tepasida turgan rahbarlar bosh murabbiyni qo‘llab-quvvatlab, kerak bo‘lsa himoya qilishar ekan, u xotirjam ishlashi mumkin. Bu – o‘ziga xos industriya. Unga o‘xshash o‘yin deyarli yo‘q. Siz har doim ham ijobiy natijalarni bera olmaysiz. Vaholanki, boshqa bir qancha sohalarda, jumladan, savdo-sotiqda doim yaxshi natijalarga erishsa bo‘ladi. Lekin futbolda natijaga erishish qator omillarga chambarchas bog‘liq. Bu o‘yinda hissiyotlar o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga ko‘tariladi. Hammasi bir tekis ketayotgan mahalda kutilmaganda olingan jarohatlar yoki ob-havo sharoitining o‘zgarishi ham yakuniy natijaga aks ta’sir ko‘rsatmasdan qo‘ymaydi.

Murabbiy uchun ishidagi eng murakkab jihatlardan biri uning mehnati naqadar jiddiy va mas’uliyatli ekanligini tushunadigan rahbarlarni topishdan iborat. Agar mana shunday rahbarlar topilar ekan, murabbiy o‘zini har tomonlama qulay his qilishga tushadi. U iste’foga chiqarib yuborilishi mumkinligini xayoliga keltirmay klubni rivojlantirish va uning mavqeini ko‘tarish uchun etarli vaqtga ega bo‘lgan holda ishlaydi. Murabbiy uchun o‘z g‘oyalarini amalga tatbiq etish bir qancha yillarni o‘z ichiga qamrab oladi. Agar siz ishingizni tushunadigan mana shunday rahbarlarni topadigan bo‘lsangiz (afsuski, bunday insonlar kamdan-kam uchraydi) u holda sizda yaxshi natijalarga erishish uchun imkoniyat paydo bo‘ladi. Ammo aksiga olib kerakli natija qayd etilmaydigan bo‘lsa, u holda shunchaki murabbiyni ishdan bo‘shatib yuboradilar.

Xomyakov2

“Andijon”dan ketishimga to‘xtaladigan bo‘lsam, ortga nazar tashlab shuni aytishim mumkinki, bu obdon o‘ylangan emas, balki shoshilinch tarzda qabul qilingan qarordir. Chunki rahbariyat har tomonlama obdon o‘ylab qaror qabul qilish o‘rniga his-tuyg‘ularga berilgancha shunday to‘xtamga kelgan. Qolaversa, o‘shanda klub rahbariyati bilan o‘rtamizdagi munosabat chog‘ida asablar junbushga kelganligini aytmog‘im kerak. Bugungi kunda ta’bir joiz bo‘lsa, murabbiyni klub tizimidagi murvatga o‘xshatish mumkin. U yaxlit mexnanizmni mustahkamlab turuvchi bir murvat bo‘lib, xizmat qiladi. Aytishim kerakki, murabbiy rahbariyat o‘zidan nimani kutayotganini bilib olishi kerak. U asosiy e’tiborni klub oldiga qanday maqsadlar qo‘yilayotgani, o‘sha maqsadlarga erishish yo‘lida qanday sharoitlar muxayyo qilinganini bilib olmog‘i darkor. Bu murabbiy ishidagi eng muhim jihatlardan biridir. Boshqa masalalar vazifalar bajarilishiga qaragan holda hal qilinaveradi. O‘z o‘rnida biz murabbiylar oldiga qo‘yilgan vazifalar bajarilishi uchun shuni amalga oshirish imkonini beruvchi shart-sharoitlar ham bo‘lishi maqsadga muvofiqdir.

Insoniylik omilidan tashqari vazifalar bajarilishi yo‘lida moliyaviy masala juda muhim ahamiyat kasb etmasdan qolmaydi. Har qanday holatda ham musobaqa jadvalida klub egallab turgan o‘rin ko‘p jihatdan maoshlar ro‘yxatiga bog‘liq bo‘ladi. Agar maosh qancha yuqori bo‘lsa, klubning jadvaldagi mavqei ham shunga yarasha yuqorilab boraveradi. To‘g‘ri, ba’zida istisnoli holat ham yuz berishi mumkin. Lekin bunday vaziyat kamdan-kam sodir bo‘ladi. Agar sen o‘zingni murabbiy rolida sinab ko‘rishga qaror qilgan ekansan, birinchi navbatda butun diqqatingni shu ishga qaratmog‘ing darkor. Bu xuddi narvondan ko‘tarilishga o‘xshaydi. Shuning barobarida sen klubning holatiga, uning tepasida turgan kishilarga e’tibor berishni o‘rganmog‘ing darkor. Odatda yosh murabbiylar bunga e’tibor berishmaydi. Faqat yillar o‘tib borishi bilan bu borada murabbiy tajriba to‘play boshlaydi. Shunda sen mas’uliyatni his qilgan holda natija qayd etish uchun butun diqqatingni qaratishing mumkin bo‘ladi.

Xomyakov4

Ko‘rib turganingizdek, Xomyakov o‘z qarashlarini batafsil ravishda tushuntirib berdi. Lekin “Mash’al”da rahbariyat murabbiyga nisbatan shoshma-shosharlik bilan munosabatda bo‘lmaydimi? Bu masalada murabbiyning qarashlari quyidagicha bo‘ldi:

- Shak-shubhasiz men birinchi navbatda klub prezidentidan minnatdor ekanligimni aytmog‘im darkor. U mening nomzodimni tasdiqlab jamoani boshqarishim uchun imkoniyat havola qildi. Yana bu masalada mening foydamga qaror qabul qilgan bosh direktorning roli katta ekanligini aytishim joiz. Agar sen professional litsenziyaga ega bo‘lar ekansan, ishingdagi muhim omillardan birida jamoa tepasidagi rahbarlarning seni tushunishi bo‘ladi. Ha, mutasaddilar bilan umumiy til topishganim bois “Mash’al”da o‘z vazifamni bemalol bajara olishim mumkin. Muhimi, atrofdan bo‘layotgan va kam sonli insonlar tomonidan tanqid toshlari otilgan paytda rahbarlar meni himoya qiladilar. Bu esa men uchun juda muhim. To‘g‘ri, har doim ham natijalar ko‘ngildagidek bo‘lavermaydi, lekin yuqoridagilar seni qo‘llab-quvvatlar ekan, o‘z-o‘zidan ularni hurmat qilish va ajablantirib qo‘ymaslik uchun katta ishtiyoq bilan ishingda davom etaverasan.

Aytishim kerakki, boy berilgan o‘yindan so‘ng, klub prezidenti bilan yakkama-yakka – yuzma-yuz uchrashishimga ham to‘g‘ri kelgan paytlar bo‘lgan. Mana shunday chog‘larda bu mening tarkibni tanlash borasidagi hisobotimni yoki izohlarimni erinmasdan tinglaydi. Payti kelsa, o‘yin uchun tanlangan taktika o‘zini oqlamaganligini aytib o‘tadi. Ayrim hollarda prezident yana shunday natija takrorlanadigan bo‘lsa, ishdan bo‘shatib yuborishi mumkinligini aytib, dag‘dag‘a ham qilib qo‘yishi mumkin. Lekin mening sha’nimga bo‘lgan barcha tanqidlar va e’tirozlar kabinetda qolib ketadi. Men bilan hamkorlik qilish borasida tajriba ega bo‘lgan Shermat Jo‘raqulovich mendan nimani istashini tushunadi. U bilan ishlab kelayotganimdan xursandman. To‘g‘ri, oradan vaqt o‘tishi bilan menda ham o‘zgarishlar kuzatilgan. 2009 yili men murabbiylik ishini boshlashga qaror qilgan yosh mutaxassis hisoblanardim. O‘shanda iloji boricha tezroq natija taqdim etishni o‘z oldimga asosiy maqsad qilib qo‘ygandim. Bugungi kunda ancha tajribam oshgan. Endi nafaqat natija, balki uzoq muddatli va istiqbolli loyihaning ko‘lami men uchun o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki  o‘zimdan yaxshi meros qoldirib ketishim kerak.

Xomyakov3

Yana shuni aytish darkorki, murabbiy uchun bosh va sport direktorlari bilan yaqin aloqada bo‘lish juda muhimdir. Shunda siz o‘z ishingizdan og‘ishmay oldinga qadam tashlashda davom etishingiz mumkin. Shukrki, “Mash’al”da hamfikrlar jamoasi jamlangan. Bizda hamma o‘zi bajarayotgan ish uchun javob beradi. Shuning barobarida ko‘p narsani birgalikda muhokama qilsak-da, bir-birimizning ishimizga hech burnimizni suqmaymiz. Bu esa klub ishida samarali mehnat qilish chog‘ida o‘ta muhim omillardan biridir. Oldingi yillarda barchamiz qo‘yilgan vazifalarni bosqichma-bosqich bajarib kelganmiz. Har mavsum boshlanishi oldidan birgalikda o‘tirib nimani istashimizni va qanday natijaga erishishni ko‘zlashimizni muhokama qilib olardik. Men buni ishga bo‘lgan to‘g‘ri yondashuv deb hisoblayman. Ayniqsa, uzoq muddatni o‘z ichiga oladigan rejalarni amalga oshirish chog‘ida bu tarzda yo‘l tutish juda muhimdir. To‘g‘ri, ba’zida muayyan natijaga erishishingiz uchun qancha vaqt kerak bo‘ladi, degan savollarni ham eshitishimga to‘g‘ri kelgan. Asosiysi, bizda – ya’ni, “Mash’al”da ishimizni xotirjam tarzda bajarishimiz uchun imkon berib kelganlar. Yana takrorlayman: rahbariyatning qo‘llab-quvvatlashi murabbiy uchun juda muhim omil sanaladi. O‘z o‘rnida bunday ishonchga ega bo‘lish kutilgan natijani berishimiz bilan bog‘liq bo‘lganligini aytib o‘tishim darkor. Ehtimol, shuning uchun bo‘lsa kerak, “Mash’al”dagi umumiy ishimiz chog‘ida bor-yo‘g‘i bir marta biz uchun yil omadsiz kelgan. Qolgan holatlarda esa rahbariyatni ham, jamoa ishqibozlarini ham ajablantirib qo‘ymaganmiz.

Ma’lumki, klubni qishki yig‘in chog‘ida ispaniyalik murabbiy Serxio Marinangelli tayyorladi. Shu sababli jamoa a’zolari o‘sha mutaxassisning ish uslubiga ko‘nikib qolgandilar. Endi bo‘lsa, Xomyakovning qarashlaridan kelib chiqib futbol o‘ynashyapti. Qiziq, o‘yinchilar uning o‘yin borasidagi falsafasini tushunishlari uchun qancha vaqt kerak bo‘ladi?

- Nazarimda, buning uchun menga ko‘p vaqt kerak emas, - deya mavzuni davom ettirdi, Xomyakov. - To‘g‘ri, jamoani qabul qilib olganimga hali ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. Lekin klubni ichidan yaxshi bilganim uchun bu masalada menda biror-bir muammo yuzaga keladi, deb o‘ylamayman. To‘g‘ri, baribir futbolchilar uchun men yangi murabbiy hisoblanaman. Shu boisdan ham bir-birimizga moslashib olishimiz uchun qandaydir vaqt kerak bo‘lishi tabiiy. Klub o‘yinini tubdan o‘zgartirish uchun biror-bir ehtiyoj yoki sababni ko‘rmayapman. Boisi, “Mash’al” o‘z falsafasiga ega bo‘lgan klubdir. Shuning uchun bir-birimizga moslashish jarayoni ko‘p vaqt talab qiladi, deb o‘ylamayman. O‘yinchilarning klub falsafasidan yaxshi xabardor ekanliklari mening vazifamni ancha soddalashtiradi. Chunki “Mash’al”da o‘ziga xos yagona tizim yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, shuning evaziga o‘zimni ancha ishonchli his qilishim mumkin. Murabbiy faoliyatida o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchni his etishi eng muhim jihatlardan biri hisoblanadi. Agar futbol maydonida jamoaviy ruhga sodiq qolgan holda o‘ynar ekanmiz, o‘z-o‘zidan har qanday kuchli raqibga muayyan muammolar tug‘dira oladigan kuchga aylanamiz, - deydi murabbiy. 

Xomyakov5

“Mash’al” uchinchi turda Muborakda “Metallurg”ni qabul qilib 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. O‘sha o‘yindan keyin matbuot anjumani chog‘ida Aleksandr Xoyakov “Mash’al”ning birinchi o‘rin uchun kurashishi mumkinligini aytdi. Buni ko‘pchilik jiddiy qabul qilgani yo‘q, bizningcha. Yoki bu hazilmidi?

- O‘yindan keyinoq intervyu berish sira qiyin ish. Odatda men matbuot anjumaniga o‘zimni tayyorlashga harakat qilaman va nimalar deyishimni xayolan o‘ylab olaman. Shuning barobarida ishqiboz mendan qanday javoblarni kutishi mumkinligini tasavvur qilaman. Shu bois bo‘lsa kerak, ba’zi gaplarim kimlar uchundir biroz mubolag‘ali tuyulishi mumkin. Birinchi o‘rin uchun kurashishga kelsak...Mana shunday maqol bor: Orzu qilishdan ehtiyot bo‘ling, ba’zida orzular o‘zingiz kutmagan mahalda birma-bir ro‘yobga chiqishi mumkin.

Menimcha, bo‘ldi. Shundoq ham savollaringizga javob berish uchun ancha vaqt sarfladim. Vaholanki, klubni “Andijon”ga qarshi o‘yinga tayyorlashim kerak. Meni to‘g‘ri tushunasiz deb o‘ylayman, - deya so‘zini yakunladi murabbiy.  

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!