"Futbolchilarimga hech qanaqa e’tirozim yo‘q" - Aleksandr Xomyakov ishtirokida matbuot anjumani
Bugun bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Kubogi finalidagi “Paxtakor” - “Buxoro” (1:0) uchrashuvidan keyin odatdagidek matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda dastlab buxoroliklar ustozi Aleksandr Xomyakov ishtirok etdi va savollarga javob qaytardi.
- Avvalo, “Paxtakor” klubini g‘alaba bilan tabriklayman. Keyingi yili ularga Osiyo Chempionlar ligasi 2 musobaqasida omad tilayman. Qolaversa, Buxorodan kelgan muxlislarga va andijonlik ishqibozlarga ham rahmat aytaman. Ular bizni ko‘proq qo‘llab-quvvatlab turishdi. O‘yinga keladigan bo‘lsak, odatda bunday finalda uchrashuv tadqirini birgina gol hal qilishi mumkin va bugun shunday bo‘ldi, deb ayta olaman. Futbolchilarimga hech qanaqa e’tirozim yo‘q. Ko‘rsatgan o‘yini, uchrashuvga bo‘lgan munosabati, o‘zlarini ajoyib tutishgani va jang bergani uchun minnatdorchilik bildiraman.
- “Buxoro” klubini o‘yin oxirida kiritgan goli bekor qilindi. O‘sha vaziyat haqida nima deya olasiz?
- O‘sha vaziyatni keyinroq takroriy holatini ko‘rdim. Meni shaxsiy fikrim: u erda ofsayd yo‘q edi. Lekin men mutaxassis emasman. Ekspertlar bor va ular bu borada xulosa chiqarishadi.
- Bashar Resanni qo‘pol o‘ynagan vaziyatida unga sariq kartochka ko‘rsatildi. Sizningcha, u qizil kartochka emasmidi?
- Birinchi taymda Po‘latov bilan bo‘lgan holat ko‘proq qizilga tortardi. Ammo aytganimdek, men bu borada mutaxassis emasman. Bir narsa deya olmayman. Mutaxassislar yaxshiroq bilishadi.
- Uchrashuvdan keyin jamoa kiyinish xonasida biroz noxushroq vaziyat, baqir-chaqir ovozlar eshitilgandek bo‘ldi. Go‘yoki, futbolchilar o‘zaro kelisha olmayotgandek taassurot qoldirdi. Umuman, kiyim almashtirish xonasidagi holat qanaqa?
- Hammasi ehtiroslar bilan bog‘liq. Ular yosh bolalar emas, kap-katta professional futbolchilar. Bunaqa holatda biroz qizishib ketishlari mumkin. Keyinchalik o‘zlarini bosib olishadi. Murabbiy sifatida kap-katta bolalarga o‘zingni bosinglar yoki boshqa nimadidr deb aytishim biroz noto‘g‘ri bo‘ladi. Ular hammasini tushunib turishibdi. Qolaversa, uch kundan keyin bizni yana muhim o‘yinimiz bor, ular buni ham yaxshi bilishadi. Barchasi kiyim almashtirish xonasida qoldi. Shuningdek, jamoamizdagi yosh o‘yinchilar uchun bunday holatlar keyingi faoliyatida saboq bo‘ladi. Jamoadan doim g‘alaba kutiladi. Ammo har doim ham g‘alaba qozonish imkonsiz narsa.
- O‘yingacha jamoa a’zolarini tayyorgarligi va kayfiyat qanday edi? Uchrashuvdan keyin jamoa legioneri Marko Kolakovich mag‘lubiyatga chiday olmasdan ko‘z yosh to‘kdi. Vaholanki, mahalliy o‘yinchilardan buni kutsa bo‘ladi, ammo legionerdan bu narsani kutmagandim.
- Buni sababi, futbolda futbolchilar sovrin yutish uchun o‘ynashadi. Albatta, biz “Paxtakor”ni qanchalik xavfli raqib ekanligini bilardik. Baribir bizda ishonch bor edi. Chunki bu final va finalda har xil vaziyat bo‘lishi mumkin. Marko Kolakovich ham ancha yillardan beri O‘zbekistonda o‘ynaydi. Shu erdagi faoliyati davomida nimadir yutib o‘zidan yaxshi iz qoldirishni xohlaydi. Balki o‘yindan keyin shu narsalar unga qattiq ta’sir qilgandir.



Fikrlar