
"Futbolchi sifatida o‘sishim uchun bu klubni tanladim". Endi Gonkong chempionatida ham legionerimiz bor
Xabaringiz bo‘lsa kerak, hamyurtimiz Sherzod Temirovga Gonkongning etakchi klublaridan biri – “Kitchi” jiddiy qiziqib qolgandi va tomonlar allaqachon muzokaralarni ijobiy hal qilgandilar. Biroq futbolchimizning yangi jamoasiga rasman qo‘shilishi cho‘zilayotgandi.
Nihoyat, Temirov to‘laqonli ravishda “Kitchi” klubining a’zosiga aylandi. Sherzod Gonkong chempionatiga ko‘chib o‘tganidan keyin o‘zining ilk intervyusini Sports.uz saytiga berdi.
- Sherzodbek, adashmasam sizni Gonkongning "Kitchi" klubiga o‘tganingiz rasman aniq bo‘ldi. Aslida yozda bu ish amalga oshishi kerak edi. Nega cho‘zilib ketdi?
- Assalomu alaykum! Intervyuga taklif qilganingiz uchun rahmat. Xudoga shukr, yana legionerlik nasib qildi. To‘g‘ri, bu transfer yozda bo‘lishi kerak edi. Lekin viza muammolari sababli biroz kutishga majbur bo‘ldim. Hozir hammasi joyida va jamoam bilanman.
- Gonkongga qachon etib borgansiz, u erda sizni qanday qarshi olishdi?
- Gonkongga kelganimga ancha bo‘ldi. Bu erda meni klub vakillari yaxshi kayfiyatda kutib olishdi. Bundan juda ham mamnunman. Buning uchun jamoamdagilarga rahmat aytaman.
- Yanglishmayotgan bo‘lsam, Gonkong chempionatida o‘ynaydigan ilk o‘zbek futbolchisiga aylandingiz. Yangi mamlakat va yangi mentalitet. U erga moslashishda qanday qiyinchiliklarni ko‘ryapsiz?
- To‘g‘ri, bu erda birinchi o‘zbek futbolchisiman. Yangi mamlakat, boshqa muhit va yangi jamoa...Moslashish jarayoni ancha yaxshi, Xudoga shukr. Jamoadoshlarim ham menga yordam berishyapti. To‘g‘ri, yangi mamlakatda hamma narsalarda farq qiladi. Qiyinchilik bo‘ladimi-yo‘qmi, barchasidan mehnat va sabr bilan o‘tiladi. Qiyinchiliksiz yangi marralarga erishib bo‘lmaydi. Agar qiyinchilik bilan hamma narsaga erishilsa, uning davomiyligi ham uzoq bo‘ladi. Xudoga shukrki, menda hammasi yaxshi.
- "Kitchi" klubida qaysi raqamni tanladingiz va nima uchun?
- Klubda 27-raqamni tanladim. Bu erda, yangi jamoam safida 27 oktyabr kuni tavallud ayyomimni nishonladim. Bu esda qoladigan lahzalar edi. Buning uchun jamoadoshlarimga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Shuning uchun ham men yangi jamoada 27-raqamni tanladim.
- Yangi klubingiz Osiyo Chempionlar ligasida ham ishtirok qilmoqda. U erda ham debyutingizni o‘tkazishingiz mumkinmi?
- Ha, albatta. Xudo xohlasa, OChLda ham deyutimni o‘tkazaman.
- Gonkong chempionati o‘yinlarida-chi? Qachon ko‘ramiz?
- Nasib qilsa, yaqin kunlarda. Buni o‘zim ham intilik bilan kutyapman. Buning uchun qattiq mehnat qilyapman.
- Erondan ketganingizdan keyin sizga boshqa takliflar ham bor edi. Nima uchun aynan Gonkongni tanladingiz?
- Agentim bilan maslahat qilib, futbolchi sifatida o‘sishim uchun ham bu klubni tanladim. Hozir ham boshqa variantlar bor. Lekin tanlov qilib bo‘lganman. Hozir barcha e’tiborimni yangi jamoamga qaratganman.
- Bu klubda turkmanistonlik Ruslan Mingazov ham bor. U bilan gaplashdingizmi? Moslashishingizga ko‘proq kimlar yordam beryapti?
- Bu erda tajribali futbolchilar ko‘p. Ular yaqindan yordam berishyapti. To‘g‘ri, turkmanistonlik Ruslan Mingazov ham shu erda. Ko‘proq u bilan gaplashaman. Tabiiyki, u ham menga yaqindan ko‘maklashmoqda. Xudo xohlasa, o‘zbekistonlik futbol muxlislarini qo‘limizdan kelganicha chiroyli o‘yinlar va gollar bilan xursand qilamiz. Ular bizni qo‘llab, duo qilib turishsa shuni o‘zi etadi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar