
Frantsiya futbolchilari Messi va uning Argentinasidan qo‘rqmaydi (maqola)
Qatarda bo‘lib o‘tayotgan Jahon chempionati o‘zining yakuniy nuqtasiga etib keldi. 18 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan final o‘yinida Frantsiya va Argentina terma jamoalari chempionlik uchun masalaga oydinlik kiritadi. Evropaliklar zafar quchsa, ketma-ket ikkinchi bor dunyo birinchiligida g‘olib bo‘ladi. Argentina g‘alaba qozonsa, Messi bilan uzoq kutilgan mundial oltin medallariga ega chiqadi.
Ushbu super to‘qnashuv oldidan frantsiyalik futbolchilar va bosh murabbiy Dide Desham raqib Messi va Argentina termasi haqida o‘z fikrlarini bayon qilib o‘tishdi. Unga ko‘ra, "xo‘rozlar" Leo va uning sheriklaridan zarracha qo‘rqmayotganini ta’kidlagan.
Teo Ernandes:
- Qatorasiga ikkinchi bor mundial finalida o‘ynash aqlga sig‘maydi. Biz bu finalda g‘alaba qozonish uchun qattiq mehnat qilyapmiz. Faqat oldinda turgan bahs haqida o‘ylashimiz kerak.
Men charchadim, to‘g‘ri. Ammo yarim finaldagi g‘oliblik ajoyib bo‘ldi. Yakshanbaga qadar tiklanib ulgurishimiz kerak.
Messi bizni qo‘rqita olmaydi. Argentina ajoyib jamoa. Shunga qaramay, biz faqat chempionlik uchun "jang qilamiz".
Olive Jiru:
- Messi super o‘yinchi. Ammo biz uning rohatlanib to‘p tepishiga yo‘l qo‘yib bermoqchi emasmiz. Biz mundialda zafar quchmoqchimiz va uni to‘xtatish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz.
Shuningdek, raqib tarkibida faqat Messi harakat qilmaydi. Jamoa uchun katta mehnat qilayotgan boshqa futbolchilar ham bor. Shuning uchun ular juda kuchli.
Antuan Grizmann:
- Biz Argentinaning o‘yinlarini ko‘rib chiqdik. Ular ancha qiyinchilik tug‘dira oladi. Hozir raqibimiz o‘zining eng ideal holatida.
Jiru aytganidek, bu terma faqat Messidan tashkil topmagan. Uning atrofida yuqori saviyadagi yigitlar jam bo‘lgan. Og‘ir o‘yin bo‘ladi, Argentinaga ko‘pchilik muxlislik qilishi bir tomondan foydali bo‘lishi mumkin. Boshqa tarafdan bu ularga bosim yuklaydi.
Orelen Tchuameni:
- Biz yaxshi himoyalanishim kerak. O‘zimizning eng yaxshi o‘yinimizni namoyish etmog‘imiz darkor.
Ha, ularning Messisi bor. Biroq yana 10 nafar futbolchi ham xavf tug‘dirishga qodir. Shunday ekan, biz barchasiga tayyor turishimiz lozim. Tarix yozishga juda yaqin turganimizdan xabardormiz. Buning uchun o‘ta qulay imkoniyat bor.
Dide Desham (bosh murabbiy):
- Bu jamoada juda zo‘r o‘yinchi bor va bu Messi ekanini hamma biladi. Bizni katta jang kutmoqda. Argentina tajovuzkor jamoa.
Buning oldini olish uchun qo‘limizdan kelganini qilamiz. Jamoalardan faqat bittasi uchinchi yulduzni oladi.
Messi turnir boshidan beri ajoyib harakat qilmoqda. To‘rt yil oldin hamma narsa boshqacha edi. U uchrashuvni biz kutgan holatda emas, balki hujumchi sifatida yakunlagandi. Endi ularda hujumchi bor, Messida esa erkinlik. U tez-tez to‘p bilan muomala qilmoqda va ajoyib formada ekani ko‘rinib turibdi.
Messi - dunyoning eng yaxshi futbolchisi yoki kamida eng yaxshilaridan biri. Uning o‘yinga ta’sirini imkon qadar cheklash uchun harakat qilishimiz kerak bo‘ladi. Ba’zi futbolchilarim bilan Argentina ham shunday qilishi kerak bo‘ladi. Lekin bu biz to‘rt yil oldin o‘ynagan Argentina emas. Shunisi aniq!", - dedi mutaxassis final oldidan.
Shuningdek, Frantsiya prezidenti Emmanuel Makron ham finaloldi Argentinaga qarshi uchrashuv oldidan o‘z fikrlarini ilgari surdi.
Emmanuel Makron:
- O‘ylashimcha, biz favoritmiz. Lekin Argentina har o‘yinida yaxshiroq harakat qilib bormoqda. Shuning uchun bu jamoa shu bosqichga qadar etib keldi.
Men Raboning formaga qaytishini kutyapman. Sababi, Marokashga qarshi ijobiy o‘yin namoyish etgan bo‘lsak ham ko‘p narsa tarkibga bog‘liq.
Menimcha, biz g‘alaba qozonamiz. Qolaversa, finalda ko‘p gollar bo‘lishini kutmoqdaman. 3 tadan ko‘p gol urilsa, hayron qolmayman", - deya o‘z fikrlarini ma’lum qildi 45 yoshli siyosatchi.
Ma’lumot o‘rnida, Argentina va Frantsiya terma jamoalari o‘rtasidagi final o‘yini 18 dekabr kuni soat 20:00 da boshlanadi.
Shohrux Zoirov tayyorladi.
Fikrlar