
Fayzullaev xavotirga solyapti!
Rossiya Premer-ligasidagi legionerlarimiz orasida eng yorqin o‘yin ko‘rsatayotgani, shubhasiz, Abbosbek Fayzullaev hisoblanadi.
21 yoshi hujumkor futbolchimiz tom ma’noda TsSKAning etakchisiga aylanib qolgan. “Armiyachilar”ning aksariyat hujumlari aynan o‘zbek legioneri orqali tashkil etiladi. Abbosning o‘zi turli pozitsiyalarda o‘ynay oladigan universal futbolchilar toifasiga kiradi.
TsSKA bosh murabbiyi Marko Nikolich qishki tanaffusdan foydalanib, jamoaning o‘yin uslubini o‘zgartirdi. Qishki yig‘inlarda “armiyachilar” yangi sxemada to‘p tepdi. Serbiyalik mutaxassis Abbosbek Fayzullaevning pozitsiyasini o‘zgartirdi.
Rossiya futboli mutaxassislari Nikolichning bu qaroriga turlicha munosabat bildirmoqda. Xususan, taniqli murabbiy Igor Shalimov bu borada o‘z fikr-mulohazalarini ma’lum qildi.
- TsSKA yangi o‘yin sxemasiga o‘tganidan keyin jamoa harakatlarida katta o‘sish ko‘zga tashlangani yo‘q. Bu uslub top-jamoalarga qarshi uchrashuvlarda samara keltirishi mumkin. Bunda raqibga kengroq maydon beriladi, “armiyachilar” esa, payt poylab tezkor qarshi hujumga o‘tib ketadi. Bu vaziyatda gol urish imkonyati oshadi.
O‘rtamiyona va autsayder jamoalar bilan o‘yinda TsSKA himoya chizig‘ini pozitsion hujum yordamida yorib o‘tishi talab etiladi. “Armiyachilar” o‘yinida aynan mana shu uslub yaxshi ishlab chiqilmagan.
Miralem Pyanich kelganidan beri o‘yinida o‘sish bo‘lgani yo‘q, kuzda qanday harakat qilgan bo‘lsa, hozir ham shunday. Balki unga yana vaqt kerakdir.
Ko‘pchilik qatori meni yangi sxemada Abbosbek Fayzullaev o‘zini juda qulay his qila olmayotgani xavotirga solmoqda. Abbosning o‘ziga bo‘lgan ishonchi avvalgidek emas, maydonda qabul qilayotgan qarorlar ham, - dedi Igor Shalimov.
Ta’kidlash joizki, avvalroq ham Abbosbek Fayzullaevning o‘zi ham maydondagi joyi o‘zgargani, yangi pozitsiyada o‘ynashga ko‘nikishi kerakligini aytgandi.
- Qishki o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari doim qiyin o‘tadi, chunki yuklamalar ko‘p, mashg‘ulotlar juda murakkab. Biz yangi o‘yin sxemasiga o‘tdik va hozir uni o‘zlashtirishga e’tibor qaratganmiz, unga ko‘nikish uchun biroz vaqt talab etiladi. Yangi sxema bo‘yicha biz to‘pga ko‘proq egalik qilamiz.
O‘zimning pozitsiyam o‘zgardi. Ilgari men bu darajada maydon ichkarisiga tushib, hujum qilmaganman. Bu usulda bir O‘zbekiston terma jamoasida o‘ynab ko‘rgan edim.
O‘yinda borimni berishga harakat qilaman, ayni paytda murabbiy meni 8-raqam pozitsiyasida o‘ynatyapti. Bolaligimdan 10-raqam o‘rnida o‘ynab kelganman va bu joyda o‘zimni ancha qulay his qilardim. Hozir o‘zimning yangi qirralarimni kashf qilyapman, deyishim mumkin. Vaqt berilsa, hujum sxemasida bu pozitsiyada ham samarali o‘ynashni o‘rganib olaman, - degan edi Abbosbek Fayzullaev.
Eslatib o‘tamiz, Abbosbek Fayzullaev 2023 yilning avgust oyida “Paxtakor”dan TsSKAga ko‘chib o‘tdi. Shundan beri “armiyachilar” safida barcha turnirlarda 55 marotaba maydonga tushib, sakkizta gol va 20 ta assist muallifi bo‘ldi.
Fikrlar