
Fayzullaev Evropaga ketyaptimi?
O‘zbekiston milliy terma jamoasi noyabr oyidagi FIFA kunlari doirasida ikkita rasmiy uchrashuv o‘tkazdi.
2026 yilgi jahon chempionatining Osiyo mintaqasi saralash turniri uchinchi bosqichida Srechko Katanets shogirdlari safarda Qatar va KXDR terma jamoalari bilan kuch sinashdi. Qatarliklarga 2:3 hisobida imkoniyatni boy bergan futbolchilarimiz Laosda tashkil qilingan ikkinchi bahsda shimoliy koreyaliklarni qiyinchilik bilan 1:0 hisobida mag‘lub etdi.
Ikki uchrashuvdagi uchala golni Abbosbek Fayzullaev kiritdi. Qatarliklar darvozasini ikki bor boshi bilan ishg‘ol qilgan 21 yoshli hujumkor futbolchi, KXDR darvozabonini 25 metrdan yo‘llagan zarbasi bilan ojiz qoldirdi.
Fayzullaevning xalqaro miqyosdagi qahramonliginidan keyin uning Evropaga yo‘l olishi haqidagi axborotlar yana ko‘paya boshladi.
Umuman olganda, Abbosbek xalqaro miqyosdagi uchrashuvlarda o‘zini har tomonlama ko‘rsatib kelmoqda. Xususan, 21 yoshli o‘yinchi 2024 yilning o‘zida milliy terma jamoada 15 ta uchrashuv o‘tkazib, oltita to‘p kiritdi va bitta assist qayd etdi. Bundan tashqari, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi safida Parij Olimpiadasida uch marotaba maydonga tushdi.
Fayzullaevni xorij klublari mutasaddilari ancha avvaldan kuzatib kelmoqda. Uning TsSKAdagi faoliyati muvaffaqiyatli chiqayotgani ham legionerimiz foydasiga ishlayapti. Abbos “armiyachilar” safiga qo‘shilganidan beri jami 51 ta uchrashuvda ettita gol va 20 ta assist muallifi bo‘ldi. Uning pozitsiyasi uchun juda zo‘r statiktika.
Rossiyalik ekspertlarning yozishicha, Abbosning klub va terma jamoa o‘yinlarida katta o‘sishga erishayotgani xorij klublarining unga bo‘lgan qiziqishini oshirib boryapti.
2023 yilning avgustida “Paxtakor”dan TsSKAga 500 ming evro evaziga transfer qilingan Fayzullaev bugun 6 million evroga baholanmoqda. Bu o‘sish ko‘proq uning terma jamoadagi o‘yini sifatiga bog‘liq ekani ta’kidlanyapti. Agar O‘zbekiston milliy terma jamoasi jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritsa, ko‘p o‘yinchilarimiz qatori Abbosning ham transfer summasi yana ko‘tariladi.
TsSKA selektsioner-murabbiyi Alan Dzagoev Rossiya nashrlariga bergan intervyusida Fayzullaev yaqin kelajakda Evropa klublarida o‘ynashiga shubha qilmayotganini bildirdi.
- Agar Fayzullaev qishda yoki kelasi yozda Evropa klublaridan biriga o‘tsa, umuman ajablanmayman. Tabiiyki, “Barselona”ga emas, lekin beshinchi-oltinchi o‘rinlar uchun kurashayotgan jamoalarda ko‘rishimiz mumkin.
Agar Abbos shu darajada o‘ynashni davom ettirsa, keyingi bir-ikki yilda u TsSKAda qolmasligi tayin, - dedi Alan Dzagoev.
Transferlar bo‘yicha ekspertlar TsSKA o‘zining eng zo‘r aktivlaridan hisoblangan Abbosbek Fayzullaevni Evropa klublariga transfer qilishga shoshilmaydi. “Armiyachilar” legionerning transfer summasi maksimal darajaga etishini kutadi. Chunki ularning transfer siyosati shunday. Xususan, TsSKAda porlagan Golovin, Musa va Vlashich kabi yorqin iste’dodlarni Evropa klublariga o‘tkazishda shunday yo‘l tutilgan.
O‘z navbatida, o‘yinchini ortiqcha ushlab qolish ham mumkin emas. Misol uchun, “Kristal Pelas” TsSKAna Fyodor Chalov uchun 25 million evro taklif qilganida “armiyachilar” o‘z hujumchisini qo‘yib yubormagan. Oxir oqibat o‘tgan yoz 3 million evro evaziga Gretsiyaning PAOK klubiga o‘tdi.
Ayni paytda Abbosbek Fayzullaev 6 million evroga baholanayotgan bo‘lsa, bu narx TsSKAni qoniqtirmaydi. Katta ehtimol bilan “armiyachilar” O‘zbekistonning jahon chempionatiga chiqishini kutadi va o‘z yulduzini imkon qadar qimmatroq baho evaziga transfer qiladi.
Grandlar nishonida turgan Husanovning o‘yini Evropada qanday baholandi?
Fikrlar