
Farhod Mirahmatov: "Paxtakor"dan taklif? Bu yolg‘on. Oldimda 100 foizlik variantlar bor, faqat...
Joriy mavsumda “Andijon”ning eng yaxshi futbolchisi deya atalayotgan chap qanot himoyachisi Farhod Mirahmatov mahalliy muxlislarning mehrini qozondi.
Hozirda ko‘pchilik uning kelasi mavsumni boshqa jamoada o‘tkazishi borasida taxminlarni ilgari suryapti. Qolaversa, ijtimoiy tarmoqlarda Mirahmatovni u yoki bu klubga o‘tyapti, degan xabarlar ham tarqalmoqda. Sports.uz muxbiri Farhod bilan bog‘landi hamda vaziyatga oydinlik kiritdi
- Ha, menga bir qator klublardan qo‘ng‘iroqlar bo‘ldi, - deb gap boshladi Mirahmatov. - “Andijon” bilan tuzgan shartnomam 31 dekabrgacha. Lekin ungacha Andijonga borib klub rahbarlari bilan gaplashib olmoqchiman. Yangi mavsum uchun qanday rejalar tuzilayotganini, sharoitlar qanaqa bo‘lishini rahbarlar bilan gaplashgach, agar hammasi ma’qul kelsa, “Andijon”da qolishim ham mumkin. Mabodo, to‘g‘ri kelmasa ketaman. Bu – futbol. Yaxshi takliflar bo‘lsa, hamma o‘sha klubga ketadi deb o‘ylayman. Oldimda 2-3 ta jamoalardan 100 foiz takliflar turibdi. Lekin o‘zimdan-o‘zim bo‘ldi, sizlarga qo‘shilaman deya olmadim. Negaki, baribir “Andijon” klubidan beruxsat keta olmayman. Ketadigan bo‘lsam ham rahbarlar bilan ko‘rishib, do‘stona ravishda xayrlashmoqchiman. Axir o‘zimdan-o‘zim ketib qolmayman. Andijonda uchinchi yil to‘p suryapman. Menimcha, yangi yilgacha ko‘p masalaga oydinlik kiritilsa kerak.
“Paxtakor”dan taklif? Yo‘q, bu yolg‘on. Ertalab uyg‘onsam, uyimdagilar seni “Paxtakor”ga chaqirishdimi, deb so‘rashdi. Yo‘q, qaerdan oldinglar bu xabarni desam, internetga kirgin, deyishdi. Qarasam, “Paxtakor” taklif qildi, deb yozishibdi. Ammo bunday emas, “Paxtakor”dan menga chaqiruv bo‘lgani yo‘q.
Birinchi davrada AGMK klubi qiziqqandi. Ikkinchi davrada ham bir gaplashib ko‘rdik. Ammo ular chap qanot himoyasiga boshqa futbolchini olishga qaror qilishibdi. Bundan xafagarchilik yo‘q. Bu – futbol, bu – hayot. Lekin rost, AGMKdan qiziqish bo‘ldiyu, biroq 100 foizga jamoamizda o‘ynaysan, degan gap bo‘lmadi. AGMKga qarshi o‘yinimizdan keyin murabbiy yordamchisi yonimga kelib, nechanchi yilsan, deb so‘rab ketgandi.
Qaysi klublardan takliflar bo‘layotganini aytish to‘g‘ri deb hisoblamayman. Chunki buni hali aytish shart emas. Balki men “Andijon” jamoasida qolishim ham mumkin. Buni Xudo biladi. Hali klub rahbari bilan uchrashmadim, hammasini gaplashib olgan boshqa, baribir. Sizga taklif bilan chiqqan klublarni aytishim noto‘g‘ri. Negaki, hali shartnoma tuzmadim.
Ushbu mavsum haqida? 2020 yil butun dunyoga og‘ir keldi, deb o‘ylayman. Bizning jamoamizda ham qiyin bo‘ldi. Mavsum davomida to‘rtta murabbiy bilan ishladik. Bu to‘rt xil uslub, to‘rt xil dunyoqarash degani. Murabbiylarning ko‘rsatmalarini maydonda bajarishga harakat qildik. Lekin ko‘rgan bo‘lsangiz, chempionat yarmidayoq etakchilarimiz klubdan ketishdi. Natijada 12 nafar futbolchi bilan o‘ynashga majbur bo‘ldik. Qolganlar esa yoshlar. Ular hali katta o‘yinlarga tayyor emas. Baribir hammaga rahmat aytmoqchiman. Qiyinchiliklarga chidab oxirida jamoani Superligada saqlab qoldik, - deya so‘zini yakunladi, futbolchi.
Fikrlar