
Evropa Ligasi: dastlabki ikki o‘yin prevyusi
«Kopengagen» - «Istanbul Bashakshexir»
«Kopengagen»: Jamoa UEFA reytingida 39-raqamda qayd etilgan. Evropa Ligasi klublari orasida esa 8-o‘rinda. «Sherlar» milliy birinchilikni «Mityulland»dan keyingi ikkinchi pog‘onada yakunladi. Daniyaliklar «B» guruhining ikkinchi jamoasi sifatida pley-offga chiqdi. 1/16 finalda Shotlandiyaning «Seltik» klubi umumiy 4-2 hisobida taslim etildi. Klubning ushbu turnirdagi eng yaxshi natijasi joriy mavsumda qayd etilmoqda.
Tarkib: Kaufmann, Varela, Nelsson, Bellann, Boylesen, Bil, Zeka, Mudrajiya, Yonsson, Uind, Falk.
Ishtirok eta olmaydi: Santos, Sigurdsson, Fisher, Nikolay Tomsen.
Diskvalifikatsiya xavfi ostida: Stage
Tarkibga qo‘shilganlar: Boylesen, Mudrajiya
Klubdan ketganlar: Dame Ndoye
«Istanbul Bashakshexir»: Turklar UEFA reytingida 71-pog‘onadan joy olgan. Evropa Ligasi klublari orasida esa 12-raqamda saralangan. «J» guruhi g‘olibi sifatida keyingi bosqichga yo‘l olgan jamoa pley-offning birinchi bosqichida Portugaliyaning «Sporting» klubini 5-4 hisobida mag‘lub etib, nimchorak finalda qatnashadigan bo‘ldi. Joriy mavsum o‘z tarixida birinchi bor Turkiya chempionligini qo‘lga kiritgan istanbulliklar Evropa Ligasida ham eng yaxshi natijalarini qayd etib turishibdi.
Tarkib: Gunok, Kaysara, Shkrtel, Epureanu, Klishi, Vissha, Kaxveji, Tekdemir, Topal, Demba Ba, Krivelli.
Diskvalifikatsiya xavfi ostida: Klishi, Krivelli, Gulbrandsen, Kaxveji, Buruk, Shkrtel.
Tarkibga qo‘shilganlar: Emre Kaplan, Sarikaya
Klubdan ketganlar: Okechukvu, Robino.
Stole Solbakken («Kopengagen» bosh murabbiyi): «Milliy chempionatdagi so‘nggi bellashuvdan so‘ng, kichik tanaffus olganimiz yaxshi bo‘ldi. Bu kabi katta bosimdagi o‘yinga tayyor bo‘lish uchun biroz dam olib, kuch yig‘ishimiz lozim edi. Istanbulliklarning holati «Yuventus» va «Liverpul»nikiga o‘xshaydi. Ular chempionlik kayfiyatida. Biroq ular chempion bo‘lmasidan avval ham ajoyib futbol namoyish qilayotgandi. Menimcha, bu chempionlik ularga ushbu uchrashuvda ham qo‘shimcha kuch beradi».
Okan Buruk («Istanbul Bashakshexir» bosh murabbiyi): Bizda birinchi uchrashuvdagi g‘alabadan so‘ng kichik ustunlik bor. Tezkor gol urib olishimiz bizga yanada katta engillik beradi. Dastlabki daqiqalardan futbolchilarimni shu maqsadda maydonga tushiraman. Biz «Kopengagen» jamoaviy futbolni yaxshi ijro etishini bilamiz. Ularning kuchli va ojiz tomonlarini o‘rganib chiqdik. Ular milliy chempionatda o‘zlari xohlagan natijani qo‘lga kirita olmadi. Ammo bu maydonda ahamiyatsiz jihatga aylanadi. Bizni qiyin o‘yin kutib turibdi».
Ushbu jamoalar o‘z tarixlarida ilk marotaba o‘zaro to‘qnash kelmoqda. Ularning Istanbulda kechgan o‘yinida to‘liq ustunlik mezbonlar tarafida bo‘ldi. Bahs mobaynida Demba Ba bir necha imkoniyatlarni ko‘kka sovurdi. O‘yinning 88-daqiqasida aynan unga nisbatan jarima maydonchasida qo‘pollik ishlatilgani sababli hakam penalti belgiladi. Vissha esa uni raqib darvozasiga aniq yo‘llab g‘alaba goli muallifiga aylandi.
Bugungi bellashuvda daniyaliklar jon-jahdi bilan oradagi farqni yo‘qqa chiqarishga harakat qiladi. Ammo tarkib jihatidan ancha to‘kisroq hisoblangan mehmonlarda kichik ustunlik bor.
«Shaxtyor» - «Volfsburg»
«Shaxtyor»: Ukraina chempioni UEFA reytingida 18-o‘rinda qayd etilgan. Evropa Ligasi klublari orasida esa «konchilar» 4-pog‘onada. Jamoa Chempionlar Ligasi guruh bosqichini uchinchi o‘rinda yakunlab, Evropa Ligasi pley-offiga yo‘llanma olgan. «Bo‘rilar»ga qarshi bahsga ular Portugaliyaning «Benfika»sini 5-4 hisobida engish orqali etib keldi. Klub 2008/2009 yilgi mavsumda ushbu musobaqa g‘olibi bo‘lgan.
Tarkib: Pyatov, Dodo, Krivtsov, Matvienko, Markos Antonio, Stepanenko, Alan Patrik, Marlos, Junior Moraesh, Taison, Xochovala.
Diskvalifikatsiya xavfi ostida: Alan Patrik, Bolbat
Tarkibga qo‘shilganlar: Xristenko, Vitao
Klubdan ketganlar: Bondarenko, Izmaili, Mudrik, Muravski
«Volfsburg»: Nemis klubi UEFA reytingida 41-o‘rinda, Evropa Ligasida esa 9-o‘rinda qayd etilgan. Yakuniga etgan Bundesligada ular 7-pog‘onani egalladi. «I» guruhini ikkinchi o‘rinda yakunlagan «bo‘rilar» 1/16 bosqichda «Malmyo»ga hech qanday imkoniyat qoldirmadi (5-1). Ushbu qarama-qarshilikda yutib chiqqan taqdirda, klub tarixidagi eng yaxshi natija uchinchi qayta takrorlanadi. Avvalroq, 2009/2010 va 2014/2015 yilgi mavsumlarda germaniyaliklar chorak finalgacha etib kelgan.
Tarkib: Kastils, Tisserand, Pongrachich, Bruks, Rusillon, Ginshek, Arnold, Shlager, Joao Viktor, Vegxorst, Brekalo.
Ishtirok eta olmaydi: Otavio, Villiam, Mexmedi, Kamacho, Steffen.
Diskvalifikatsiya xavfi ostida: Arnold, Bruks, Villiam, Vegxorst.
Klubdan ketganlar: Karamoko, Robin Knoke, Mentsel, Moker, Tasshe.
Luish Kashtru («Shaxtyor» bosh murabbiyi): «Ular hujumda juda kuchli. Hujum uchligi to‘pni qabul qilar ekan, sizning darvozangiz xavf ostidaligi aniq. Bu biz uchun muammolar tug‘dirishi mumkin. Bu kabi yaxshi hujum chizig‘iga ega jamoalar bunday paytlarda katta kuch bilan oldinga tashlanadi. Ularning bosimi raqib futbolchilarini xato qilishga majbur etishi mumkin. Biz «Volfsburg»ning kuchli tomonlarini sezib turibmiz. Shuningdek, jamoam bilan ularning ojiz tomonlaridan foydalanib qolishni reja qilganmiz. Bahs taqdirini belgilovchi gol ancha kech uriladi, deb o‘ylayapman. Nima bo‘lgan taqdirda ham, keyingi bosqichga chiqishimiz kerak».
Oliver Glasner («Volfsburg» bosh murabbiyi): «Biz ushbu turnirdagi eng tajribali jamoalardan biri bilan raqobat olib bormoqdamiz. Ular deyarli har mavsum Chempionlar Ligasida o‘ynaydi, o‘z milliy chempionatini yutadi va Evropa Ligasida ham yaxshi natijalarga erishgan. Men «Shaxtyor»ni asabiylashyapti, deb o‘ylamayman. Futbolchilarim o‘z imkoniyati darajasidan ham yuqoriroq o‘ynashi kerakligini tushunib turibdi. Bizga kamida ikkita gol kerak. Bu qanchalik og‘ir bo‘lmasin, o‘zimizga ishonch bilan harakat qilamiz».
Dastlabki to‘qnashuv anchayin qiziqarli voqealarga boy bo‘ldi. Yomg‘ir sababli «Volfsburg» maydoni ikkala jamoaga ham qiyinchiliklar tug‘dirdi. Futbolchilar texnik imkoniyatlarini va tezkor harakatlarini ko‘rsatishga qiynaldi. Buni har ikki jamoa tomonidan foydalana olinmagan penaltilar orqali ko‘rishimiz mumkin. Bugun Donetskdagi o‘yingoh intrigaga to‘lib toshgan. Mezbonlar chempionlik kayfiyatida harakat qilishadi. «Volfsburg» esa milliy chempionatdagi muvaffaqiyatsizlikni xalqaro maydon bilan yuvishi kerak.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar