
Evroda g‘alati kun!
"Evro-2024"ning birinchi tur uchrashuvlari davom etadi. Bugun 3 ta bahs bo‘lib o‘tdi va unda kutilmagan natijalar qayd etildi.
Ruminiya - Ukraina
O‘yinda favorit Ukraina edi, lekin 29-daqiqada Stanchu ajoyib zarbasi bilan hisobni ochgan bo‘lsa, 53-daqiqada Marin bizga yana shunday golni taqdim etdi. Oradan ko‘p o‘tmay farq 3 taga etdi va ukrainlar shok holatiga tushib qoldi. Bu Ruminiyaning ushbu turnirdagi eng yirik hisobda g‘alaba qozongan ikkinchi o‘yinidir. Jamoa noqulay raqib ekanligini ko‘rsatib qo‘ydi. 3 ochkoni qo‘lga kiritgan Eduard shogirdlari "E" guruhida birinchi o‘ringa chiqib oldi.
Belgiya - Slovakiya
"Oltin avlod"idan faqatgina Lukaku, De Bryuyne, Karrasko, Vitsel, Vertongenlari qolgan jamoa hech yo‘q bitta turnirda zafar quchishi uchun harakat qilinayotgan bir paytda chempionat mag‘lubiyat bilan boshlanmoqda. Uchrashuvda tezkor gol urildi. 7-daqiqada Shrants hisobni ochishga muvaffaq bo‘ldi. Shundan keyin belgiyaliklar ikki marta javob qaytardi, lekin gollar ofsayd sabab hisobga olinmadi. O‘yinning antiqahramoni esa Romelu bo‘ldi. Hujumchi 3 ta imkoniyatni golga aylantira olmadi. Shu tariqa, Belgiya guruhda 3-o‘rin egasiga aylanib oldi.
Avstriya - Frantsiya
Ko‘pchilik frantsuzlardan yirik hisobdagi g‘alaba kutgan bo‘lsa, ayrimlar avstriyaliklarning mo‘jiza yaratishi mumkinligini taxmin qilishdi. Ammo deyarli hech kim kutmagan holat yuz berdi: Frantsiya avtagol evaziga 3 ochkoni qo‘lga kiritdi. Birinchi taym so‘nggida Mbappening qanotdan reyd uyushtirib, bergan pasidan keyin to‘pni Vyober o‘z darvozasiga joylab qo‘ydi. Frantsiya ko‘p imkoniyatga ega bo‘ldi, lekin ularni golga aylantirishga qiynaldi. Desham shogirdlari mazkur bahsdan keyin guruhda Niderlandiyadan keyin ikkinchi o‘ringa joylashdi.
Fikrlar