
Eronliklar mendan jamoamiz haqida so‘rashdi - "Paxtakor" va "Persepolis"ning sobiq futbolchisi raqibning kuchli va kuchsiz jihatlari haqida nimalar dedi?
Osiyo Chempionlar ligasining chorak finalida “Paxtakor” Eronninng “Persepolis” jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Vakillarimiz nimchorak finalda eronliklarning yana bir klubi – “Istiqlol”ni taslim qilgandi. “Persepolis”ga qarshi uchrashuv esa yanada murakkab kechishini taxmin qilish qiyin emas. O‘zbekistonlik futbolchilar orasida aynan “Persepolis”da to‘p surgani ham bor.
Jumladan, Aleksandr Lobanov 2016 yili mazkur jamoa sharafini yarim mavsum davomida himoya qilgandi. O‘z navbatida u “Paxtakor” klubida ham bir necha yillar davomida faoliyat olib borganini yaxshi bilasiz. Aytish kerakki, Lobanov “Persepolis” jamoasini yaxshiroq biladi. Hozirda “Metallurg” darvozasini qo‘riqlayotgan darvozabon muhim bahs oldidan “Paxtakor” va “Persepolis” haqida gapirar ekan, ularning imkoniyatini chamaladi.
- Aleksandr, “Paxtakor”ning Osiyo Chempionlar ligasidagi o‘yinlarini kuzatayotgan bo‘lsangiz kerak. Nima deb o‘ylaysiz, klub musobaqani yutishga qodirmi?
- Menimcha, “Paxtakor”ning potentsiali ancha yuqori. Fikrimcha, ular kamida yarim finalgacha chiqishlari kerak. Jamoaning o‘yini yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Hujumda ham faol harakatlanayotganliklari ko‘zga tashlanyapti.
- Siz o‘z vaqtida Eronning “Persepolis” tarkibida o‘ynagansiz. Raqibning kuchli va kuchsiz jihatlarini ayta olasizmi?
- “Persepolis”ning kuchli tomonlariga kelsak, ha, men ushbu jamoada o‘ynaganman. Shu sababli ularning ayrim jihatlarini bilaman. Buning ustiga “Persepolis”ning Osiyo Chempionlar ligasidagi bir nechta uchrashuvlarini ham kuzatib boryapman. Aytishim mumkinki, eronliklar standart vaziyatlarda xavfli. Jarima zarbalari, burchak to‘plarida “Persepolis” futbolchilar yaxshi o‘ynashadi. Shu bilan birga bu jamoa raqibning tezkor hujumga o‘tishini yoqtirmaydi. Lekin ikkinchi qavatdagi kurashlarda ancha faol. Aksincha, erda to‘p bilan o‘ynash borasida ularda kamchilik bor. Aynan shu jihat raqibning biroz kuchsiz tomoni hisoblanadi. Boya aytganimdek, “Persepolis” ko‘proq standart vaziyatlarda o‘ynashni xush ko‘radi. Tabiiyki, hujumga tezkorlik bilan o‘tishni ham yaxshi ko‘rishadi. Lekin shu bilan birga raqibning tezkor qarshi hujumlariga tayyor bo‘la olmaydilar. Shu jihat “Persepolis”ning yana bir kuchsiz tomonlaridan biri.
- Ushbu jamoada kimlar bilan aloqani saqlab qolgansiz?
- To‘g‘ri, “Persepolis”ning ayrim o‘yinchilari bilan hozirgacha gaplashib turaman. Misol uchun jamoa sardori Axmad bilan aloqada bo‘lib kelaman. Aytgancha, u ham mendan “Paxtakor” haqida so‘ragandi. Lekin men unga bu haqida javob bermadim. Harqalay “Paxtakor” menga yaqinroq klub. “Persepolis”dan ko‘ra, men uchun birinchi o‘rinda turadi. Albatta, men o‘ynagan paytdan beri jamoa tarkibi ancha o‘zgarib ketgan. Murabbiylar ham almashgan. Shuning uchun “Persepolis”da avvalgidan ko‘ra, ayrim o‘zgarishlar bor. Masalan, u erda o‘ynagan paytimda futbolchilarning texnikasi yuqori edi, tezkor o‘yinchilar ko‘p edi. Hozir esa boshqacha. “Persepolis” haqiqiy sof eroncha jamoaga aylangan.
- Shuningdek, “Paxtakor” darvozabonining o‘yinlarini ham diqqat bilan kuzatayotgan bo‘lsangiz kerak. Afsuski, har o‘yinda darvozasi daxlsizligini saqlab qolish qiyin ish. Hamkasbingizning o‘yini borasida nima degan bo‘lardingiz?
- “Paxtakor” darvozabonlari haqida shunday deyishim mumkin, u erda hozir ikkita teng kuchli posbon bor. Ha, raqobat bor. Lekin jamoada ikkita kuchli darvozabon bo‘lsa, gohida raqobat jamoaning foydasiga ishlamaydi. Shunday bir jihat borki, jamoada bir darvozabon o‘zini ishonchliroq his qilishi kerak, boshqasiga qaraganda. Ikkita teng kuchlisi esa bir-biriga halaqit qilishi mumkin. Bu shaxsiy fikrim. Yana qaytaraman, “Paxtakor”dagi ikkala darvozabon ham kuchli. Bu albatta jamoa uchun foydali bo‘lishi mumkin. Lekin bu jarayon ularning o‘zlari uchun kuchsizdek tuyulishi mumkin. Chetdan qaraganda, ikkalasi yaqin, do‘stdek ko‘rinadi. Birga shug‘ullanishadi, mashg‘ulotlar ham yuqori saviyada. Ammo aslini qaraganda, ikkalasi ham kuchli bo‘lsa, bir darvozabon ikkinchisiga biroz xalaqit qiladi. Gohida turli xatolar bo‘ladi. Maydonda o‘ynayotgan boshqa chiziq vakillaridan darvozabonlarga nisbatan ko‘proq xatoliklar bo‘ladi. Lekin posbonning xatosini hamma darhol ko‘radi va sezadi. Shunda ko‘pchilik darvozabon kuchsiz ekan, deyishga tushishadi. Biroq aslida bunday emas. Shunchaki, adashsa, uning xatosi sezilarli bo‘ladi. O‘yinchi adashsa va jamoasi gol o‘tkazsa ham ko‘proq darvozabon aybdor bo‘lib qoladi. Aslida esa gol o‘tkazib yuborilsa, birgina posbon emas, butun jamoa o‘tkazgan bo‘ladi. Mag‘lubiyat ham, g‘alaba ham jamoaniki.
Fikrlar