
Endi yig‘lamaylik!
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Milliy terma jamoasi bugun "JCh-2026" saralashi doirasida Qirg‘iz Respublikasi bilan kuch sinashadi. Mazkur to‘qnashuv Toshkent vaqti bilan 21:00da start oladi. Shundan so‘ng esa 25 mart kuni safarda Eronga qarshi maydonga chiqamiz. Bu qisqacha ma’lumot edi. Endi esa muhim bellashuvlar oldidan mavzuyimizning badiiy qismiga o‘tamiz.
Xullas, bundan roppa-rosa 8 yil avval O‘zbekiston terma jamoasi xuddi hozirgidek Mundialga chiqish uchun yaxshi imkoniyatga ega bo‘lib turgandi. O‘shanda Janubiy Koreya terma jamoasining eng kuchsiz davrlaridan biriga duch kelgandik. 6-turda Janubiy Koreya kutilmaganda Xitoyga 0:1 hisobida imkoniyatni boy bergan. Afsuski, bizning termamiz ham bu imkoniyatdan unumli foydalana olmay, Suriyaga xuddi shu hisobda mag‘lub bo‘lgan.
7-turda O‘zbekiston (Qatarni) ham Janubiy Koreya (Suriyani) ham xuddi shu hisoblar bilan raqiblarini taslim qilgan.
8-turda raqibimiz ancha jiddiy va guruhda yo‘qotishsiz va hatto gol o‘tkazmay kelayotgan Eron edi. Ha, forslarning bu jamoasiga qarshi o‘sha paytdagi imkoniyatimiz bilan yaxshi natija qayd etish mushkul edi. Yakunda ham shunday bo‘ldi va O‘zbekiston terma jamoasi Karlush Keyrush shogirdlariga 0:2 hisobida mag‘lub bo‘lgan. Bizni xursand qilgan jihat (o‘sha vaqt uchun) koreyslar ham Qatarga 3:2 ko‘rinishida imkoniyatni boy berib qo‘ygan.
9-turda Janubiy Koreya uchun qiyin sinov bo‘lishi, biz esa bu vaziyatdan maksimal foydalanishimiz kerak bo‘lgan holat vujudga kelgandi. Sababi, koreyslar guruh liderlari Eron bilan o‘ynashi, biz esa Xitoyga qarshi safarda maydonga chiqishimiz kerak bo‘lgan. Ha, ko‘pchilik Xitoyga qarshi uchrashuvni foydalanilmagan epizodlar bilan yaxshi eslaydi. Bikmaev va Sergeevning o‘ta qulay vaziyatlarn ko‘kka sovurgani, Odil Ahmedovning Sergeevdan uyg‘onishni so‘ragani va uning uchrashuvdan keyin bergan emotsional intervyusi aksar yoshi kattaroq muxlislarning ko‘z o‘ngida gavdalanayotgan bo‘lsa kerak. Biz o‘shanda xitoyliklarga 0:1 hisobida mag‘lub bo‘lib, o‘zimiz uchun o‘ta qulay bo‘lgan imkoniyatdan foydalana olmaganmiz. Janubiy Koreya esa Eron bilan durangga imzo chekkan.
So‘nggi, 10-tur. O‘zbekistonda 12, Janubiy Koreyada esa 10 ochko. Ha, hamon bizda imkoniyat bor. Koreyslar ustidan o‘z maydonimizda qozonilgan g‘alaba va biz Mundialdamiz. Biroq ushbu to‘qnashuv 0:0 hisobida yakuniga etgan. Qarangki, 9 tur davomida o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan Eron so‘nggi turda Suriya bilan 2:2 hisobidagi durangga imzo chekkan. Bu esa O‘zbekistonni hatto o‘tish o‘yinida ham ishtirok eta olmasligini anglatardi.
Anzur Ismoilovning "yomon bo‘pti-ku", degan intervyusi, Xayrulla Hamidovning sharhdan keyingi emotsiyalari esimda. Ma’lum lahza o‘zbek futboli muxlislari sukutga cho‘mgan, ayrimlarning tilidan "shirin so‘zlar" otilib chiqqan va balki singan televizorlar! Ha, oxirgi turda biz Mundial masalasini hal qilmoqchi edik. Janubiy Koreya dahshatli emasdi. Mayli, keraksiz uchrashuvlarda ko‘p ochko yo‘qotdik. Biroq bitta o‘yin bilan yuvib ketsa bo‘ladigan holat edi, ammo buni uddalay olmagandik. Samvel Babayan boshchiligidagi vakillarimiz 13 ochko bilan 4-o‘rinda guruhni yakunlab, Mundialsiz qolgan. 2016 yil sentyabr boshlarida ko‘z yosh to‘kkan xalq 2017 yil sentyabr avvalida ham yig‘lagan, nazdimda. Shaxsan o‘zim ham televizorni o‘chirganman va qayta yoqqanman. Balki bir marta o‘chirib yoqsam, vaziyat o‘zgarib qoladigandek. Shunchaki, karaxt holga tushganman. 15 yoshda edim, yig‘laganman ham.
Shundan so‘ng Qatardagi Mundial saralashining 3-raundiga ham chiqa olmaganmiz. Yaqin kelmaganmiz, emotsiyalar, intrigalar bo‘lmagan. Shunchaki, hafsalamiz pir bo‘lgandi, xolos.
Ana endi oradan vaqt o‘tib, biz Jahon chempionatiga chiqishga yaqinmiz. Aytmoqchi bo‘lgan gapim, o‘shanda termamiz futbolchilarida kuchli bosim, muxlislarning ularga nisbatan ishonchsizligi, har bir xatti-harakat uchun yopirilib keluvchi tanqidlar avj olgan palla edi. Kecha matbuot anjumanida Temur Kapadzedan aynan hal qiluvchi pallalar oldidan bosim qay darajada ekanligini so‘radim. So‘nggi paytlarda futbolimizda pozitivlar ancha ko‘paydi. Abduqodirning "Siti"ga o‘tishi, Shomurodovning "Roma"dagi yorqin o‘yinlari, Fayzullaevning talanti, Masharipov, O‘runov, Aliqulov va boshqa ko‘plab futbolchilarimizning yuqori klassda namoyish etayotgan o‘yini bizda futbolimiz, ayniqsa termamizga nisbatan yuksak ishonch shakllanishiga sabab bo‘lmoqda. Shuningdek, bosh murabbiy Kapadzeni ham xalq yaxshi ko‘radi. Bir marotaba u futbol ishqibozlarimizni rosmana xursand qilgan. Yana shunday qilishini hamma kutib turibdi. Yigitlar, balki buni o‘qirsiz yoki o‘qimassiz. Jurnalist sifatida yozish mening burchim. Biz ayni vaqtda Osiyoning eng kuchli jamoalaridan birimiz. Qarshimizdagi har bir raqibni taslim eta oladigan darajada tarkib, shart-sharoit va muxlislarning ishonchi sizlarda bor. Hal qiluvchi pallada sizdan faqat va faqat sovuqqonlik va xotirjamlikni so‘rab qolgan bo‘lardim. Ha, bosimni his qilmasdan o‘ynashning iloji yo‘q. Biroq men va balki yana ko‘plab muxlislar ana shunday bosimdan cho‘chib qolganmiz. U kuchaygan pallada bizda aksar pallalarda "sinish" kuzatilardi. Biroq men hozirgi yigitlar va termamizni har qanday katta bosimni o‘z potentsiali va jangovarligi bilan "sindirib" tashlay oladigan darajada, deb bilaman.
Muxlislar etarlicha ko‘z yosh to‘kkan. Ular hozir sizlarni ko‘kka ko‘tarmoqda. Futbol ichida yurib, kommentlar o‘qib, insonlar bilan suhbatlashib, ularning fikri ancha o‘zgarganini his qildim. Hatto endi "taksist" akalar ham Husanovning "Siti"ga o‘tganini, Shomurodovning gollarini, Fayzullaevning iqtidorini og‘iz ko‘pirtirib maqtamoqda. Bularning barchasi sizning mehnatingiz, o‘z ustingizda tinimsiz ishlaganingiz mevasi. Siz endi ularni yana ham xursand qilish imkoniga egasiz. Bu amalga oshishiga katta ishonch bor va zarracha shubha qilmapyamiz. Oxir-oqibat, o‘sha Mundialga chiqishimizni his qilib turibmiz. Muxlislar ko‘p bora alam ila ko‘z yoshlar to‘kkani rost. Endi yig‘lamaylik!
Karim Xudayqulov maqolasi
Fikrlar