
Ektor Kuper: Meni faqat g‘alaba qoniqtiradi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi ikkinchi saralash bosqichining “D” guruhidan o‘rin olgan. Guruhda terma jamoamizga Saudiya Arabistoni, Falastin, Yaman hamda Singapur termalari raqiblik qiladi.
Ektor Kuper boshchiligidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi ilk o‘yinini safarda Falastinga qarshi o‘tkazadi. Mazkur uchrashuvga tayyorgarlik jarayoni boshlanishidan oldin termamiz ustozi ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi
"Bir yil katta muddat, ammo bu etarli deb ayta olmayman. Terma jamoalarda ishlaydigan murabbiylarda doimo muammolar bo‘lgan. Bu vaqt muammosidir. Bir yildan beri ishlayapman va barcha narsadan qoniqish hosil qilyapman.
Hammaga yoqish qiyin va barchaning o‘z fikri va didi bor. Lekin men hozirgi kungacha bo‘lgan narsalardan mamnunman. Optimist bo‘lgan holda ishlashda davom etishimiz kerak. Salbiy narsalarni gapirishni istamayman.
Ertadan yig‘in boshlaymiz va futbolchilar bilan kelajakdagi rejalar, oldimizdagi muammolar haqida gaplashib olamiz. Men g‘alaba qozonishni istayman. Faqatgina g‘alaba meni qoniqtiradi. Barchaga imkoniyat berishga harakat qilamiz. Men sizlarga kafolat berishim mumkin, tanlagan yo‘lim xato bo‘lsa, uni o‘zgartirishga tayyorman.
Mening ta’tilim terma jamoaga salbiy ta’sir etadi deb o‘ylamayman. Men ba’zi o‘yinlarni o‘tkazib yuborganim bor gap. Ta’til payti bo‘lgani uchun ko‘plab uchrashuvlarni o‘tkazib yubordim. Lekin Assotsiatsiyada bitta murabbiy ishlamaydi. Agar, biz qaysidir o‘yinchini o‘tkazib yuborsak, boshqalar bu haqda xabar berishadi. Shuning uchun bu yomon ta’sir qilmaydi.
O‘tgan safar ta’kidlaganimdek, hozir texnologiyalar rivojlangan. Shuning uchun o‘yinlarga ham bormasdan turib uni ko‘rish, bilish mumkin. Shuning uchun mening ta’tilim terma jamoaga yomon ta’sir qilmaydi.
Barcha jamoaning o‘z yo‘nalishi bo‘lishi kerak. Biz o‘zgarishlar qilib to‘xtab qolmaymiz. Doim izlanishda bo‘lamiz. 2 sentyabrda barcha futbolchilar terma jamoa ixtiyoriga kelib qo‘shiladi.
Biz taktikani oldindagi o‘yindagi raqibdan kelib chiqqan holda biroz o‘zgartirib turishimiz mumkin. Ammo o‘zimizning uslubdan u qadar uzoq ketmagan holda buni amalga oshiramiz.
Doim raqobat bor. Biz o‘zimizda bor resurslardan foydalanishga majburmiz. Raqobat - bu o‘yinchining darajasiga qarab o‘zgarib turadi. Shuning uchun tarkibdagi futbolchilarning hammasi yaxshi. Men futbolchilar yo‘q deb nolimaganman. Shuning uchun bor futbolchilardan o‘zimning talablarimga to‘gri keladiganini chaqirdim.
Statistikasi yaxshi futbolchilar terma jamoada har doim ham yaxshi o‘ynay olmasligi mumkin. Bu bizda va jahon futbolida ham ko‘p kuzatilib turiladi. Shuning uchun klubda yaxshi o‘ynagan hamma futbolchilarni ham terma jamoada o‘zini ko‘rsata olmasligi mumkin. Balki bu futbolchini keyinroq chaqirishimiz mumkin. Saralash bosqichlari endi boshlanmoqda. Hammasi natijaga bog‘liq. Barchasini natija ko‘rsatib beradi.
Qaysi terma jamoa bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazishn borasida assotsiatsiya bilan hamfiklikda ishlaymiz. Saralashning 2-turida dam olamiz va shu sabab Iroq terma jamoasi bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazish biz uchun yaxshi variant, degan to‘xtamga keldik.
Falastinda sun’iy maydonda o‘ynashimizga to‘g‘ri keladi. O‘yinchilarimiz uchun bu noqulaylik tug‘dirishi tayin. Sun’iy qoplamali maydonga keladigan bo‘lsak unda to‘p tepish juda qiyin. Shuning uchun biz 4-5 ta mashg‘ulotlarni sun’iy maydonda o‘ynashni mashq qildik", - dedi argentinalik mutaxassis.
Fikrlar