
Dragan Cheran: Barchaga Osiyoning eng kuchli klubi bilan bir xil darajada ekanligimizni ko‘rsata oldik
“Paxtakor” klubi Qatarda markazlashgan holda tashkillashtirilgan Osiyo Chempionlar ligasining guruh bosqichi doirasida Saudiya Arabistonining “Al-Hilol” klubiga yutqazib qo‘ydi va oldinda yana o‘sha jamoaga qarshi navbatdagi jiddiy to‘qnashuv kutmoqda. O‘yin oldidan esa, “sherlar” safida jiddiy yo‘qotish bor. Jamoa etakchisi va to‘purari Dragan Cheran ikkinchi sariq kartochka tufayli “Al-Hilol”ga qarshi ikkinchi bellashuvda maydonga tusha olmaydi.
Kuni kecha u sports.uz sayti uchun o‘sha o‘yindagi mag‘lubiyat va bo‘lajak bellashuv to‘g‘risida o‘z fikrlarini bildirdi.
- “Al Hilol”ga qarshi dastlabki o‘yin qiziqarli kechdi. Ammo uchrashuvning oxirida gol o‘tkazib, “Paxtakor” alamli mag‘lubiyatga uchradi. Hozir jamoaning kayfiyati qanday?
- Ha, “Al-Hilol”ga qarshi yaxshi o‘yin bo‘ldi. Biz ushbu uchrashuvni qizil kartochka berilgan holatgacha nazorat qilib bordik. Lekin maydonda bir kishi kam bo‘lib qolganimizdan so‘ng, asosiy e’tiborni himoyaga qaratishimizga to‘g‘ri keldi. Ko‘rgan bo‘lsangiz, ushbu bellashuv juda yuqori darajada o‘tdi. Biz Osiyo Chempionlar ligasi g‘olibiga qarshi maydonga tushgandik va o‘ylaymanki, chempionga munosib qarshilik ko‘rsatdik. Umuman aytganda, jamoadagi kayfiyat yaxshi va navbatdagi bahsga tayyorgarlik ko‘ryapmiz.
- Qizil kartochka o‘yin natijasiga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi, deb o‘ylaysizmi?
- Albatta, bir futbolchi kam holatda yarim soat o‘ynash ancha qiyinchilik tug‘dirdi. Lekin shunga qaramasdan, biz katta hajmdagi ishni bajardik, deb hisoblayman. Faqat afsuslar bo‘lsinki, oxirgi soniyalarda juda alamli golni o‘tkazib yubordik.
- O‘yinning oxirgi soniyalarida o‘tkazib yuborilgan golda darvozabon xato qildi deb o‘ylaysizmi?
- Yo‘q, o‘sha vaziyatda rekoshet bo‘lgandi. Bunday zarbaga darvozabon reaktsiya ko‘rsatishi qiyin edi. Odatda, bu kabi rikoshetli zarbalar darvozabonlar uchun juda qiyin bo‘ladi.
- Siz keyingi uchrashuvda “Paxtakor”ga yordam bera olmaysiz va bu jamoa uchun jiddiy yo‘qotish. O‘yinni tashqaridan kuzatish og‘ir bo‘lsa kerak-a?
- Afsuski, ha, men o‘sha o‘yinda ikkinchi sariq kartochkani oldim va navbatdagi uchrashuvni o‘tkazib yuboraman. Tabiiyki, tashqaridan o‘yinni tomosha qilish og‘ir bo‘ladi. Lekin umid qilamanki, jamoam kerakli natijaga erisha oladi.
- “Al-Hilol”ning bugungi darajasi “Paxtakor”nikidan kuchlimi?
- Bu borada shuni aytishim mumkinki, biz barchaga Osiyoning eng kuchli klubi bo‘lgan “Al-Hilol” bilan bir xil darajada ekanligimizni ko‘rsata oldik.
- “Paxtakor” guruhdan chiqa olmasa futbolchilar mukofot pullaridan voz kechishlari haqida aytishibdi. Bu kimdan chiqqan tashabbus va nima uchun?
- To‘g‘risi, bu haqida hech narsa bilmayman.
- Osiyo Chempionlar ligasidek jiddiy musobaqada qisqa kunlar oralig‘ida ketma-ket og‘ir o‘yinlarni o‘tkazish siz futbolchilarga katta muammolar tug‘dirmaydimi?
- To‘g‘ri, bu juda ham qiyin bo‘ladi. Lekin bizda faqat bitta maqsad bor va biz butun jamoa bo‘lib o‘sha maqsad sari birlashamiz. Muhimi, oxirigacha harakat qilamiz.
- Bir necha yillardan beri “Paxtakor” rivojlanish uchun katta hajmdagi ishlarni bajaryapti. Sizningcha, klub endi Osiyo Chempionlar ligasini yutishga qodirmi?
- Bunga asta-sekinlik bilan bosqichma-bosqich erishamiz.
- “Al-Hilol”dek raqibga qarshi ketma-ket ikki marta o‘ynash “Paxtakor” uchun qo‘shimcha qiyinchiliklarni tug‘dirmaydimi? Raqib noqulay emasmi?
- Ha, bu ko‘proq kuch oldi. Lekin bu Osiyo Chempionlar ligasi ekanligini hamda qit’aning eng kuchli jamoalari shu erdaligini unutmaslik kerak. Shu bois hech qachon bahonalar o‘tmaydi. Bunday narsalar qilish kerak emas. Biz hamisha maydonga g‘alaba uchun tushamiz.
- Qatardagi tashkilotchilik qanday? Koronavirus xavfi yo‘qmi?
- Bunday xavf yo‘q. Biz kun bo‘yi mehmonxonadamiz. Kechqurun bo‘lsa mashg‘ulotga boramiz. Mashg‘ulotimiz tugagach, darhol yana mehmonxonaga qaytyapmiz. Shu boisdan koronavirus borasida xavf yo‘q.
- OChLni yutish uchun asosiy da’vogarlar sifatida qaysi klublarni ayta olasiz?
- G‘olib haqida gapirishga hali juda erta. Bu erda bir qator yuqori saviyadagi klublar jamlanishgan. Qolganini vaqt ko‘rsatadi.
Fikrlar