
Diyor Imomxo‘jaev Sports.uz tomonidan amalga oshirilgan translyatsiya haqida: O‘FA hakamlar bo‘limidan ham qo‘ng‘iroq bo‘ldi va ...
Xabaringiz bor, kecha futbol bo‘yicha ayollar o‘rtasida O‘zbekiston Superkubogi bo‘lib o‘tdi va o‘yin Sports.uz sayti orqali jonli efirda namoyish etildi. O‘zbekiston Professional futbol ligasi Bosh direktori vazifasini bajaruvchi Diyor Imomxo‘jaev esa ushbu jarayonga o‘z munosabatini bildirib o‘tdi.
"Kecha AGMK stadionida Bunyodkor-W va Sevinch o‘rtasida O‘zbekiston Superkubogi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. O‘yinning penaltilar seriyasiga qadar etib borgani yaxshigina hayajon taqdim etdi.
SportsUz nashrida chiqqan intervyudan keyin Azamat Umarov bilan uchrashuvlar translyatsiyasi borasida fikr almashgandik. O‘sha suhbat asosida biz Superkubok uchrashuvi translyatsiyasini sinov tariqasida SportsUz’ga taqdim etdik. Natija shunchaki ajoyib. Bellashuv 4 ta kamerada tasvirga olindi va YouTube orqali jonli efirga olib chiqildi. Rejissyor kichik pult yordamida 4 ta kamera ishini boshqarib turdi.
17 mingdan ziyod prosmotr, talab darajasidagi tasvir, qisqa qilib aytganda, boshlanishi uchun yaxshi kadrlar. Uchrashuv davom etayotgan vaqtda O‘FA hakamlar bo‘limidan ham qo‘ng‘iroq bo‘ldi va ular ham translyatsiya sifatidan hayratda ekanini yashirmadi. Chunki loyiha ishtirokchilari minimal chiqim bilan maksimal natijaga erishishga harakat qildi. Buning uchun biz bilan hamkorlik qilgan SportsUz nashriga minnatdorchilik bildiramiz", - dedi Diyor Imomxo‘jaev.
Fikrlar