Deyan Jurjevich: Oilamda o‘zbekona muhit yuzaga kelgan

  • 7 dekabr, 2019, 20:45
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Serbiyalik mutaxassis Deyan Jurjevich mavsum o‘rtalarida «Navbahor»ni ma’lum muddat boshqarganidan xabardorsiz. Lekin aksiga olib uning Namangandagi faoliyati uzoqqa cho‘zilmagandi. Natijada Jurjevich iste’foga chiqarilib, o‘rniga Andrey Kanchelskis qaytarilgandi. Shundan beri serbiyalik murabbiy Toshkentda yurganligi haqida eshitgandik. Endi esa Samvel Babayan bilan birga Xitoyda ishlashi oydinlashdi. Yaqinda esa o‘zi bilan uchrashib qoldik va fursatdan foydalangan holda unga suhbatlashishni taklif qilganimizda u ijobiy javob berdi.

Tecno

- Siz bir necha yil yurtimizda ishlagan holda o‘zbek futbolini yaxshi bilasiz. Oxirgi ish joyingiz esa Namanganning «Navbahor» klubi bo‘lgan. Umuman, Namangan shahri va mahalliy klub haqida nima deya olasiz? U erda qisqa fursat ishladingiz xolos…

- Namangan – bu futbol shahridir. U erdagi muxlislar mahalliy klubni haddan tashqari yoqtirishadi. Vaziyatga doim teran nigoh bilan boqish kerak. Shaxsan men shunday hisoblayman. Men kelgunimcha jamoadagi holat qanday ediyu, kelganimdan so‘ng qay tarzda o‘zgarganligini yoddan chiqarmaslik zarur. Oxirgi yillarda «Navbahor» chempionatda yaxshiroq natijalarga erisha olmasdan kelayotgani rost. Yanglishmasam, jamoa ancha yillardan oldin chempion bo‘lgan. U erda juda yaxshi infratuzilma bor. Agar klub jiddiyroq natijalarga erishishni istasa, keng qamrovli ishlarni olib borishi kerak bo‘ladi. Agar jamoa yutsa, hamma uni ko‘klarga ko‘tarib maqtashga tushadi. Buning aksi kuzatilganda esa klub tanqidlar bo‘roni ostida qolib ketadi. Ammo masalaga bu tarzda yondashish kerak emas. O‘zingiz ta’kidlab o‘tganingizdek, Namangandagi faoliyatim uzoqqa cho‘zilmadi. Biroq shu vaqt oralig‘ida «Navbahor»ning potentsiali katta ekanligiga amin bo‘ldim. Avvalo klubni mustahkam oyoqqa turg‘azib olish kerak. Men umumiy ma’noda gapiryapman. Rivojlanishning ikkita yo‘li bor: birinchisi – inqilobni amalga oshirish. O‘zingiz ko‘rib turibsiz, arablar «Manchester Siti»ni sotib olganlaridan keyin uni jahon miqyosiga olib chiqishga erishdilar. Buning uchun katta sarmoya kerak, albatta. Ikkinchi yo‘l – bu evolyutsiya. Buning uchun yuqoridagidan farqli ravishda ozroq pul sarflanadi. Shuning asnosida yosh iqtidor egalarini diqqat bilan kuzatib borish kerak bo‘ladi. O‘zim ham klubda ishlagan paytimda xuddi Qarshining «Nasaf»ida bo‘lgani kabi ko‘proq mahalliy o‘yinchilarga imkoniyat berishga harakat qildim. Yoshlarni tarbiyalash oson ish hisoblanmaydi. Buning uchun vaqt kerak. Lekin mahalliy ishqibozlar  jamoadan har qachon yuqori natijani kutishadi va sabr qilish kerakligi haqida o‘ylashmaydi. Futbolda har qanday jamoa maydonga g‘alaba qozonish ilinjida tushadi. Namanganda raqobatbardosh klubni shakllantirish uchun hamma narsa etarli. Viloyat hokimi «Navbahor» uchun juda qayg‘uradi. Men buni ish jarayonida his qildim. Fursatdan foydalangan holda «Navbahor»dagi faoliyatim davomida menga ko‘rsatgan yordami uchun viloyat hokimi Xayrulla Bozorovga o‘z minnatdorchiligimni etkazmoqchiman. Nazarimda, jamoadagi muammo ichkarida. Aftidan, yuqoridagilarga ko‘pincha noto‘g‘ri ma’lumotlar etkazib turilgan bo‘lsa kerak. Albatta, viloyat rahbarini ham tushunish kerak. Axir uning mahalliy klubdan tashqari qiladigan ishlari etarlidan ham ortiqcha. Biroq shunday vaziyatda ham Bozorovning jamoani unutib qo‘ymagani diqqatga sazovor. Agar jamoa yutishni istar ekan, ko‘p narsani o‘zgartirishga to‘g‘ri keladi. Biz yaxshi o‘yin namoyish etishni boshlagandik. Garchi natijalar maksimal darajada bo‘lmasa-da, «Navbahor»ning o‘yinini yo‘lga qo‘yish uchun astoydil harakat qilganmiz. Aynan shu holat ham u erdagi faoliyatim uzoqqa cho‘zilmasligiga sabab bo‘ldi. Rejani tuzish chog‘ida qisqa fursatlisi deyarli bo‘lmaydi. Buning uchun kamida yarim yil yoki bir yil kerak bo‘ladi. Futbolda esa vaqt eng muhim omillardan biri sanaladi. Ammo muxlislarga natijaning yaxshi ko‘rinishda bo‘lishi doim birinchi darajali ahamiyat kasb etadi. Shu bois ular tomonidan jamoaga og‘ir bosim tushadi. «Navbahor»ga kelmasimdan oldin ham klubni o‘rganib, o‘ta talabchan muxlislarga egaligidan xabarim bor edi. Keyin esa ish asnosida bunga o‘zim to‘la-to‘kis amin bo‘ldim. Klub g‘alaba qozonar ekan, hamma bir-biriga do‘st bo‘lib apoq-chapoq bo‘lib ketadi. Mag‘lubiyatga uchragan paytingda esa qaerga qochishni bilmay qolasan. Bunday bo‘lishi kerak emas, aslida. Nima bo‘lgan taqdirda ham Namanganda vaqtimni yaxshi o‘tkazdim, deya olaman. Afsuski, hammasi bunchalik darajada tez nihoyasiga etgani meni ranjitdi. Nima bo‘lgan taqdirda ham viloyat rahbari, shahar hokimi va mahalliy ishqibozlarga o‘z minnatdorchiligimni siz orqali etkazishni lozim topdim.

jurjevich yangi 3

- «Navbahor» bosh murabbiyi sifatida ilk bor safarda «Andijon» ustidan g‘alaba qozongandinglar…

- Yo‘q, ungacha «Qizilqum»ni ham engib qaytgandik.

- Aytmoqchimanki, jamoada yaxshi ijrochilar va murabbiylar shtabi bo‘lsa-da, negadir natija yaxshi emasdi…

- Masalan, Olmaliq bilan o‘yinda ham yutqazgandik. O‘sha o‘yinda raqib darvozasi tomon 20 bor zarba berdik. Ular esa bizning darvozamizga bitta zarba yo‘llashdi, shunda ham standart vaziyatdan. O‘sha birgina zarba o‘yin taqdirini hal etdi. O‘sha bellashuvdan keyin o‘yinchilarga hammasini obdon tushuntirib berishimga to‘g‘ri kelgan. Futbolda har doim ham ustunlikka ega bo‘lgan jamoa g‘alaba qozonavermaydi. Bu o‘yin shunisi bilan ham boshqacha. Ammo yozgi tanaffus qisqa bo‘ldi va ta’tildan qaytganimizdan so‘ng ishlar o‘zimiz kutgan darajada kechmadi. Shu vaqt oralig‘ida tarkibga o‘yinchilarni qo‘shib olishimiz mumkin edi. Ammo bu masalada ham oqsadik. Cheklangan o‘yinchilar bilan katta natijalardan umid qilish amrimahol. Lekin super darajada chiqqan o‘yinlarimiz ham bo‘lgan. Men buni shunchaki misol tariqasida keltiryapman. Shunday vaziyat bo‘lganki, Aziz Turg‘unboev juda yaxshi o‘yin namoyish etgandi. Lekin bu yigit penaltidan foydalana olmagan. Shunday bo‘lsa-da, bunday paytda o‘yinchini qo‘llab-quvvatlash kerak. Aks holda u ruhan «sinib» qolishi mumkin. Shaxsan men Azizni qo‘llab-quvvatlaganman. Nafaqat Turg‘unboev, balki jamoadagi boshqa o‘yinchilar bilan munosabatim a’lo darajada bo‘lgan. Shunchaki, jamoada o‘yinni yo‘lga qo‘yish uchun vaqt kerak edi. Men ketganimdan keyin «Navbahor»ning qaerda ekanligini aytishim shart bo‘lmasa kerak. Ichki imkoniyatlardan ko‘proq foydalanish kerak. Chempionat esa uzoq davom etadi. Birinchilik mobaynida o‘yinchilarda turli muammolar kuzatilishi mumkin: jarohat, diskvalifikatsiya va hokazo. Buning uchun tarkibda etarli darajada futbolchilar bo‘lishi kerak. Aks holda muammo chuqurlashib ketadi. Namangan ahli futbolni yaxshi ko‘radi. Shunday ekan, ular sovrinli o‘rinlar uchun kurashadigan jamoaga muxlislik qilishga munosiblar.

jurjevich yangi

- Siz «Navbahor»ga kelganingizdan keyin jamoa etakchisi Oston O‘runov «Lokomotiv»ga qo‘yib yuborildi. Shunday futbolchining ketishiga kim yoki nima sabab bo‘ldi? Eshitishimcha, bunga siz sababchi bo‘lgan ekansiz…

- Yo‘q, bunday gaplarga qo‘shila olmayman. Aksincha, men yuqoridagilardan futbolchining klub bilan tuzgan shartnomasi yana qancha davom etishini so‘ragandim. Ma’lum bo‘lishicha, uning shartnomasida ketish haqidagi bir band bo‘lgan. Futbolchi esa shundan foydalanishni istagan xolos. Qolaversa, u yosh va istiqbolli futbolchidir. Biz uchun shunday ijrochining ketishi katta yo‘qotish bo‘lgan. Menimcha, hozir «Navbahor»da yosh ijrochilar unchalik ko‘p emas. Deyarli yo‘q hisobi. Bu esa klub istiqbolini so‘roq ostida qoldirishi mumkin. Axir kelajak yoshlarning qo‘lida. Yana qaytaraman: O‘runovning ketib qolishi o‘shanda biz uchun katta yo‘qotish bo‘lgan. Agar adashmayotgan bo‘lsam, uning yoshi 21 da, shundaymi? Agar o‘zing ishonch bildirgan yosh o‘yinchini ma’lum bir pozitsiyaga qo‘yib, o‘yinni tashkil etayotgan paytingda u ketib qolar ekan, rejalaring butkul izdan chiqadi.

- Oston kayfiyat o‘yinchisimi?

- Odatda yoshlar sal narsaga qizishib ketishadi. Lekin bunday qiziqqonlik yaxshi emas. Futbolchi xatolarga yo‘l qo‘yar ekan, uni kim ham yoqtirardi. Ammo murabbiy sifatida bunday paytda sabrli bo‘lishi kerak. Chunki yosh o‘yinchilar xuddi oiladagi bolakayga o‘xshashadi. Xatoga yo‘l qo‘ygan paytda esa ularni kechirish va to‘g‘ri yo‘lga solish kerak. Shaxsan men uchun u O‘zbekistondagi eng yaxshi iqtidorli futbolchi hisoblanadi.

- Namangandan ketganingizdan beri Toshkentda yurdingiz…

- Ha, shunday. Xizmatimga takliflar bor edi.

- Demak, takliflarga ega bo‘lgansiz…

- Bo‘lmasam-chi, takliflar borasida menda muammolar yuzaga kelmaydi. Shunchaki, bu erda oxiriga etkazadigan bir qancha ishlarimni hal qilmoqchi edim xolos. Birinchilik o‘z nihoyasiga etdi. Murabbiyning ishi qanday ekanligini siz jurnalistlar yaxshi bilasizlar. Ular xuddi jomadon ustida o‘tirgandek o‘zlarini his qilishadi. Bugun bu erda, ertaga esa boshqa joyga ko‘chib o‘tishlari hech gap emas. Bilasizmi, men uchun birinchi navbatda oila asosiy reja bo‘lib turibdi. Yashirmayman, O‘zbekistonda o‘zimni xuddi uydagidek his qilaman. Rafiqam ham palovingizni va yana bir qancha taomlarni qanday tayyorlashni o‘rganib olgan. Mana o‘zingiz qarang (shu payt telefonidagi suratlarni ko‘rsatadi). Ko‘rib turibsiz, ayolim palovni qoyillatib tayyorlashni o‘rganib olgan. Uyimda ham o‘zbekona muhit yuzaga kelgan, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.

jurjevich yangi2

- Namanganga kelishingizda sizga Samvel Babayanning yordam bergani haqidagi gap-so‘zlar haqiqatga qanchalik mos tushadi?

- U menga qanaqasiga yordam bersin?! Samvel Babayan bilan «Paxtakor»da murabbiy bo‘lib ishlagan paytimda tanishganman. Keyin terma jamoada ustozlik qilgan paytida men direktor lavozimida ishlaganman. Biroq «Navbahor»da ishlashimga uning ta’siri bo‘lmagan. Albatta, u bilan terma jamoada va «Paxtakor» klubida birgalikda juda yaxshi ishladik. Agar terma jamoada ishlagan kezlarda omad biroz kulib boqqanida hammasi o‘zgarib ketgan bo‘lardi. Suriya va Xitoyga qarshi o‘yinlardagi penaltilarni bir eslang. Agar Xitoydagi bellashuvni yutgan taqdirimizda jahon chempionatiga chiqqan bo‘lardik. Men uni mutaxassis sifatida juda hurmat qilaman. Ammo «Navbahor»da ish boshlashimda uning yordami bo‘lgani haqidagi gaplar…bu faqat kulgimni qistatadi. O‘shanda meni klub rahbariyati ishga chaqirgan. Bu masalada viloyat hokimi bilan maslahatlashib olganman.

- Samvel Babayan Xitoydan tushgan taklifni qabul qildi. Siz ham u bilan yana birga ishlaysiz. Bu yangilik borasida nima degan bo‘lardingiz?

- Bu juda yoqimli yangilik, albatta. Agar diqqat bilan kuzatayogan bo‘lsangiz oxirgi yillarda hamma Xitoyga yo‘l olyapti: taniqli futbolchilar, mashhur murabbiylar…Janubiy Amerika, Evropa va Afrika qit’alaridan chin yurtiga oshiqayotganlar ko‘p bo‘lyapti. Babayanning Xitoyga ishlash uchun yo‘l olishi – bu o‘zbek  futboli uchun juda yaxshi voqea. Endi xitoyliklar o‘zbekistonlik mutaxassis haqida yaqindan ma’lumotlarga ega bo‘ladilar. Yurtingizdan mutaxassisining o‘sha erda ishlashi bu juda yaxshi reklamadir. Vaziyatga shu nuqtai nazardan qarash kerak.

- «Navbahor» mavsumga Andrey Kanchelskis bilan kirishdi, keyin esa sizni olib kelishdi. Ammo oradan ko‘p o‘tmay yana Kanchelskisni ortga qaytarishdi. Bunday bo‘lishini kutganmidingiz?

- Bu xususida gapirishni istamagan bo‘lardim. Shundoq ham jamoadagi vaziyatga javob beradigan mas’ul shaxslar bor. Jamoada murabbiylar qachon almashtiriladi? Klub nobarqaror o‘yin namoyish etishga tushgan paytda. O‘z navbatida bunday o‘zgarishlar murabbiyning ishini qiyinlashtirib yuboradi. «Paxtakor»ni misol tariqasida keltirishim mumkin. U erda barqaror muhit hukm surmoqda. Shunga yarasha natija ham maksimal darajada bo‘ldi. Chempionat, Kubok va Liga Kubogida uzoqroqqa etib borish uchun jamoani shakllantirish kerak bo‘ladi. Qisqa fursatda klub o‘yinini yo‘lga qo‘yish har qanday murabbiyga ham nasib etavermaydi. Shuningdek, bunday klublarda o‘ziga xos tizim yo‘lga qo‘yilgan bo‘lmog‘i darkor. Ammo «Navbahor» masalasida hozircha bunday deyishim mushkul.

- Kanchelskis boshchiligidagi «Navbahor»ning o‘yinlarini kuzatib bordingizmi?

- Hamkasbimning ishini muhokama qilishni istamayman. Yaxshisi, bu savolingizga javob bermay qo‘ya qolay. Har bir hamkasbimni hurmat qilaman. Chunki barchamiz bir ish bilan – o‘zimizga ishonib topshiriladigan klubni boshqarish bilan shug‘ullanamiz. Murabbiyning hayoti esa oson kechmaydi. Agar biror-bir kasbdoshim muvaffaqiyatsizlikka uchraydigan bo‘lsa, bundan aslo xursand bo‘lmayman. Chunki mana shunday kun o‘zimning boshimga ham tushishi mumkin. Nafaqat Kanchelskis, balki boshqa hamkasblarimning ish falsafalari borasida qoniqarsiz fikr bildirishni o‘zimga uyat deb hisoblayman. Kanchelskisga ham, «Navbahor»ga ham faqat muvaffaqiyat tilab qolishim mumkin xolos.

jurjevich yangi5

- Mana, O‘zbekiston Superligasi bahslari ham nihoyasiga etdi. Chempionatdan olgan taassurotlaringiz qanday? «Paxtakor» muddatidan ancha oldin chempionlikni rasmiylashtirdi. Superliganing darajasi haqida nima deya olasiz?

- Nima deyishim mumkin, o‘zbek futbolining darajasi oxirgi ikki-uch yil ichida ancha pastladi. Bu bilan nima demoqchiman? Ilgari chempionlik uchun kurash oxirgi turga qadar davom etardi. Kamida uchta jamoa g‘olib chiqish uchun kurashardi. Endi esa «Paxtakor» boshqalardan bir kalla balandligini isbotlab, g‘oliblikni siz aytib o‘tganingizdek, allaqachon naqd qilib qo‘ydi. Hozir «Paxtakor»ga munosib raqiblik qiladigan jamoani ko‘rmayapman. Hozirda xuddi Haydarov, Nesterov, Jeparov, Kapadze singari yuqori darajadagi futbolchilarni ham deyarli ko‘rmayapman. Ya’ni, ularga munosib voris bo‘ladiganlari chiqmadi. Yana qaytaraman: bu mening shaxsiy fikrim bo‘lib, birinchilik saviyasi ancha pastlagan. To‘g‘risi, bunday savol bilan assotsiatsiya rahbariyatiga murojaat qilish kerak. Mutaxassis sifatida o‘zbek futbolidagi muammo haqida bilaman. Bu erda yoshlar jamoalari bilan qanday ishlash kerakligini bilishmaydi. Vaholanki, O‘zbekistonda har doim, hamma vaqt iqtidorli futbolchilar etishib chiqqan. Shunchaki, endi natija birinchi o‘ringa chiqib qolgani uchun hammasi barbod bo‘lyapti. Yoshlarga e’tibor qaratish kerak. Shuningdek, u erda mashg‘ulot jarayoni, futbolchining o‘sishiga alohida e’tibor qaratish maqsadga muvofiq bo‘lardi. Agar futbolingiz darajasi Evropaga yaqinlashsa juda yaxshi bo‘lardi. Ammo bu oson emas.

- O‘zbek murabbiylari orasida yaqin tanishlaringiz, do‘stlaringiz bormi?

- Murabbiylar bir-birlarini hurmat qilishlari kerak. Men imkon qadar shunga amal qilaman. Murabbiyning ishi esa juda og‘ir. O‘z navbatida ishqibozlar murabbiylar o‘rtasidagi munosabatga real ko‘z bilan boqishlari maqsadga muvofiqdir. O‘zbekistondagi faoliyatim davomida biror-bir hamkasbim bilan xafalashib yoki talashib-tortishib qolganimni eslay olmayman. Agar murabbiylarni birlashtiradigan tashkilot tuzilsa, bu juda yaxshi ish bo‘lardi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Surxon turon
08/12/2019 07:54
Бу яна локони кӯзлаяптими дийман