
Davron Fayziev: "To‘g‘ri, oxirgi 10 daqiqada durang uchun o‘ynadik"
Superliganing 17-turida “Metallurg” –“Qo‘qon-1912” (0:0) o‘rtasidagi uchrashuvidan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida mehmonlar bosh murabbiyi Davron Fayziev savollarga javob qaytardi.
- Avvalo, O‘zbekiston xalqini Mustaqilligimizning 31 yillik bayrami bilan tabriklayman. 17-turning oxirgi o‘yinini yakunlab berdik. Bugun qo‘l ostimda 4-o‘yinni o‘tkazgan bo‘lsak, balki jamoam birinchi bo‘limda eng yomon o‘yinni namoyish etgan bo‘lishi mumkin. Ikkinchi bo‘limda guvohi bo‘lganlaringdek, oxirigacha qiziqarli kechdi. Yutqazish ham, yutish ham mumkin edi. Lekin durang adolatli natija bo‘ldi, deb o‘ylayman. Ikkala jamoada ham 100 foizli imkoniyatlar bo‘ldi. Oxirgi nuqtani qo‘yadigan o‘yinchi topilmadi. Qisqasi, ikkala jamoa ham yutqazishni xohlamadi. Klublarning maydonga g‘alaba uchun tushganligi bilinib turdi. Bizga ko‘proq kerak edi. O‘z yo‘limizda yurishni davom ettiramiz. Lekin oxirgi uchrashuvlarda g‘alabaga yaqin kelib durang qayd etish kim uchundir qoniqarlidir, kim uchundir qoniqarli emasdir. Men uchun murabbiy sifatida qoniqarsiz. Bugun kamchiliklarimiz ko‘zga ko‘rindi.
- Jamoada etakchilarning jarohat sababli maydonda yo‘qligi yaqqol sezilyapti. 10 kunlik tanaffusda ularning safga qaytish imkoniyati bormi?
- Oldingi uchrashuvlarda Andrey Sidorov, Anvar Hojimirzaev va Javohir Sidiqovlar masalasida yo‘qotishlarga duch keldik. Ularning o‘rnini to‘ldirishga harakat qildik, baribir o‘rni bilindi. 9 sentyabr kuni AGMK bilan bo‘ladigan o‘yinga o‘ylaymanki, Sidiqov bilan Sidorov qaytishadi. Hojimirzaevga yana biroz vaqt kerak. Shifokorlarimiz yana 15 kunlar atrofida uni umumiy mashg‘ulotga chiqish imkoniyatini kam deb aytishdi.
- Sizning boshqaruvingizdagi “Qo‘qon-1912” yaxshi taassurot qoldirib kelayotgandi. O‘zingiz aytganingizdek, bugun birinchi bo‘limda jamoangizni tanib bo‘lmadi. Bunga nima sabab?
- To‘g‘risini aytganda, tayyorgarligimiz biroz noto‘g‘ri bo‘ldi. Muammolarimiz o‘zimizga yarasha etarli bo‘ldi. Ammo buni ro‘kach qilishni xohlamayman. Bu faqat ichki muammoimiz va ozroq shuning ta’siri bo‘ldi. Toshkentda tayyorgarlik ko‘rdik, masalan maydon tomonlama qiynaldik. Futbolchilarni tiklashda ham ancha qiyinchiliklarga duch keldik. Yashirishning hojati yo‘q, bizda biroz vitaminizatsiyalar ham yo‘q bo‘ldi, deb aytsam to‘g‘ri bo‘ladi. To‘g‘ri, birinchi bo‘limda boshqaruvimdagi eng yomon o‘yinni o‘tkazdik, buni tan olish kerak. Ikkinchi bo‘limda o‘yin ancha tenglashdi. O‘yinchilarni almashtirishda ham shoshilinch qaror qabul qilmadik. Zaxiramizda o‘yinni kuchaytiradigan futbolchi kam edi. Bugungi bahsda ko‘proq himoya orqali o‘yin ko‘rsatishga harakat qildik. O‘z imkoniyatlarimizni kutdik, vaziyatlar bo‘ldi, afsuski amalga oshmadi.
- O‘yin oxirlarida jamoangiz ochiqchasiga durang uchun o‘ynadi. Nima uchun?
- Biz uchun har bir ochkoimiz oltinga teng. To‘g‘ri aytyapsiz, oxirgi 10 daqiqada biz bir ochko uchun harakat qildik. Buni o‘zim ham o‘yin davomida yigitlarga uqtirdim. Balki biz murabbiylar va klub rahbarlari futbolchilarga ozroq bosim o‘tkazayotgan bo‘lishimiz mumkin. Chunki bizga g‘alaba kerak. Uchrashuvdan oldin yigitlarga bir marta bo‘lsa ham nolga o‘ynanglar, oldinda albatta gol urish uchun imkoniyat bo‘ladi, deb ko‘rsatma bergandik. Mana, gol o‘tkazmadik, ammo o‘zimiz ham gol ura olmayapmiz. Shuning uchun oxirgi 10 daqiqada hech ikkilanmasdan durang uchun harakat qildik.
Fikrlar