Cheran bu natijani takrorlagan chempionatimiz tarixidagi to‘rtinchi hujumchi!

  • 5 dekabr, 2020, 09:54
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Dragan Cheran o‘tgan mavsumda 23 ta gol bilan to‘purar bo‘lgach, yangi mavsumda ham yana o‘sha sermahsulligini ko‘rsata olarmikin, degan savollar bildirilgandi. Mana, sizga javob: Cheran yana to‘purar, bu safar unga 21 ta gol urish kifoya qildi. Boshqa hech kim “Paxtakor”ning serbiyalik hujumchisiga bas kela olmadi, hech kim! 

Tecno

Shu o‘rinda, chempionatlardagi to‘purarlarga bog‘liq ayrim qiziq faktlar haqida to‘xtalib o‘tsak. Shu paytgacha uchta hujumchi ketma-ket ikki yil to‘purarlikni hech kimga bermagan. Aniqrog‘i, 1995 va 1996 yillarda Oleg Shatskix "Navbahor" tarkibida 26 hamda 23 ta, 1996 va 1997 yillarda Ja’far Irismetov “Do‘stlik” safida  23 hamda 34 ta gol bilan to‘purar bo‘lgan. Keyin esa 2003 va 2004 yilgi mavsumlarda “Navbahor” goleadori Shuhrat Mirholdirshaev ham 26 hamda 31 ta  gol bilan eng yaxshi to‘purar bo‘lgandi.

Ana shundan beri Cheran bu natijani takrorlay oldi. O‘tgan yili 23 ta goli bilan tengsiz ekanini ko‘rsatganida, balki ushbu mavsumda ham uni yana bir karra to‘purarlik shohsupasiga ko‘tarilishiga ishonmaganlar bo‘lgandir. Cheran esa buni uddaladi.

Yana bir gap. Olti nafar xorijlik o‘yinchi O‘zbekiston chempionatida to‘purar bo‘la olgan. Dastlab, jahonning eng yaxshi futbolchilaridan Rivaldo 2009 yili “Bunyodkor”da 20 ta gol urdi va ilk bor chempionatimizdagi legioner to‘purarga aylandi. Keyinchalik Trifunovich, Pishur, Gevorkyan, Bezerra kabi chetdan kelgan o‘yinchilar gol urish bobida sermahsullik namoyish etdilar. Cheran chempionatimizda to‘purar bo‘lgan oltinchi xorijlik futbolchi hisoblanadi.

To‘purarlar orasida eng ko‘p gol urgan hujumchi kimligini bilsangiz kerak-a? 2000 yili Ja’far Irismetov “Do‘stlik” tarkibida 45 ta gol muallifiga aylangan. Shundan beri uning rekordini hech kim takrorlay olmayapti va hatto yaqiniga ham kela olmayaptilar. Eng kam gol urib to‘purar bo‘lgan hujumchilar ikkita – Nosir Otaqo‘ziev bilan Alisher Xoliqov. 2010 yilgi mavsumda ularning qo‘shto‘purar bo‘lishiga bor-yo‘g‘i 13 ta gol etarli bo‘lgan. Qiziq Superligada sarguzashtlarini davom ettirayotgan Dragan Cheranning parvozi yana qachongacha davom etarkin? Darvoqe, u 33 yoshni qarshi oldi va shunda ham yuqori sport formasini saqlab kelayotgani ahamiyatlidir. Yangi mavsumda nima bo‘lishini esa vaqt ko‘rsatadi. Ammo oxirgi uch yildan buyon to‘purarlik xorijlik futbolchilarga nasib qilyapti. Qiziq, qani o‘zimizning hujumchilar?

O‘zbekiston chempionatlaridagi barcha to‘purarlar ro‘yxati:

Yil      Futbolchi                      Klubi        Gollari

1992    Valeriy Kechinov             “Paxtakor”    24

1993    Rustam Do‘rmonov             “Neftchi”       24

1994    Ravshan Bozorov              “Neftchi”       26

1995    Oleg Shatskix                  “Navbahor”    26

1996    Ja’far Irismetov         “Do‘stlik”      23

           Oleg Shatskix                “Navbahor”      23

1997    Ja’far Irismetov        “Do‘stlik”       34

1998    Igor Shkvirin             “Paxtakor”      22

           Mirjalol Qosimov       “Paxtakor”       22

1999    Umid Isoqov                  “Neftchi”        24

           Baxtiyor Hamidullaev     “Andijon”      24

2000    Ja’far Irismetov         “Do‘stlik”       45

2001    Umid Isoqov                 “Neftchi”          28

2002    Baxtiyor Hamidullaev       “Andijon”    22

2003    Marsel Idiatullin         “Qizilqum”    26

          Shuhrat Mirholdirshaev    “Navbahor”    26

2004    Shuhrat Mirholdirshaev   “Navbahor”    31

2005    Anvar Soliev                   “Paxtakor”    29

2006    Pavel Solomin                  “Traktor”    21

2007    Ilhom Mo‘minjonov           “Quruvchi”    21

2008    Server Jeparov              “Bunyodkor”    19

2009    Rivaldo                           “Bunyodkor”    20

2010    Alisher Holiqov                 “Neftchi”    13

          Nosir Otaqo‘ziev                “Olmaliq”    13

2011    Milosh Trifunovich          “Bunyodkor”    17

2012    Anvar Berdiev                   “Neftchi”    19

2013    Oleksandr Pishur            “Bunyodkor”    19

2014    Artur Gevorkyan                   “Nasaf”    18

2015    Igor Sergeev                 “Paxtakor”    24

2016    Temurxo‘ja Abduholiqov  “Lokomotiv”    22

2017    Marat Bikmaev                “Lokomotiv”    27

2018    Tiagu Bezerra                   “Paxtakor”    17

2019    Dragan Cheran                    “Paxtakor”    23

2020    Dragan Cheran                    “Paxtakor”    21

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!