
Chempionat tugadi! Kimdir qolmoqchi, kimdir ketmoqchi... yoxud legionerlarimizga oid yangiliklar bor
O‘z omadini chetda izlab yurgan futbolchilarimizning taqdiri doim bizni befarq qoldirmagan. Kim qaerda to‘p surishidan qat’iy nazar o‘zbekistonlik har qanday o‘yinchining qayd etgan natijalari bizni bee’tibor qoldirmaydi.
Xabaringiz bor, bir qancha yurtdoshlarimiz chetda legioner sifatida faoliyat olib borishyapti. Masalan, Osiyoning turli mamlakatlarida o‘zbekistonlik futbolchilarni uchratish mumkin. Tailand chempionatida ham legionerlarimiz borligini bilasiz. Endilikda ularga taalluqli ayrim yangiliklar yo‘q emas. Bu safar Tailand tomonlarga nazar tashlaymiz.
Kecha Tailandda “Tay” ligasi nihoyasiga etdi. Ma’ulmki, u erdagi chempionatda ikki nafar hamyurtimiz – Sardor Mirzaev bilan Artyom Filiposyan to‘p surishdi. Ularning klublaridagi natijalari turlicha bo‘ldi.
Sardor Mirzaevga yangi shartnoma taklif qilishmoqchi
Bu futbolchining imkoniyatlarini barchamiz yaxshi bilamiz-a? Mirzaev Tailandning “Muangtong Yunayted” jamoasiga 2020 yili qo‘shilgan. O‘tgan vaqt davomida hamyurtimiz klubning etakchilaridan biriga aylandi. Bu yilgi mavsumda ham Sardor jamoasida muhim figuralardan biri bo‘ldi. Darvoqe, kecha Tailand chempionati yakunlandi va oxirgi turda “Muangtong Yunayted” o‘z maydonida “Patum Yunayted”ni 1:0 hisobida mag‘lub etdi. Qizig‘i shundaki, “Patum Yunayted” yakuniga etgan Tailand chempionatida birinchi o‘rinni egalladi. “MYu”ga qarshi uchrashuvgacha esa “Patum Yunayted” hammasini hal qilib, chempionlikni rasmiylashtirib bo‘lgandi. Qolaversa, bu jamoaning hisobida hali mag‘lubiyat yo‘q edi. Aynan Mirzaev jamoasiga qarshi kechgan bahsda “Patum” Tailand chempionatidagi ilk mag‘lubiyatini qabul qilib oldi. Lekin ushbu oxirgi bellashuvda Sardor Mirzaev maydonga tushmadi. Buning sababini u quyidagicha izohladi:
- Ha, biz birinchi o‘rindagi jamoani yutdik va shu bilan chempionat ham tugadi. Lekin men bu uchrashuvda o‘ynamadim. Oyog‘imda biroz og‘riq bor edi. Buning ustiga bu bahs ahamiyatsiz bo‘lib qolgandi. Endi oldimizda Kubok bahslari bor. 3 aprel kuni chorak finalda ishtirok etamiz. Bu bitta o‘yindan iborat. Yutsak yarim finalga chiqamiz. Kubok musobaqasi 15 aprelgacha yakunlanadi, - dedi sports.uz muxbiriga.
Shuni aytish kerakki, “Muangtong Yunayted” Tailand chempionatida 30 ta o‘yin o‘tkazib, shundan 14 ta g‘alaba 5 ta durang va 11 ta mag‘lubiyat qayd etib 47 ochko jamg‘arib 7-o‘rinni band etdi. O‘zi aytib o‘tganidek, endi jamoasi bilan Tailand Kubogiga jiddiy e’tibor qaratishadi. Sardor Mirzaevning oyog‘idagi kichik jarohat tufayli ham murabbiylar tavakkal qilib uni o‘yinga qo‘yishmagan va Kubok bahslariga asrashgan desak haqiqat bo‘ladi.
Shu o‘rinda Sardor Mirzaevning keyingi rejalari bizni qiziqtirayotgani rost. Bu futbolchi odatda ko‘p ham jamoa almashtiravermaydi. Bungacha u o‘zimizning chempionatda “Neftchi” bilan “Lokomotiv”da bir necha mavsum to‘p surgan. “Muangtong Yunayted” esa uning faoliyatidagi uchinchi klub hisoblanadi. Mirzaevning klubdagi ishtirokini qoniqarli baholash mumkin. U chempionat davomida 24 tadan ziyod uchrashuvlarda maydonga tushdi. Shuningdek, Sardor 14 ta gol urdi, shularning 13 tasini chempionat bahslarida, 1 tasini Kubokda kiritdi. Oldinda yana Kubok uchrashuvlari borligini hisobga olsak, balki uning gollari yana ortishi mumkin. Bundan tashqari, Mirzaev Tailand chempionatida 9 ta assistent vazifasini ham bajardi. Legionerimiz u erdagi keyingi taqdiri qanday bo‘lishi haqida shunday dedi:
- Kubok bahslaridan keyin biz uchun ham rasman chempionat yakuniga etadi, yangi mavsum avgust oyidan boshlanadi. Mening klub bilan tuzgan shartnomam shu yilning dekabr oyida tugaydi. Jamoam esa hozirdanoq menga yangi shartnoma bermoqchi. Agar ikki tomonni qanoatlantirsa, bitimni yana uzaytiramiz, - dedi Mirzaev.
Artyom Filiposyan ortga qaytmoqda
U erdagi ikkinchi legionerimiz Artyom Filiposyanga ham alohida to‘xtamalmasak bo‘lmaydi. Ma’lumki, ushbu o‘yinchi o‘tgan yilning dekabr oyida sobiq klubi – “Prachuap” klubiga qaytdi. Bunga sabab shuki, bu jamoa chempionatda biroz qiyin ahvolga tushib qolgandi. Natijada tarkibni kuchaytirish va ayniqsa, himoya chizig‘ini mustahkamlash maqsadida Filiposyanni ortga qaytarishga erishdilar.
Ilgari futbolchimizning o‘yinlarini ko‘rgach, qanday imkoniyatlarga ega ekanligini “Prachuap”dagilar yaxshi bilishardi. Natijada klub chempionat yakunida 10-pog‘onani egallab, kuchlilar safida jon saqlab qolishning uddasidan chiqdi. Kutilganidek, Artyom jamoasining asosiy tarkibidan muqim joy egalladi. To‘g‘ri, “Prachuap” oxirgi turda o‘z maydonida “Bangkok Yunayted”ga 0:1 hisobida yutqazib qo‘ydi. Ammo bu klubning turnir jadvalidagi o‘rniga ta’sir ko‘rsatmadi. Bu borada futbolchi sports.uzga quyidagilarni aytdi.
- “Prachuap” bilan shartnomam 31 mart kuni tugaydi. Kubok bahslarida bizning jamoa birinchi davrada chiqib ketgandi. Shu sababli biz uchun mavsum tugadi. Xudo xohlasa, 4 aprelda O‘zbekistonga qaytaman. Hozir rejalar haqida o‘ylamayapman. Bilasiz, 3 yildan beri chetda o‘ynayapman. Endi uyda yaqinlarim bilan birga bo‘lmoqchiman. Qolganini vaqt ko‘rsatadi. To‘g‘risi, “Prachuap”ga kelib yordam berganimdan bu erdagilar juda xursand. Chunki men ikkinchi davrada kelgandim. O‘shanda klub oxirgi o‘rinda edi, endi esa 10-o‘rinni egalladik, - deya fikrini yakunladi, futbolchi.
Fikrlar